O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasi haqida nimalarni bilasiz?
Sobiq futbolchi Kamoliddin Murzoev faoliyatini yakunlaganidan keyin o‘zini murabbiylikka emas, balki futbolning boshqa tizimid sinab ko‘rishga qaror qildi. Ya’ni, u O‘zbekistonda ilk bor futbolchilar kasaba uyushmasiga asos soldi. Bu albatta bizning futbol uchun yangilik edi. Yaqinda tashkil etilgan ushbu tashkilotning asta-sekin rivojlanishi kutilmoqda. Murzoev ancha oldin bergan intervyusida ushbu uyushma tashkil etilishi arafasida turgani haqida aytgandi. Bugungi kunga kelib u o‘zining o‘ylaganlarini amalga tatbiq etishni boshlagani ham quvonarlidir.
Kamoliddin Murzoev izlanishi natijasida O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasiga asos solganiga ma’lum vaqt bo‘ldi. Xo‘sh, ushbu tashkilotga asos solinganidan beri qanday ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda? Bu masalada sobiq futbolchi bizga shunday dedi:
- Uyushmamiz tashkil etilganidan buyon 10 ga yaqin futbolchilarimizga o‘zimizning ko‘maklarimizni ko‘rsatdik. Birinchilardan bo‘lib Bahodir Pardaevni aytishim mumkin. Uning Janubiy Koreya klubi bilan tuzgan shartnoma masalasi bo‘yicha yordam ko‘rsatdik. Shuningdek, futzalchimiz Tojiboev Xitoyda o‘ynab qaytgandi va uning shartnomasi bilan bog‘liq muammosini hal qildik. Buning orasida O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgan futbolchilarimizning ishlarida yuridik ko‘mak ko‘rsatdik. Bu boradagi ishlarni esa futbolchilarimizning foydasiga hal qila oldik. Biz uchun katta yutuqlardan biri shu bo‘ldiki, Ignatiy Nesterov bilan bog‘liq vaziyatni aytishim mumkin. O‘zimiz u bilan aloqaga chiqdik va yordamimizni bera oldik. Rossiyaning «Sila» yuridik kompaniyasi bilan kelishuvga egamiz. Kuchli yuridik korxonaning xodimlari bilan ish olib bordik. Nesterovga 2,5 yillik diskvalifikatsiya berilishi kutilayotgan bir paytda biz uning ishiga aralashib, muddatni 8 oyga qisqartirishga erishdik. Bu albatta katta yutuq. Shu bilan birga yurtimizga «FIFPro» vakillari tashrif buyurishdi. Shu yilning oxirigacha yurtimizda katta seminar o‘tkazish rejamiz bor. Bunda futbolchi uchun eng keraklisi bo‘lgan sog‘lik va salomatlik hamda doping bilan bog‘liq masalalarni ko‘tarib chiqmoqchimiz.

Bu futbolimizda yangi tashkilot bo‘lgani uchun uni rivojlantirish va ommabopligini ta’minlash ham oson bo‘lmaydi. Shunga qaramay, ushbu tashkilot o‘z nomi bilan futbolchilarning huquqini himoya qilishi ma’lum. Xo‘sh, chempionatimizda to‘p surayotgan futbolchilar ushbu tashkilotga qanday qiziqish bildirishmoqda, a’zo bo‘lishyaptimi, umuman a’zolik talablari qanday? Mazkur masala bo‘yicha ham Murzoev oydinlik kiritib o‘tdi.
- To‘g‘ri aytasiz, biz yangi tashkilotmiz va hali ko‘pchiligi uchun notanishmiz. Ammo dunyo tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, rivojlangan futbol mamlakatlarida bunday tashkilotlar faoliyat olib borishyapti. To‘g‘ri, biz hali ochiqchasiga katta yig‘ilish o‘tkazganimiz yo‘q. Faqat kichikroq ko‘rinishdagi tanishuv ishlari bo‘ldi. Rejalarimiz bo‘yicha katta auditoriya yig‘ib, futbolchilar bilan uchrashib o‘zimiz haqimizdagi ma’lumotlarni bermoqchimiz. Ungacha klublarga o‘zimiz asta-sekin kirib borib, o‘yinchilarga tushuntirish ishlarini olib boramiz. Har bir narsaning ustida mehnat qilish kerak. Bu ishimizning qanchalik muhim ekanligini futbolchilar anglab etishganlaridan so‘ng menimcha, bu narsaga yanada qiziqish ortadi. Keyin esa o‘z-o‘zidan ishlarimiz engil tus oladi. Men har doim bir narsani misol qilib aytib kelaman, futboli rivojlangan Angliyada futbolchilar uyushmasiga asos solinganiga 100 yildan oshdi. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, biz faqatgina futbolchilarning huquqini himoya qilish bilan cheklanib qolmaymiz. Hammamizga ma’lumki, FIFAning bugungi kunda g‘oyalaridan biri kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bilan bog‘liqdir. Bu borada FIFPro bilan hamkorlikda alohida kelishuvga erishishgan. Aytmoqchimanki, biz bundan tashqari, futbolchilarni faqat himoya qilishdan tashqari, o‘zlarining haq-huquqlarini buzmaslikka va halol o‘yinga chorlashga ham etaklaymiz.

