O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi Jasur Jaloliddinovga agentlik bilan shartnomani bekor qilishda yordam ko‘rsatdi
Ancha gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan Jasur Jaloliddinov masalasi nihoyat yakun topgan ko‘rinadi. Ma’lumki, futbolchi o‘z xohishiga ko‘ra, “Andijon” bilan shartnoma imzoladi. Yaqinda Jaloliddinov sports.uz saytiga bergan intervyusida agenti bilan hamkorlikni to‘xtatayotganiga ham urg‘u berib o‘tgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi agentlik bilan shartnomani bekor qilish yuzasidan O‘zbekiston futbolchilar uyushmasiga murojaat bilan chiqqan. Natijada O‘FU rahbari Kamoliddin Murzoev bu borada Jaloliddinovga yordam ko‘rsatgan. Murzoev o‘zining feysbukdagi sahifasida shunday deb yozdi:
- Uyushmamiz a’zosi Jasur Jaloliddinov ukrainalik Evgeniy Lasitsin bilan tuzilgan noqonuniy va FIFA talablariga javob bermaydigan agentlik shartnomasini bekor qilish hamda yangi jamoa bilan o‘z xohishi asosida shartnoma imzolashda yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaat qildi.
Vaziyat yuzasidan zudlik bilan @fifpro_official yuridik deportamenti boshlig‘i Roy Vermeer bilan bog‘landik. Futbolchimizga FIFA DRC vakili sifatida bu ishni o‘z nazoratiga olishini hamda yangi jamoa bilan shartnoma imzolashi mumkinligini tavsiya qildi.
Jasur “Andijon” klubi safida debyut o‘yinini o‘tkazdi. Uyushmamiz va futbolchimiz xujjatlarni rasmiylashtirishda bizga yordam bergan Rossiya futbolchilar uyushmasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, - dedi Murzoev.



Fikrlar