O‘zbekiston ulkan hurmatga loyiq! Portugaliya ustozi Martines yana nimalar dedi?
2026 yilning 11 iyunidan 19 iyuligacha uch mamlakat – AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlari mezbonlik qiladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatining 48 ishtirokchisi 12 ta guruhga bo‘lindi.
Hozirga qadar 42 mamlakat milliy terma jamoalari mundial yo‘llanmasini naqd qilgan. Qolgan olti ishtirokchi mart oyida aniqlanadi.
O‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasining hozircha ikkita raqibi aniq. Bular Krishtianu Ronaldu etakchiligidagi Portugaliya va Xames Rodriges boshchiligidagi Kolumbiya terma jamoalaridir.
“K” guruhining to‘rtinchi vakili Kongo Demokratik Respublikasi, Yamayka va Yangi Kaledoniya terma jamoalari o‘rtasidagi saralash o‘yinlaridan keyin ma’lum bo‘ladi.
Portugaliya terma jamoasi Krishtianu Ronaldu qatnashadigan so‘nggi jahon chempionatida chempionlik uchun kurashadi. Portugaliklik 40 yoshli to‘purarni pensiyaga jahon kubogi bilan kuzatish maqsadida mundialda tish-tirnog‘i bilan kurashadi. Jahon chempionligi Ronaldu zabt etolmagan eng baland va yagona cho‘qqi hisoblanadi.
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines qur’a natijalaridan keyin guruhdagi raqiblar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Portugaliya va Kolumbi terma jamoalarining o‘zaro uchrashuvi alohida ahamiyat kasb etadi. Men bu uchrashuvni faxr va hayajon bilan kutyapman.
Fabio Kannavaro bosh murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ulkan hurmatga loyiq!
Pley-offdan mundialga chiqadigan terma jamoalar esa, har doim o‘zgacha ishtiyoq bilan o‘ynaydi, - dedi Roberto Martines kvartetdagi raqib jamoalar haqida.
Ta’kidlash joizki, Portugaliya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi turida o‘zaro to‘qnash keladi. Bu uchrashuv 23 iyunga belgilangan.
Futbolchilarimiz jahon chempionatidagi tarixiy birinchi o‘yinini 17 iyun kuni eng kuchli terma jamoalardan hisoblangan Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
So‘nggi bahs – 27 iyunda pley-offdan muvaffaqiyatli o‘tgan terma jamoa bilan bo‘ladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari orasida portugaliyalik futbol yulduzlari bilan do‘stona munosabatga ega o‘yinchilar bor.
Xususan, Jaloliddin Masharipov Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubida Krishtianu Ronaldu bilan elkama-elka to‘p tepgan. Qolaversa, hamyurtimiz jahon futboli yulduziga o‘zining 7-raqamini tortiq etgan edi.
Bugungi kunda eng mashhur o‘zbek futbolchisiga aylangan Abduqodir Husanov bo‘lajak mundialda “Manchester Siti”dagi uch nafar jamoadoshiga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keladi.
“Shaharliklar” sardori Bernardu Silva, Mateush Nunesh va Ruben Diash Abduqodir bilan yaxshi munosabatda. Qolaversa, Mateush Nunesh o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasida, Ruben Diash esa, markaziy himoyachi sifatda “Manchester Siti”ning asosiy tarkibiga kirish uchun kurashda Husanovning raqobatchisi hisoblanadi.
Husanov “JCh-2026”ni boshlamay turib rekord o‘rnatdi!
“Manchester Siti” Husanovning jahon chempionatida ishtirok etishiga qanday munosabat bildirdi?
Endi bor umid Shomurodovdan! “Bashakshehir”da katta yo‘qotish
Bu xatodan keyin Gvardiola Husanovni asosiy tarkibga qaytarishi shart



Fikrlar