"O‘zbekiston mundialda qatnashganida ulardan kam o‘yin ko‘rsatmasdi, Ronalduda "Al-Nasr"ga o‘tish varianti ko‘proq" - Sardor Rashidov

  • 9 dekabr, 2022, 23:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatar chempionatida to‘p surayotgan Sardor Rashidov ayni paytda u erdagi mundialni jonli ravishda kuzatish imkoniga ega bo‘lib turibdi. “Umm Salal” klubi a’zosi Sports.uz jurnalistining mundial bilan bog‘liq savollariga javob qaytardi.

Tecno

- Jahon chempionati bahslarini o‘z ko‘zingiz bilan jonli ravishda kuzatib boryapsiz. Hozirgacha qaysi o‘yinlarni bevosita stadiondan tomosha qildingiz?

- Jahon chempionati o‘yinlariga tushdim. Albatta, juda qizg‘in ketmoqda. Faqat Portugaliya terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarga bordim. Uchta o‘yiniga ukam bilan birgalikda tashrif buyurdik.

- Ha, ukangiz Sahob Rashidov ham siz bilan birga Doxada ekan. Mundial uchun kelgan-a?

- Albatta, ukam o‘zim bilan birga. Jahon chempionatini tomosha qilish uchun keldi. Xudo xohlasa, 15 dekabrda qaytadi. Finalni ko‘ra olmaydi. Chunki O‘zbekistonga qaytib o‘zi ham klubi bilan mashg‘ulotlarni boshlashi kerak. Ukamda ham jahon chempionati yaxshi taassurot qoldirdi. Yulduz futbolchilarni yaqindan ko‘rib xursand bo‘ldi.

sardor3

- Qaysi terma jamoaga muxlislik qilasiz deb so‘ramoqchi edim, yuqoridagi javobingizdan ma’lum. Kim chempion bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

- Ha, Portugaliya terma jamoasiga muxlislik qilyapman, shuningdek, Argentinaga ham. Lekin o‘ylashimcha, ikkalasi ham finalga chiqa olmaydi. Mening nazarimda Frantsiya bilan Braziliya chiqsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo Braziliya chorak finalda yutqazib qo‘ydi.

- Qatarni yaxshi bilasiz va u erda anchadan beri to‘p surasiz. Shunday ekan, ularning mundialga tayyorgarligi jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshisi deyishyapti. Bu gaplar rostmi va sizni nimasi bilan hayron qoldirishmoqda?

- Qatar jahon chempionatiga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. Qolaversa, maydonlari a’lo darajada. Futbol sharoitiga juda moslashtirilgan. O‘zingiz bilasiz, Qatar davlati katta mablag‘ga ega. Shuning uchun ularga jahon chempionatini o‘tkazish qiyin bo‘lmadi. Qolaversa, arab davlatlari orasida Qatar ushbu nufuzli turnir orqali o‘z mavqeini yanada ko‘tarib oldi.

sardor2

- Yoqtirgan futbolchingiz - Ronaldu atrofidagi gap-so‘zlarni eshitayotgandirsiz. "Al-Nasr"ga o‘tishi haqida mish-mishlar chiqdi. Ko‘pchilik bunga ishondi ham. Siz-chi?

- Bilasiz, bu – Krishtianu Ronaldu! To‘g‘risi, men ham bu haqida o‘qib hayron qoldim. Chunki 5 karra oltin to‘p sohibi, Evropa Chempionlar ligasi g‘olibi va Evropa chempioni bo‘lgan futbolchiga bunchalik tosh otilishi kerak emas. Ammo mevali daraxtga tosh otiladi, deyishadi-ku. Ronaldu – bu Ronaldu! “Al-Nasr”ga o‘tishi faqat gap-so‘z. Agar shartnoma tuzsagina ishonamiz. Bunga o‘xshagan har xil gap-so‘zlar chiqaveradi. Menimcha, “Al-Nasr” beradigan mablag‘ bu osongina ko‘z yumib ketadigan mablag‘ emas. Buning ustiga Ronalduning faoliyati asta-sekin nihoyasiga etib boryapti. Shuning uchun menimcha, yana pul ishlab qolishi mumkin. Nazarimda, “Al-Nasr”ga o‘tish varianti ko‘proq bo‘lishi mumkin.

- Osiyo termalari baribir ushbu mundialda yaxshi taassurot qoldirishdi. Saudiya Argentinani yutdi, Eron Uelsni. Yaponiya, Koreya va Avstraliya nimchorak finalga chiqishdi. Albatta, katta o‘sish bor. Ular bilan O‘zbekiston terma jamoasini taqqoslaganda, sizningcha biz ancha orqada qolib ketgandek tasavvur uyg‘otmayaptmi?

- To‘g‘ri, Osiyo termalari ham juda yaxshi ishtirok etishdi. Siz aytgan Yaponiya, Koreya, Avstraliya, Eron, Saudiya Arabistoni kabi termalar yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan ekan. Ularning jahon chempionatida qatnashishi birinchi marta emas. O‘zbekiston terma jamoamiz ular ko‘rsatgan o‘yinni menimcha ko‘rsata oladi. Chunki Osiyo etakchilari bilan o‘ynaganmiz, ayniqsa, Saudiya Arabistoni bilan. Agar O‘zbekiston mundialda qatnashganida ulardan kam o‘yin ko‘rsatmasdi, deb o‘ylayman. Bu shaxsiy fikrim.

sardor1

- Oldindagi yana qaysi o‘yinlarni stadionda kuzatasiz?

- Oldindan qaysi o‘yinlarga borishimni bilmayman. Negaki, Qatarda ichki chempionat 22 dekabrdan boshlanadi. Shuning uchun u erdagi barcha klub o‘yinchilariga bu narsa aytildi va biz ham tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Chiptam bor, o‘yinga kirgim kelyapti, degan gaplarni yig‘ishtiringlar deyishgan. Oldimizda ichki chempionatlar o‘yinlari borligi uchun mashg‘ulotlarimiz kechki payt, aynan mundial o‘yinlari o‘tkazilayotgan paytda bo‘ladi. Ertalab mashg‘ulot o‘tkazish issiq ob-havoda og‘ir. Shu bois qaysi uchrashuvga kirishni oldindan bilmaymiz. Lekin finalga kirish niyatim bor. Agar imkon bo‘lsa, stadionga boramiz. Ammo final o‘yiniga kirish oson emas. “Lusayil” stadionini juda hashamatli desa ham bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!