Umuman aytganda, Kamoliddin Murzoevning ushbu tashkilotga asos solishidan asosiy maqsadi nimadan iborat? Buning ustiga O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasini yanada rivojlantirish uchun ham ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Shuningdek, o‘ziga yarasha qo‘llab-quvvatlov ham zarur. Buni Murzoev ham yaxshi tushunib turibdi. Hozirda ushbu tashkilotga futbolchilar a’zo bo‘lishyaptimi va a’zolik badali qancha miqdorni tashkil etmoqda? Ushbu masala bo‘yicha ham Murzoev aniqlik kiritib o‘tdi.
- A’zolik talablari juda oddiy. Futbolchi o‘z xohishiga binoan uyushmamizga ariza yozib beradi. Bundan so‘ng «FIFPro» talablariga binoan futbolchi a’zolik bo‘yicha badal pulini ham to‘lashi kerak. Lekin biz yaqindagina tashkil etilganimiz uchun hali a’zolik masalasi bo‘yicha bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Lekin bu ishlar ham asta-sekinlik bilan yo‘lga qo‘yiladi. A’zo bo‘lgan o‘yinchilarga esa bizning tomonimizdan 24 soat, kun davomida har qanday moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatib boriladi. Nafaqat jamoalari bilan bog‘liq, balki o‘zining sog‘ligi va yana har xil vaziyatlar bo‘yicha ham biz o‘z ko‘magimizni berishga harakat qilamiz. Nafaqat ularni huquqiy tarafdan himoyalash, balki jarohatlangan paytlarda biz klinikalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning sog‘ligi haqida etarlicha ma’lumot va tavsiyalar berishimiz mumkin. Masalan, jarohat olishsa yoki operatsiya qildirish kerak bo‘lsa, qaerda va kimga murojaat qilish, davolanish bo‘yicha biz o‘z maslahatlarimiz va tavsiyalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Bu ishga qo‘l urishimizdan asosiy maqsad shuki, o‘z faoliyatimda duch kelgan muammolardan kelib chiqqan holda, kelajak avlodga o‘sha muammoga tushishdan oldin o‘sha muammoni bartaraf qilishda yordam berish, futbolchining haq-huquqini himoya qilish, ularga to‘g‘ri yo‘nalish va maslahatlarni berish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Bilasiz, futbolchining faoliyati qisqa bo‘ladi. Hamma o‘ziga berilgan imkoniyatdan maksimal foydalanishga harakat qiladi. Futbolchining katta kushandasi – bu jarohatlar. Biz esa bu narsaga ham jiddiy e’tibor beryapmiz. Bu borada futbolchilarni sug‘urta qilish, o‘yinchilar o‘zlarining to‘liq kuchini 100 foiz futbolga bag‘ishlashi va futboldan boshqa hech nimani o‘ylamasliklari uchun ham yordam bermoqchimiz. Bu borada futbolchilarga engilliklar yaratib berishni istaymiz. Bilasiz, bizda asosan bir yillik shartnomalar tuziladi. Keyingi yili nima bo‘ladi, kerakmi-yo‘qmi, bu haqida o‘ylashmaydi. Bizning loyihamizda avvalo futbolchining salomatligi, futbolchining haq-huquqlari va shuningdek, futbolchilik faoliyatidan keyingi hayotini yo‘lga qo‘yish masalasida shug‘ullanish va to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish masalalari biz uchun ustivor vazifaga aylanadi. Chunki hamma ham futboldan keyin murabbiy bo‘la olmaydi va futboldan ketishlari mumkin. «FIFPro» yo‘nalishida esa futbolchining faoliyatidan keyingi hayoti bo‘yicha ham alohida loyiha bor. Biz bu borada ham ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shuningdek, bu borada O‘FA va PFL bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqdami? Chunki ular bilan o‘zaro hamkorlik ham uyushma uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
- Asta-sekinlik bilan O‘FA bilan hamkorlik to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda, - deydi Murzoev. - FIFA bilan «FIFPro» bizning bosh etakchilarimiz sanalishadi. Doimiy ravishda FIFA bilan «FIFPro» bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda samarali ish olib boradilar. Shu bois FIFA aksari muammolarini ushbu tashkilot yordamida hal qiladi. Xabaringiz bor, yilning ramziy terma jamoasi uchun o‘tkaziladigan so‘rovnomani butun dunyo bo‘yicha aynan «FIFPro» tashkiloti o‘tkazadi. Bu yagona so‘rovnoma hisoblanadi. Bu vaziyatda futbolchilar ushbu mavsumdagi eng kuchli o‘yinchilarga ovoz berishadi. Ushbu huquqni «FIFPro» tashkiloti o‘z qo‘liga olgan. Ularning talabiga binoan biz ham O‘zbekistonda mana shunday so‘rovnomani nafaqat erkaklar, balki ayollar futbolida ham olib bormoqdamiz.

