
O‘zbekiston qay tarzda g‘alaba qozondi? Timur Kapadzening topqirligi
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi yurishini boshladi. Kvartetimizdagi Suriya va Afg‘oniston musobaqaga tashrif buyurmadi. Natijada guruhimizdagi Gonkong bilan 1-o‘rin masalasini hal etish uchun ikki bor o‘yin o‘tkazilishi belgilandi.
Bugun ushbu to‘qnashuvning dastlabkisi bo‘lib o‘tdi. Xitoyning Xanchjou shahridagi “Shangcheng Sports Centre Stadium”da Timur Kapadze shogirdlari Gonkong bilan kuch sinashdi.
Bu terma jamoalarning yaqindagina bo‘lgan to‘qnashuvidan raqib to‘g‘ri hulosa qilgan holda taktika va tarkib tanlashga uringani ko‘rindi. Gonkong hamyurtlarimizga to‘p tushishi bilan oradagi faqrni qisqartirib, yaqin masofadan qarshi oldi. Natijada vakillarimiz bosimda qolib, to‘pni yo‘qotdan holatlar ham uchrab turdi.
Shuningdek, Gonkong tarkibida yoshi katta futbolchilar va tarkibning katta qismi o‘zgargani ham o‘z so‘zini aytdi. Bizning terma jamoa esa yoshi katta 3 futbolchini tarkibga jalb etish imkoniyatidan foydalanmadi.
19-daqiqada Hojimat Erkinov juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Erkinov sherigi Husain Norchaev qoldirgan to‘pni deyarli bo‘sh darvozaga yo‘llay olmadi.
25-daqiqada Jasur Jaloliddinov jarima maydoni tashqarisidan stantardni amalga oshirdi. Jamoa sardorining zarbasi ancha xavfli chiqdi. Shu bilan birga darvozabon ham ishonchli o‘ynadi.
43-daqiqada Ruslanbek Jiyanov jamoadoshi Hojimat Erkinovning pasidan darvozani ishg‘ol qila olmadi. Posbon o‘z o‘rnida ekanligini ko‘rsatdi.
Taym oxirida Jasur Jaloliddinov yana bir ajoyib zarba yo‘lladi. Biroq bu gal ham darvozabon uning harakatlarini bartaraf etdi.
Birinchi bo‘limda Gonkong hamyurtlarimizning dastlabki daqiqalardagi hujumlariga turib bera oldi va shu bilan birga qolgan vaqt mobaynida o‘zlari ham xavfli vaziyatlar sodir etdi.
Ikkinchi taym birinchisi kabi boshlandi. Biznikilar hujumda, raqib payt poyladi. Keyingi daqiqalarda Gonkong oldinga chiqdi. O‘zbekiston terma jamoasini maydon markazida kutib oldi.
O‘yinning uchdan ikki qismi o‘tib borayotganda Timur Kapadzening topqirligi ish berdi. Zaxiradan maydonga tushgan Ulug‘bek Hoshimov 65-daqiqada 4-5 futbolchidan o‘tib, jarima maydoni yaqinidan juda kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi. Ajoyib zarba va bu gal posbon ojiz qoldirildi. Ulug‘bek Hoshimov Xitoydagi Osiyo o‘yinlarida terma jamoamizning ilk goli muallifiga aylandi.
Goldan so‘ng vakillarimiz ruhlanib hujumlarni qalashtirib tashladi, raqib Toshkentda bo‘lgani kabi hisob yiriklashib ketmasligi uchun bor e’tiborini himoyaga qaratdi…
Oxirgi daqiqalarda Gonkong jonlandi. Oradagi farq bittani tashkil etgani uchun oldinga o‘tdi. Vaziyatla yaratishga urindi. Lekin hisobni o‘zgartirish Gonkong futbolchilarining qo‘lidan kelmadi. Natijada, O‘zbekiston terma jamoasi birinchi to‘qnashuvni o‘z foydasiga hal etdi.
Timur Kapadze shogirdlari musobaqa favoriti sifatida qaralmoqda. Terma jamoamiz bunga munosib bo‘lishi uchun har bir imkoniyatdan maksimal tarzda foydalanishi lozim. Bu borada hamyurtlarimizga keyingi uchrashuvlarda omad tilab qolamiz.
Bekzod ISAEV
Fikrlar