
O‘zbekiston MTJ Hindistonni qay tarzda mag‘lub etdi?
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi ikkinchi turida Hindiston bilan kuch sinashdi. Birinchi turda Suriya bilan durang o‘ynagan terma jamoamiz ikkinchi o‘yinda zafar quchdi.
Hindiston o‘yinni nazorat qilish bilan boshladi. Tezkor gol ham ularning rejalaridan o‘rin olgani hujumlardan ko‘rindi. Ammo bu o‘tkinchi holat bo‘lib chiqdi.
4-daqiqada Abosbek Fayzullaev boshi bilan hisobni ochdi. Chap qanotdan Sherzod Nasrullaev uzatmani amalga oshirdi. Otabek Shukurovga etib kelgan to‘pni u Fayzullaevga uzatdi. Abbosbek esa darvozani qiyinchiliksiz ishg‘ol qildi. Shu tariqa, terma jamoamiz stadionga tashrif buyurgan juda ko‘plab hindistonlik muxlislarni tinchlantirdi.
Hisobni ochib olgan terma jamoamizning harakatlari qovusha boshladi. 11-daqiqada Jaloliddin Masharipov standartdan to‘pni darvozaga yo‘naltirdi. U tepgan to‘p ustun va to‘sin tutashgan joyga tegib, anchagina xavfli vaziyat sodir etdi.
18-daqiqada Igor Sergeev katta sahnaga chiqdi. Abbosbek va Igor tandemi ish berdi. Fayzullaevning pasini bartaraf etish arafasida himoyachi sal qolsa o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘yishi mumkin edi. Lekin ikkinchi urinishda hamyurtlarimiz gol urishdi. Qaytgan to‘pni Sergeev to‘rga yo‘lladi.
Taym o‘rtalarida O‘tkir Yusupov va himoyachilar o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga keldi. Yaxshiyamki raqib darvozabonimizning sovg‘asidan foydalana olmadi.
45+5-daqaqada o‘ng qanotdan oshirilgan to‘pni jarima maydoni ichida paydo bo‘lib qolgan Sherzod avvaliga ustunni nishonga oldi. Ikkinchi urinishda esa darvozaga to‘pni yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. Tanaffusga ishonchli va yirik hisobdagi g‘alaba bilan yo‘l oldik.
46-daqiqada Sherzod Nasrullaev o‘rniga Zafarmurod Abdurahmatov maydonga tushdi.
49-daqiqada raqibimiz shturm uyushtirdi. Baxtimizga ularning safida darvozani ishog‘ol qiladigan futbolchi topilmadi.
Qayd etilayotgan hisob vakillarimizni qanoatlantirgani bois qarshi hujum taktikasiga o‘tdi. Natijada Hindiston terma jamoasida vaziyatlar yaratildi. Ammo yakun bo‘lmadi.
71-daqiqada Umar Eshmurodov ko‘k libosdagi futbolchining deyarli gollik pasini “podkat”i bilan yo‘qqa chiqardi. Burchakdan oshirilgan to‘pni hindistonlik futbolchi darvozamizga yo‘naltirdi. O‘tkir qiyinchilik bilan bartaraf etdi.
Murabbiy avvalgiga Jaloliddin Masharipov o‘rniga Hojimat Erkinov, Oston O‘runov o‘rniga Azizbek Turg‘unboevni almashtirdi. Keyinchalik Odil Hamrobekov va Abbosbek Fayzullaev o‘rniga Jamshid Boltaboev va Jamshid Iskanderov maydonga tushdi.
Qolgan daqiqalarda jamoalarda navbati bilan oldinga o‘tish imkoniyati yuzaga keldi. Biroq hisob o‘zgarmadi.
Fikrlar