
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlik yanada rivojlanadi
Ayni kunlarda O‘zbekiston delegatsiyasi sport sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, sohaga ajratilayotgan mablag‘larning samaradorligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan normativ hujjat loyihasini ishlab chiqishda xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish maqsadida xorijiy tajribalarni o‘rganmoqda. Shu maqsadda kuni kecha mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolarining vengriyalik hamkasblari bilan uchrashuvi tashkil etildi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Manbaga ko‘ra, ikki davlat sporti taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadigan mazkur tadbirda quyidagi masalalar muhokama qilindi:
- Jismoniy tarbiya va sport sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish;
- Vengriya sport vazirligining Moliya departamenti faoliyati, yirik musobaqalar va tizim tashkilotlarini moliyalashtirish hamda ularning faoliyati bo‘yicha moliyaviy nazoratni amalga oshirish mexanizmlarini o‘rganish;
- Nufuzli sport musobaqalariga sportchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonlarini tashkil etish hamda bu boradagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish mexanizmlari bilan joyida tanishish;
- Tizim tashkilotlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritish taktikasi hamda ularning o‘zini-o‘zi moliyalashtirish mexanizmlarini ko‘rib chiqish.
Bundan tashqari, Budapeshtdagi uchrashuv doirasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, shuningdek, ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida birgalikda ishlash, qolaversa xalqaro maydonlarda muvaffaqiyatga erishish borasida ham hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston delegatsiyasi ayni vaqtda Ozarbayjonda bo‘lib turibdi.
Fikrlar