
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida institut tashkil etildi
Joriy yilning 14 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzuridagi Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Quyidagilar esa ushbu qarorda belgilangan asosiy vazifalar etib belgilangan:
-Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etilib, ushbu institut ilmiy-ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadi.
-Institut parasport bo‘yicha mutaxassislar, trenerlar, yo‘riqchi-uslubchilar malakasini oshirish, ularni xorijda o‘qitish va chet ellik mutaxassislar tajribasini o‘rganish va boshqa tegishli faoliyat turlarini amalga oshiradi.
-Mutaxassislarning malakasini oshirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
1. To‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka oshirish (ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish);
2. Ilmiy-tadqiqot muassasasida tajriba orttirish;
3. Xorijda tajriba orttirish;
4. Mustaqil o‘qib bilim orttirish;
5. Masofaviy ta’lim.
-Mutaxassislarni qayta tayyorlash kurslari yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalari yoki mehnat bozorining talablari bilan belgilanadigan ayrim pedagoglarning qayta ixtisoslashuvi yoxud yangi mutaxassislikka ega bo‘lishi munosabati bilan Institut tashabbusiga ko‘ra shartnoma asosida tashkil etiladi.
-Mutaxassislarni qayta tayyorlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
1. Pedagogik qayta tayyorlash;
2. Kasbiy qayta tayyorlash;
3. Maxsus o‘quv kurslarda o‘qitish.
-Parasport bo‘yicha mutaxassislar «El-yurt umidi» jamg‘armasi yordamida xorijga malaka oshirish uchun jo‘natiladi.
-Muassasani saqlash harajatlari 2022 yilda respublika byudjeti mablag‘lari doirasida, 2023 yildan davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
-Institut vaqtinchalik Toshkent shahri, Beshyog‘och ko‘chasi 126-uy binosida faoliyat ko‘rsatadi va kelgusida uni Toshkent shahrida barpo qilinayotgan “Olimpiya shaharchasi”da joylashtirilishi nazarda tutilgan.
Fikrlar