“O‘zbekiston guruhdan chiqadi” — Otabek Jo‘raev terma jamoaning JChdagi imkoniyatlarini baholadi

  • 7 dekabr, 14:16
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi Jahon chempionatining guruh bosqichi uchun qur’a tashlandi. O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhidan joy oldi va Portugaliya, Kolumbiya hamda Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya jamoalari bilan bahs olib boradi.

Tecno

Taniqli futbol sharhlovchisi Otabek Jo‘raev Sports.uz saytiga bergan kichik intervyusida O‘zbekistonning guruhdagi raqiblari va pley-offga chiqish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Qur’a biz uchun omadli bo‘ldimi?

"Guruh yomon emas. Ya’ni undan nisbatan zaifroq yoki qiyinroq guruh tushishi ham mumkin edi. Nazarimda o‘rtacha guruh bo‘ldi, balki biroz kuchliroq desa ham bo‘ladi. Sababi — Portugaliya favoritlardan biri, ikkinchi eshelon bo‘lsa-da. To‘g‘risi, ular Ispaniya, Frantsiya yoki Argentina qatoriga kirmasada, baribir chempionlik uchun asosiy da’vogarlar ro‘yxatida bor.

Siz Kolumbiyani “stabil” deb yozdiz, lekin men bu fikrga qo‘shilmayman. Kolumbiya bir mavsum juda yaxshi o‘ynashi mumkin, ammo keyingi mavsum inqirozga uchrash ehtimoli katta. Agar Jahon chempionatida ularda biror narsa yurib ketmasa, bu bizning imkoniyatimizga aylanadi.

4-savatchadan zaifroq jamoani kutgandim. Masalan, hurmatni saqlagan holda Yangizelandiya, Kyurasao yoki Kabo-Verde kabi jamoalar guruhimizga tushsa, biz uchun qulayroq bo‘lardi. Lekin Kabo-Verde ham yomon jamoa emas. Ammo Yamayka, Yangi Kaledoniya va Kongo ichida Kongo yaqqol favorit — juda kuchli jamoa. Shu bois, 4-savatchada bizga omad kamroq kulib boqdi. U erdan engilroq raqib tushganda 3 ochko olish ancha oson bo‘lardi. Hozir esa bu masala juda qiyin va ochko olish uchun qattiq harakat kerak."

Guruhimizdagi imkoniyatlarimizni qanaqa baholaysiz? Qaysi terma jamoadan ochko tortib oliishimiz mumkin va nimani evaziga?

"Guruhimizdagi yaqqol favorit — Portugaliya. Birinchi o‘rin uchun Kolumbiya ham kurashishi mumkin. Ammo bizning imkoniyatlarimiz uncha yuqori emas. Katta ehtimol bilan ikkinchi o‘rin uchun Kolumbiya bilan raqobat olib boramiz. O‘zbekistonga nisbatan Kolumbiya kuchliroq: tarkib, o‘yinchilar tajribasi, ularning hozirgi holati va darajasi hisobga olinsa — ustunlik ular tomonda. Masalan, Luis Dias va boshqa etakchi futbolchilari. Shuning uchun Kolumbiya imkoniyati biroz yuqoriroq.

4-savatchadan kim tushishini bilmayman. Agar Kongo bo‘lsa — juda kuchli raqib. Ular avval Senegalni ortda qoldirdi, keyin pley-offda Kamerun va Nigeriyani mag‘lub etdi.

Menimcha, agar 4-savatchadagi raqibni yuta olsak, Kolumbiya bilan durang qila olsak va Portugaliyadan mag‘lubiyat bilan chiqsak ham, 4 ochko bilan guruhdan chiqishimiz mumkin, In shaa Alloh."

Agar terma jamoa  guruhdan chiqa olmasa, siz buni qanaqa qabul qilasiz?

"Men ishonamanki, O‘zbekiston guruhdan chiqadi. Bu juda qiyin bo‘lsa-da, 3-o‘rin orqali pley-offga chiqish imkoniyatimiz bor. Adashmasam, 2024 yil dekabrida 3-o‘rin bilan pley-offga chiqishimizni taxmin qilganman. Qur’a tashlangandan keyin yana takror aytaman: "In shaa Alloh, guruhdan chiqamiz. Agar yaman bo‘lib 4-o‘rinda qolib ketsak ham xafa bo‘lmayman. Lekin men terma jamoamizga ishonaman. Katta ehtimol bilan 3-o‘rinni egallab, keyingi bosqichga yo‘l olamiz."

                                                                                                                                                                                            
                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                   
Ruzmatov Muhammadqodir suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!