O‘zbek to‘purari legionerga aylanishni rad etdi
O‘zbekiston terma jamoasi va “Nasaf” klubi hujumchisi Husain Norchaev faoliyatini Qozog‘iston Premer-ligasida davom ettirish imkoniyatidan foydalanmaslikka qaror qildi.
Bir necha manbalar 23 yoshli o‘zbek to‘purariga Qozog‘iston chempionatining bir qator klublaridan chorlov bo‘layotgani haqida ma’lumotlar chiqarayotgan edi.
Xususan, Qozog‘iston sportida insayder xabarlarga ixtisoslashgan “Totalnyy futbol KZ” telegram kanali ma’lumoti asosida taniqli jurnalist Aleksandr Troitskiy Norchaevga kelasi mavsum UEFA Konferentsiyalar ligasida ishtirok etadigan “Elimay”dan qiziqish bo‘layotganini yozgandi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, “Nasaf”dagi o‘yinlari bilan ko‘zga tashlangan Norchaevga Chimkentning “Ordabasi” jamoasidan ham chaqiruv bo‘lgan. Bu masalaga jurnalist Eldor Amanbaev oydinlik kiritdi.
- Iste’dodli o‘zbek hujumchisi Husain Norchaev “Ordabasi” bilan muzokaralar olib borilayotgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi.
Avvalroq, ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston klublari, xususan, chimkentliklar tomonidan bu o‘yinchiga qiziqish bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston terma jamoasi forvardi ayni paytda faoliyatini Qozog‘istonda davom ettirish variantlarini ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qildi, - deb yozdi Eldor Amanbaev telegrammdagi “AmanVIBE” kanalida.
2002 yilda tug‘ilgan Husain Norchaev “Nasaf” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2020 yili Qarshi shahri klubining asosiy tarkibiga qabul qilingan futbolchi jamoada uch yil o‘ynaganidan keyin, 2023 yilning boshida Rossiyaning “Alaniya” klubiga ko‘chib o‘tgan edi.
Norchaevning legioner sifatidagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqmadi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Alaniya” klubi murabbiylar shtabi yosh futbolchiga etarli darajada e’tibor qaratmadi va buning oqibatida hamyurtimiz o‘yin amaliyotisiz qolib ketdi.
Husain 2024 yilning boshida Farg‘onaning “Neftchi” jamoasiga ijaraga berildi. Vodiy klubida bir yil o‘ynagan Norchaev joriy yilning fevral oyida erkin agent maqomida qadrdon klubi “Nasaf”ga qaytib keldi.
Joriy mavsum iqtidorli hujumchi barcha turnirlarda 36 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga ikkita golli pas berdi. Norchaev O‘zbekiston milliy terma jamoasida uchta o‘yinda maydonga tushgan, Malayziya terma jamoasiga gol urib, yana ikkita assist qayd etgan.
Shomurodov “yondiryapti”: Bu gal Onananing darvozasini “teshib” qo‘ydi!
Kim kuchli? Husanovni qozoq futbolchisi bilan taqqoslashdi
Shomurodov jamoani yakka o‘zi elkasida ko‘tarib kelyapti...
Yana qancha gol kerak? Shomurodov endi haqiqiy to‘purarligini isbotlayapti...



Fikrlar