
O‘zbekiston joriy yilda yana bir nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi
Bugun, 24 mart kuni Moskva shahrida Xalqaro sambo federatsiyasi ijroqo‘m yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, sambo bo‘yicha nufuz jihatidan eng katta musobaqalardan biri hisoblanadigan jahon chempionati turniri O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi belgilandi. Jahon birinchiligi 12-14 noyabr sanalarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Bu haqida O‘zbekiston sambo federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avvalroq, ushbu jahon chempionati mezboni sifatida Moskva shahri e’lon qilingandi. Biroq, Sport arbitraj sudi (CAS) qarori sabab Rossiya ikki yil davomida jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlari o‘tkazish uchun da’vogarlik qila olmaydi. Shu sababli, Xalqaro sambo federatsiyasi va Rossiya sambo federatsiyasi ushbu musobaqani boshqa mamlakatda o‘tkazish qaroriga kelishdi.
"Biz jahon chempionatini o‘tkazish uchun O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasidan taklif oldik. Toshkentda 2025 yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishini yodda tutgan holda, ushbu musobaqani O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatini maqsadga muvofiq deb hisoblayman", - dedi yig‘ilish davomida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov.
Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullaev esa sambo bo‘yicha jahon chempioni Toshkent uchun yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun o‘ziga xos sinov vazifasini bajarishini ta’kidlab o‘tdi.
"2025 yilda O‘zbekistonda ilk marotaba yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Shu sababli, ushbu musobaqada Osiyo Olimpiya Kengashi vakillari ham qatnashishadi. Musobaqa yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun test turnir vazifasini bajaradi".
Osiyo sambo uyushmasi rahbari shuningdek, jahon chempionatining tashkiliy qo‘mitasi musobaqa qatnashchilariga viza bilan bog‘liq masalalarda ham yordam ko‘rsatilishini aytib o‘tdi.
"Pandemiya bilan bog‘liq yuzaga kelgan qiyin vaziyat sabab, O‘zbekistonda elchixonasi yo‘q mamlakatlarga viza bilan bog‘liq ko‘mak beriladi. Ular aeroportning o‘zidayoq viza olishlari mumkin bo‘ladi. Elchixonasi bor mamlakatlar uchun esa viza berish jarayoni tezlashtiriladi. Bu musobaqa qatnashchilarining soni yanada oshishiga xizmat qiladi", - dedi Alamjon Mullaev.
Fikrlar