O‘zbekiston sport olamidagi yilning eng yaxshilari aniqlandi
8-29-30 dekabr kunlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Esports Uzbekistan, Full Level Esports hamda UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yangi yilga sport bilan!” shiori ostidagi ommaviy sport festivali bo‘lib o‘tdi. Bugun «Bunyodkor» stadionida mazkur tadbirning tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Ushbu tadbir davomida yurtdoshlarimiz yilning yirik loyihalari – shaxmat bo‘yicha onlayn O‘zbekiston chempionati hamda kibersport bo‘yicha “Uzbekistan Online Cup” musobaqalarining Grand Final g‘oliblarini bilib olishdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha onlayn O‘zbekiston chempionatida birinchilikni Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi 10 yoshli Humoyun Bekmurodov qo‘lga kiritdi va “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

Shuningdek, umumiy jamg‘armasi 100 million so‘mdan ziyod bo‘lgan kibersport musobaqasi g‘oliblariga ham sovg‘alar topshirildi.
Kunning eng kulminatsion voqeasi – murakkab sharoitda kechgan 2020 yilning “Eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasi g‘olibini aniqlash bo‘ldi. Unda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, joriy yil faoliyatida ilk bor Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi yirik musobaqada zafar quchgan Davlat Bobonov ushbu sovringa munosib ko‘rildi.
Qolgan nominatsiyalarda g‘oliblar quyidagicha ko‘rinish oldi:
“Yilning eng yaxshi murabbiyi – Roman Shakirov, sambo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi;
“Yilning eng yaxshi sport shifokori” – Sunnatilla Yo‘lchiev, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi sport travmatologi;
“Yilning eng yaxshi sport tashkiloti” – O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi.

Taqdirlash marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, shuningdek, sport sohasidagi boshqa mutassadilar ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olganlar Prezidentimizning kechagi murojaati yurtdoshlarimizning ertanggi kunga bo‘lgan ishonchini oshirganini alohida aytib o‘tishdi. Bu o‘z navbatida oldinda turgan muhim yil davomida sport sohasi vakillarining zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.
Manba: Olympic.uz



Fikrlar