O‘zbekistonda MMA erasi boshlanmoqda!

  • 26 may, 2021, 22:42
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Saytimiz nafaqat futbol, balki boshqa sport turlarini ham keng yoritib borayotganidan xabaringiz bor. Shu bois, MMA assotsiatsiyasining Surxondaryo viloyati ijrochi direktori janglarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga olib chiqish maqsadida bizni vohaga chorladi. Bundan avval hamkasblarim ushbu sport turidagi bir nechta translyatsiyalarni omadli amalga oshirgani uchun aralash jang ishqibozlari e’tirofiga tushgan edik. Taklif qabul qilindi.

Tecno

Biror bir sport turini yangi darajaga olib chiqish uchun saviyali musobaqalar tashkil etilishi kerak. Bir kechaning o‘zida 17 jang ro‘yxatga kiritilgan turnirni o‘tkazish uchun qancha mehnat talab etilishini tasavvur qilib ko‘ring! Men SPORTS.uz ning suratga olish uchun Surxondaryoga jo‘natilgan jamoasidan joy oldim. Safarimiz har qachongidan qiziqroq o‘tdi. Ochig‘i, bu maqola sizga erish tuyulishi mumkin, lekin tashkiliy ishlar bilan shug‘ullangan xodimlarning mehnatini e’tirof etish kerak, deb hisobladim.

photo_2021-05-26_22-39-31

MMA O‘zbekistonda endigina rivoj topayotgan sport turi. Uning qonun qoidalari, shartlari va boshqa talablari bilan muxlislarning barchasi xabardor, deb bo‘lmaydi. Boz ustiga, aralash jang san’ati yurtimizda rasman musobaqalar o‘tkazayotganiga ham ko‘p bo‘lmadi.

Quvonarlisi shundaki, ushbu sport turi yangi marralarni zabt etishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. "Hokim kubogi"dagi bir omilga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Matbuot anjumani, Surxondaryodagi yangi ochilgan promoushen (VVFS), yaxshi ishlagan reklama kampaniyasi va boshqa ko‘plab detallar birgalikda saviyali musobaqani tashkil etishga ko‘mak berdi. Ayniqsa, Surxondaryo MMA assotsiatsiyasi rahbari - Shavkat Mo‘minov hamda sobiq dzyudochi Shokir Mo‘minov barcha ishning tepasida bosh-qosh bo‘lgani tahsinga sazovor.

Turnirga tashrif buyurgan qo‘shni Respublika jangchilari ham yurtiga bir olam quvonch bilan qaytib ketdi. Biz Afg‘onistondan kelgan sportchilar bilan bir necha bor suhbat qurdik. Ingliz tilida yaxshi so‘zlasha oladigan yigitlar yurtimizdagi bu sportga bo‘layotgan e’tibor haqida iliq fikrlarni bildirdi. Shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston singari davlat vakillari ham musobaqaning tashkiliy ishlaridan mamnun ekanligini yashirib o‘tirmadi. Jurnalist uchun o‘z vatani haqida qo‘shnilardan iliq so‘zlar eshitishdan yoqimlisi bo‘lmaydi.

photo_2021-05-26_22-39-37

 Endi musobaqa haqida. Tashkilotchilar imkon qadar barchasini muxlislar uchun qulayroq qilishga intildi. Janglar orasida interval kichik, oktagon tribunaga yaqin joylashtirildi, butun shahar bo‘ylab ilingan reklama bannerlari yakunda o‘z so‘zini aytdi. O‘ylashimcha, o‘sha oqshom Termizdagi barcha MMA ishqibozlari Amfiteatrga tashrif buyurdi. Mahalliy sportchilarimiz esa, vatanimiz bayrog‘ini elkaga tashlagancha oktagonga chiqib kelayotganini ko‘rganimda, yuragimda faxr tuyg‘usi paydo bo‘ldi. "Termiz-2021" bir yo‘la bir nechta jangchilarimiz uchun MMA olamidagi debyutini o‘tkazish imkonini yaratdi. Ularni tomosha qilgan ("Surxondaryo" telekanalida ham takroran janglar namoyish etildi) bolalarda sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqish oshgani aniq.

Hozir, yoshlarning vaqtini keraksiz ishlarga sarf qilishni oldini olish maqsadida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Oliygoh va maktablarda tushuntirish ishlari olib boriladi. "Hokim kubogi" esa, bu so‘zlarni amaldagi isboti bo‘ldi. Minglab bolalar akalari O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib turganini ko‘rgach, shu sport bilan hech bo‘lmasa bir bor shug‘ullanib ko‘rishni istagani aniq.
Shu o‘rinda yana bir muhim detal. Assotsiatsiyasidagi deyarli barchaga MMA begona emas. Kimdir janglarda ishtirok etgan bo‘lsa, yana kimlardir hakam sifatida ish olib borgan. Umuman olganda, o‘z sohasini yaxshi ko‘radigan fidoiy insonlar. Tashkilotchilar mehmon sportchilardan tortib, bizga ham kerakli barcha sharoitni yaratib berishdi. O‘ylashimcha, MMA tez orada O‘zbekistondagi eng taniqli sport turiga aylanadi. Sababi, uni o‘z ishining chinakam fidoiylari tepaga olib chiqish uchun mehnat qilmoqda. Ishlar shu tempda davom etsa, aralash jang san’ati ravnaq topadi. So‘zlarimni eslab qoling. Yillar o‘tgach, biz MMA bo‘yicha dunyoning eng oldi mamlakatiga aylanishimiz mumkin. Asosiysi harakatdan to‘xtab qolmaslik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!