
O‘zbekiston - Yaponiya: Kapadze shogirdlarini finalga olib chiqqan o‘yinda nimalar sodir bo‘ldi? (matnli translyatsiya)
U23 Osiyo Kubogi yarim finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Yaponiya uchrashuvi boshlandi. Quyida mazkur bahsdan matnli translyatsiya e’tiboringizga havola etiladi.
90+5. Uchrashuv yakunlandi. O‘zbekiston finalda!!!
90+4. Abbos jarima maydoni yaqinida qoida buzdi. Raqibda standart vaziyat. Hatto, yaponiyaliklar posboni ham jarima maydonimiz tomon yo‘l oldi.
90+3. Diyor Xolmatov o‘z o‘rnini Abubakrrizo Turdalievga bo‘shatib berdi.
90+1. Odilovning o‘tkir burchakdan bergan zarbasini darvozabon ushlab oldi.
90. Asosiy vaqtga 4 daqiqa qo‘shildi.
89. GOOOOOOOOLLLLLL! HUSAIN NORChAEV!
Darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borgan Norchaev o‘z maqsadiga etdi!
88. Norchaevning bu safargi urinishidan so‘ng to‘p himoyachidan o‘tmadi. Husainning bugun juda ham gol urgisi kelyapti.
87. Navbatdagi xavfli zarbani darvozabonimiz qaytardi.
85. Odilbek Abdumajidov bugun himoya markazida barchasini bexato amalga oshirmoqda. So‘nggi soniyalargacha shunday bo‘lsin!
84. Ruslan chap qanotda raqiblarga tinim bermayapti.
83. Vladimir! Darvozabonimiz yana bir marta jarima maydoniga etkazib berilgan to‘pni ushlab oldi.
82. Zaxiradan maydonga tushgan yigitlar faolligi bilan ajralib turibdi.
80. Ishonchli harakat! Nazarov yana bir bor oldinga chiqib, raqib hujumini to‘xtatdi.
77. O‘zbekistonlik jurnalistlar terma jamoamizni media tribunadan turib qo‘llab-quvvatlayapmiz. Ammo yaponiyalik hamkasblarimizga bu yoqmayapti!
75. Jasur Jaloliddinov hamda Ulug‘bek Hoshimov o‘rniga Abbos Fayzullaev va Alisher Odilov o‘yinga qo‘shildi.
73. Ulug‘bek Hoshimovning navbatdagi urinishi yo‘liga ham himoyachilar gov bo‘ldi.
72. Himoyachilarimiz qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni o‘tkazib yubordi. Yaxshiyamki, raqib futbolchisi zarba bera olmadi.
71. Kapadze ham ikki futbolchini almashtirdi: Tursunov va Erkinov o‘rniga Sodiqov hamda Jiyanov o‘yinga qo‘shildi.
69. Doston Tursunovga tibbiy yordam kerak. Shifokorlar uni zambilda maydon tashqarisiga olib chiqishdi.
68. Ko‘pchilik bo‘lib himoyalangan vakillarimiz raqib urinishini qiyinchilik bilan bartaraf etdi.
66. Erkinovning qanotdan oshirgan to‘pi Husaingacha etib bormadi.
64. 3 raqibi qurshovida qolib ketgan Norchaev to‘pni yo‘qotdi.
63. Kein Satoning jarima maydoni tashqarisidan bergan zarbasi noaniq ketdi.
62. Raqib futbolchilari goldan keyin faollikni yanada oshirdi.
60. GOOOOOOOOOLLLLLLL! JASUR JALOLIDDINOV!
Sardorimiz to‘pni olis masofadan darvozaga mixlab qo‘ydi!
59. Jarima maydoniga oshirilgan to‘pni Nazarov egallab oldi. Ishonchli harakat!
58. "Kunchiqar yurt vakillari" safida o‘zgarish: Yamamoto hamda Sato maydonga tushdi. Ular Matsuoka va Saitoni almashtirdi.
57. To‘p nazoratidagi kichik ustunlik raqib tomonga o‘tdi. Ammo vakillarimiz qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilyapti.
55. Husain bosh bilan xavfli zarba berdi. Raqib posboni xavfni bartaraf etdi.
53. Sardorimiz bu safar aniq zarba yo‘lladi. Darvozabon to‘pga ega chiqdi. Jaloliddinov mana shunday harakatlari bilan ajralib turishi lozim!
52. Jasur asablarini jilovlay olmayapti. Hakam uni so‘nggi bor og‘zaki ogohlantirdi.
50. Abdurauf Bo‘rievning bosh bilan yo‘llagan zarbasidan so‘ng to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.
49. Norchaev bu safar o‘tkir burakdan zarba berdi. Darvozabon jamoasini goldan saqlab qoldi.
48. Diyordan qolishmagan tarzda Husain ham yaxshigina vaziyatdan foydalana olmadi.
47. Xolmatov! Diyor qulay imkoniyatni ko‘kka sovurdi.
46. Futbolchilar maydonga qaytdi. Biz ham qaytamiz hamda vakillarimizni birgalikda qo‘llab-quvvatlaymiz!
45+1. Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi. Tanaffus!
45. Birinchi taymdagi to‘xtalishlar o‘rnin qoplash maqsadida 1 daqiqa qo‘shib berildi.
44. "Kunchiqar yurt vakillari" yana bir xavfli hujumni amalga oshirdi. Hayriyat, Shota Fudzioning zarbasi kuchsiz chiqdi.
