O‘zbekiston terma jamoasi Argentina va Ispaniyadan yaxshiroq natija qayd etib kelmoqda!

  • 11 sentabr, 2024, 07:00
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"JCh-2026" saralashi doirasidagi Qirg‘iz Respublikasi hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tdi va unda vakillarimiz 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. 

Tecno

Joel Kojo hisobni ochgan bo‘lsa, Shomurodov navbatdagi hujumning o‘zidayoq muvozanatni tikladi. 35-daqiqada Odiljon Abdurahmonov qo‘shnilarimizni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, Aliqulov tenglashtiruvchi, O‘runov esa g‘alaba golini kiritdi. 

Shu tariqa, "oq bo‘rilar" ikkinchi turda ham 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. 

Uchrashuv davomida O‘zbekiston terma jamoasi ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratdi va raqibdan ustun ekanligini statistikada ham namoyon etdi. Jumladan, hamyurtlarimiz uchta yaqqol golli vaziyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, raqib darvozasi tomon jami 17 ta zarba yo‘lladi. Burchak zarbalari, to‘p nazorati borasida ham ustunlik bizda edi. Faqatgina qo‘pollik va sariq kartochkalar borasida ko‘rsatkichlarimiz biroz salbiy. 



Taniqli portal "SofaScore" portaliga ko‘ra, ushbu bellashuvning eng yaxshi futbolchisi deb Eldor Shomurodov tan olindi. U 8.4 ballga loyiq ko‘rildi. Quyida boshqa futbolchilarga ham qo‘yilgan ballar bilan tanishing: 



Ta’kidlash kerak, guruhimizdagi qolgan uchrashuvlarda KXDR va Qatar murosa ko‘chasini tanladi (2:2). Eron esa BAAni minimal hisobda taslim etdi (1:0). Ikki uchrashuvda maksimal ochko to‘plagan forslar va O‘zbekiston ayni damda guruh peshqadami hisoblanadi. 



Qayd etish lozim, so‘nggi bora O‘zbekiston terma jamoasi roppa-rosa bir yil avval, aniqrog‘i 2023 yilning 10 sentyabr kuni AQSh terma jamoasiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Vea, Pepi hamda Pulishichning gollari shimoliy amerikaliklarga yirik g‘alabani taqdim etgandi. 



Garchi, terma jamoamiz Qatarga Osiyo Kubogi chorak finalida mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etgan bo‘lsa-da, asosiy vaqtda durang natija qayd etilgan va qatarliklar penaltilar seriyasida zafar quchgan. Bunday holatda mag‘lubiyat statistikada qayd etilmaydi. 

"JCh-2026" saralashi ikkinchi va uchinchi bosqichi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi jami 8 ta o‘yin o‘tkazdi. Ularning 6 tasida g‘alaba va 2 tasida durang natija qayd etilgan (har ikkisi Eron bilan). 

Keyingi uchrashuvni O‘zbekiston terma jamoasi forslarga qarshi 10 oktyabr kuni o‘tkazadi. 



O‘zbekiston terma jamoasi ayni damda terma jamoalar g‘alabali seriya borasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. Termamiz 18 uchrashuvdan buyon mag‘lub bo‘lmayapti. Ma’lumot uchun, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha vakillarimiz Senegal (14 o‘yin), Argentina (12 o‘yin), Ispaniya (12 o‘yin) va Sloveniya (12 o‘yin) kabi nomdor terma jamoalardan yaxshiroq natija qayd etyapti. 


 

Karim Xudayqulov 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!