
O‘zbek sport gimnastikasi tarixida yangi sahifa ochildi!
Xabar berganimizdek, bugun Toshkentda sport gimnastikasi bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi. E’tiborlisi, musobaqaning dastlabki kunida hamyurtimiz Abdulla Azimov Parij-2024 yo‘llanmasiga ega chiqib, o‘zbek sport gimnastikasi tarixida yangi sahifa ochdi.
U yakkalik yo‘nalishining ko‘pkurash dasturida 82.431 ball jamg‘arib, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi o‘z tarixida birinchi bor Olimpiya o‘yinlariga uchta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Poytaxtimizda o‘tayotgan musobaqada qit’amizning 23 mamlakatidan 150 nafarga yaqin atlet ishtirok etmoqda. Ushbu Osiyo chempionatida kattalar o‘rtasida yakkalik yo‘nalishining ko‘pkurash dasturida Parij-2024 yo‘llanmasi o‘ynaladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar O‘zbekiston hisobida sport gimnastikasi bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasi uchun 2 ta yo‘llanma mavjud edi. Ushbu yo‘llanmalar Habibullo Ergashev va Rasuljon Abdurahimovga tegishli. Endi ular qatoriga Abdulla Azimov ham kirdi.
Fikrlar