42. Hojimat Erkinovning zarbasiga aniqlik etishmadi. Qulay imkoniyat qo‘ldan ketdi.
41. Har ikki jamoa vakillari navbati bilan xavfli hujumlar uyushtiryapti. Ammo hozircha ulardan naf chiqqanicha yo‘q!
40. Ulug‘bek Hoshimov pressing uyushtirib, darvozabonni xato qilishga majbur qildi. Ammo raqib posboni o‘z xatosini vaqtida tuzatdi.
39. Bellashuv biroz pastroq tempda davom etyapti.
38. Tursunovga nisbatan qo‘pollik ishlatgan Shota Fudzio ogohlantirildi.
36. Ba’zi hujumlarda vakillarimiz nima qilishni, qanday qarorga kelishni bilmay qolyapti. Oxiri baxayr bo‘lsin!
35. Referi yana bahsli holatda raqib foydasiga qaror chiqardi.
34. Ancha xavfli vaziyat! Jaloliddinovning zarbasidan so‘ng to‘p ustunga tegdi.
33. Jarima maydoni ostonasida standart vaziyatga egamiz. Pas berish uchun ideal nuqta.
32. Avvaliga Norchaev, so‘ngra Xolmatovning aniq zarbasi yo‘liga raqib himoyachilari blok qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
30. Hakam kichik kontaktlarga e’tibor qaratmayapti.
29. Havo harorati ancha baland. Referi futbolchilarga salqinlanib olish imkoniyatini taqdim etdi.
28. O‘yin tempi biroz pasaydi. Futbolchilar maydon bo‘ylab keng yoyilgan holda harakat qilyapti.
26. Jasur bir raqibini ustalik bilan aldab, o‘ng oyoqda zarba berdi. To‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.
25. Ulug‘bek Hoshimovning zarba aralash uzatmasi noaniq ketdi.
23. Yaponiyaliklar faollikni biroz oshirdi. Vakillarimiz pressingdan chiqishda qiynalyapti.
22. Jaloliddinov ancha asabiy harakat qilyapti. Unda sariq kartochka bor.
21. Jarima maydoniga oshirilgan navbatdagi pasni raqib posboni ushlab oldi.
20. Hakamning qaroriga e’tiroz bildirgan Jaloliddinov ogohlantirildi.
19. Jasur jarima maydoniga ajoyib uzatmani amalga oshirdi. Afsus, darvozabon to‘pga hujumchimizdan oldin etib keldi.
18. Raqibda yana bir xavfli hujum. Baba to‘pga eta olmadi.
17. Himoyachilarga yordamga qaytgan Hoshimov raqibning xavfli hujumini to‘xtatib qoldi.
16. Markazda Husain qoida buzdi deb topdi hakam. Ammo bunday ko‘rinmadi.
15. Odilbek Abdumajidovning bosh bilan yo‘llagan zarbasi noaniq ketdi.
14. Burchakdan oshirilgan to‘pni qaytarish uchun oldinga chiqqan Nazarov xatoga yo‘l qo‘ydi. Hayriyat, Joel Fudzitaning zarbasi noaniq ketdi.
12. Sardorlar duelida Jaloliddinov Fudzitaga imkoniyatni boy berdi. Aks holda, qulay imkoniyatga ega bo‘lishimiz hech gap emasdi.
11. Dastlabki 10 daqiqa ortda qoldi. Hozircha, Kapadze shogirdlari faolroq ko‘rinmoqda.
10. Raqib futbolchisiga sariq kartochka ko‘rsatildi.
9. Markazda Jaloliddinovga qarshi qo‘pollik ishlatildi. Unga tibbiy yordam kerak.
8. Hamraliev ikkinchi bor pas berishda xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Ehtiyotkorroq bo‘lish lozim, yigitlar!
7. Yo‘q. Referi vaziyatni penaltiga tortmaydi deya baholadi.
7. Mirsaidovning zarbasidan so‘ng to‘p jarima maydoni ichida himoyachining qo‘liga tegdi. Bizda VAR bor, ammo hakam hozircha jim.
6. Burchakdan to‘pni o‘yinga kiritish imkoniyatiga egamiz.
5. Chap qanotda oldinga o‘tgan Tursunov to‘p uchun kurashda raqibiga engildi.
4. Hoshimov pas berishga biroz shoshildi. Natijada, to‘pni yo‘qotdik.
3. Futbolchilarimiz to‘p nazoratini qo‘lga olishga harakat qilyapti.
2. Ilk zarba vakillarimizda. Ammo Norchaevning urinishiga aniqlik etishmadi.
1. Ilk soniyalardayoq jamoalar to‘pni bir marotabadan yo‘qotishga ulgurdi. Futbolchilarda hayajon kuchli, chog‘i.
1. Uchrashuvga start berildi!
20:57. Hakamlar har ikki jamoa sardorlari ishtirokida rasmiy jarayonlarni o‘tkazib oldi.
20:56. Navbat O‘zbekiston davlat madhiyasiga!
20:55. Birinchi bo‘lib Yaponiya davlat madhiyasi yangradi.
20:55. Futbolchilar maydonga tushib keldi.
Fikrlar