
O‘zbekiston futzal jamoasi murabbiyi jahon chempionati oldidan guruhdagi qaysi raqib kuchli ekanligi, asosiy darvozabon va mukofot haqida gapirdi
Xabaringiz bor, futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Litvada o‘tadigan 2021 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi.
Mundial safari oldidan bugun O‘FA majlislar zalida bosh murabbiy Bahodir Ahmedov hamda futzalchilar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda bosh murabbiy Bahodir Ahmedov va bir qator futzalchilar ishtirok etdi.
Bahodir Ahmedov: Kayfiyatlar a’lo. Yaxshi yig‘inlar tashkil etmoqdamiz. O‘FAga rahmat aytaman, chunki ular bizga mana shunday sharoitlar yaratib bermoqda.
Taktikalar ustida ishlamoqdamiz. Dastlabki o‘rtoqlik o‘yinlarida yaxshi o‘ynayotgandik, keyin biroz pasayish kuzatildi. Lekin oxirgi kunlardagi harakatlardan ko‘nglim to‘lmoqda.
Guruhda Rossiya terma jamoasi xuddi Ispaniya kabi o‘ynaydi. Shuning uchun mana shu uslubga mos raqib tanlandi, o‘rtoqlik bahslari uchun.
Oldingi tarkiblardan 4-5 ta futzalchi qolgan. Chunki avvalgi yigitlarning yoshi o‘tib bormoqda. Hozirgi futzalchilarni sinab ko‘rikdan o‘tkazdik.
Safimizdagi avvalgi xorijlik murabbiylar hozir ham bor. Bizga ularning katta foydasi tegmoqda.
Bu eng kuchli tarkibmi? Har doim bir-biridan kuchli tarkib bo‘lgan. Shuning uchun bularni taqqoslash juda qiyin. Aynan qaysidir yildagi tarkibni ajrata olmayman.
Asosiy darvozabon kim? Rustam Umarov yoki boshqa darvozabon, kimligini hozir ayta olmayman. Bu bir kun avval ma’lum bo‘ladi.
Jahongir Usmonovning qaytishi qanchalik motivatsiya bermoqda? Bizga ularning foydasi ko‘p tekkan. Men ularning qo‘lida o‘ynaganman. Biz ular bilan ko‘p ishlaganmiz. Jahongir Usmonovning qaytishi biz uchun juda katta motivatsiya.
Qanday mukofot va’da qilingan? Har doim aytganman, sovrin uchun o‘ynamaganmiz. Bu bizni qiziqtirmaydi.
Guruhdagi eng kuchli raqib qaysi? Albatta, hozir barcha raqiblarni o‘rganmoqda. Ular ham, biz ham. Jamoalarning har bir uchrashuvinining videolarini o‘rganmoqdamiz, taktikalarini ko‘rib chiqyapmiz.
Misr bilan o‘yin? Biz ularni yutganimiz hech narsani anglatmaydi, garchi g‘alaba qozongan bo‘lsak ham. Eng asosiysi Litvadagi turnirda bilinadi, - dedi Bahodir Ahmedov.
Futzal terma jamoamiz 14 avgust sanasida Toshkentdagi mashg‘ulotlarni yakunlab, Madrid va Portu shaharlarida o‘tadigan xorijiy yig‘inga yo‘l oladi.
Futzalchilarimiz mazkur yig‘inlar davomida Ispaniya, Portugaliya, Argentina kabi dunyoning etakchi terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi. Shundan so‘ng, vakillarimiz jahon chempionatida ishtirok etish uchun Litva poytaxti Vilnyus shahriga etib boradi.
Fikrlar