Shuningdek, Murzoevdan futbolchilar sizlarga qandaydir muammolari bilan murojaat qilishyaptimi, agar shunday bo‘lsa, asosan qanday muammolar ko‘p murojaat etilyapti, deya so‘raganimizda quyidagicha javob berdi:
- Futbolchilarimizning ko‘plab murojaati mehnat shartnomalaridagi bandlarga klublar tomonidan amal qilinmayotganligi bo‘yicha kelib tushmoqda. FIFAni har bir davlat oldida minimal talablariga ega bo‘lgan shartnoma asosida o‘zaro bitim tuzishi kerak, degan bandi bor. O‘sha bandlarga binoan ish ko‘rib chiqiladi.
Bundan keyin reja hamda maqsadlar haqida gap ketganida suhbatdoshimiz yana quyidagilarni qo‘shimcha qilib o‘tdi:
- Rejalarimizdan biri O‘FA bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Sentyabrda Malayziyada «FIFPro»ning yillik kongressi bo‘lib o‘tadi. Bir yilda ikki marta har bir qit’ada bo‘lib o‘tadi. Biz ham o‘sha kongressda qatnashib qaytamiz. Shuningdek, futbolchilarning salomatligi bo‘yicha yangi loyihamizga asosan Gollandiyadan mutaxassis taklif qilganmiz. Oktyabr oyida ushbu mutaxassis Toshkentga keladi. Futbolchilarning salomatligi bo‘yicha seminarlarni tashkil qilish rejamizda bor.

Bundan tashqari, tashkilotning o‘zini-o‘zi moliyaviy tomondan ta’minoti qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan ham qiziqib ko‘rdik.
- Moliyaviy tomondan biz hali o‘zimizni-o‘zimiz ta’minlash darajasida emasmiz. Hozircha ichki resurslarimizdan foydalangan holda va bunga qo‘shimcha tarzda bosh ofisimiz hisoblangan «FIFPro»dan qo‘shimcha moddiy yordam olib turamiz. Bizda yuristlar, buxgalterlarimiz bor va ularni ham oylik maoshlar bilan ta’minlab turishimiz kerak.



Fikrlar