
O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasini kim boshqarishi ma’lum bo‘ldi
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasining navbatdagi konferentsiyasi o‘tkazildi. Unda assotsiatsiya rahbarlari, Ijroi qo‘mitasi a’zolari, sportchilar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Konferentsiyada kikboksing sport turi shu yilning iyul oyida Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgani — O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi faoliyatini yanada kuchaytirish, mamlakatimizda ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqish va e’tiborning yana oshishiga turtki bo‘lishi e’tirof etildi.
Tadbirda tashkiliy masalalar ham ko‘rildi. Assotsiatsiya rahbar organlari tizimiga o‘zgartirish kiritilib, rais lavozimi joriy etildi, tashkilotning yangi Ustavi qabul qilindi.
Shu paytga qadar assotsiatsiya prezidenti vazifasini bajarib kelgan Oybek Normetov assotsiatsiya raisligiga saylandi. Assotsiatsiya prezidentligiga esa Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjaev saylandi.
«Mamlakatimiz rahbarining sportga qaratayotgan e’tibori — Tokioda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan natijalarda ham o‘z aksini topdi. Ushbu g‘alabalarga yaratilgan sharoit hamda murabbiylar va sportchilarning mashaqqatli mehnatlari evaziga erishildi.
Eng birinchi navbatda, yoshlarni ushbu sport turiga kengroq qiziqtirish va jalb etishimiz lozim. Buning uchun sport inshootlarini qayta qurish, rekonstruktsiya qilish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish juda muhim.
Shuningdek, Kikboksing assotsiatsiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilarimizning tayyorgarlik jarayonlari, o‘quv-yig‘inlari, musobaqalar uchun maxsus zallar va maydonlar tashkil etish, kikboksing bo‘yicha murabbiylarni ko‘paytirish, ularning malakasini oshirish bo‘yicha ish olib boramiz.
Ishonchim komilki, oldimizda turgan muhim vazifalarni amalga oshirsak, kikboksingchilarimiz ham boshqa sportchilari singari nufuzli musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taradi», — deya ta’kidladi assotsiatsiyaning yangi prezidenti Asadjon Xodjaev.
Konferentsiya yakunida assotsiatsiya oldida turgan muhim vazifalar belgilandi. Sportchilarning tayyorgarligi, musobaqalarda munosib ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.
Manba: aoka.uz
Fikrlar