
O‘zbek legionerlarining darajasi qanday? Masharipov "Rotor"ga yordam bera oladimi? - Maksim Shatskix bir qator savollarga javob qaytardi
Rossiya premer-ligasida Volgogradning “Rotor” klubi yaqqol autsayder bo‘lib turibdi. O‘tkazilgan 10 ta o‘yinda hali g‘alaba qozona olishmadi, 3 ta durang va 7 ta mag‘lubiyat bilan oxirgi o‘rinni band etib kelmoqda. Ushbu jamoaning murabbiylar shtabida esa hamyurtimiz Maksim Shatskix ishlayotganini yaxshi bilsangiz kerak. U bosh murabbiy Aleksandr Xatskevichga yaqinda ko‘maklashmoqda.
Ushbu juftlik bundan oldin Kievning “Dinamo”sida ham birga faoliyat ko‘rsatishgandi. Tabiiyki, Shatskixning futbolimizga doir bildiradigan har qanday fikrlari hech birimizni bee’tibor qoldirmaydi. Uning sports.uz saytiga bergan intervyusida klubidagi vaziyat va o‘zbek futboliga doir bir qator masalalar ko‘tarilgan.
- Maksim Aleksandrovich, sizning “Rotor”dagi ishlaringiz qanday kechyapti? Eshitishimcha, klubda muammolar bor ekan...
- Bizda hammasi joyida. Siz eshitgan gaplar menimcha faqat ayrim kishilar o‘rtasida yurgan shunchaki mish-mish xolos.
- Agar yanglishmayotgan bo‘lsam, ayting-chi, oxirgi o‘yinda Xatskevichning o‘rniga jamoani o‘zingiz boshqardingiz. Xatskevichning sog‘ligi joydami?
- Shukrki, Xatskevichning ahvoli yaxshi. U kasallikdan butkul sog‘aygan.
- Afsuski, ayni paytda “Rotor” musobaqaning pastki qismidan joy egallab turibdi. Klubni qutqarib qolishning iloji bormi?
- Hali o‘yinlar ko‘p. Shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, jamoada yosh va yangi futbolchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular o‘yin falsafasini anglab etmoqliklari zarur. Buning uchun esa vaqt kerak. Vaqt hamma narsaga davo, deb bekorga aytishmaydi.
- Xabaringiz bor, hamyurtimiz Eldor Shomurodov Italiya A seriyasiga ko‘chib o‘tdi. Uning italyan birinchiligida o‘ynab keta olish imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Bu uning hayotidagi oldinga tashlangan katta qadamdir. Shomurodovning Italiya A seriyasida qanday o‘ynab keta olishi birinchi navbatda faqat o‘ziga, jismoniy quvvati va ruhiy muvozanatiga bog‘liqdir. U o‘zining eng kuchli jihatlarini namoyish etish bilan birga o‘yinidagi ojiz nuqtalarini murabbiyga ko‘rsatmaslikka harakat qilsa yaxshi bo‘lardi.
- Yaqinda mana shunday ma’lumot paydo bo‘ldi: Belarus chempionatida o‘zidan iliq taassurot qoldirayotgan Jasur Yaxshiboevga Kiev “Dinamo”si tomonidan qiziqish bor. Nima deb o‘ylaysiz, Yaxshiboev “Dinamo”ning o‘yiniga moslashib ketgan bo‘larmidi?
- Hozircha men bunday ma’lumotdan bexabarman. Aftidan, bu shunchaki odamlar orasida yurgan mish-mish gap bo‘lsa kerak. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, xorijlik o‘yinchi biror-bir birinchilikka ko‘chib o‘tgudek bo‘lsa, u mahalliy futbolchilardan har tomonlama kuchli bo‘lmog‘i darkor. Baxtga qarshi men Jasur Yaxshiboevning qanday imkoniyatlarga ega ekanligini hali tuzukroq bilmayman.
- Maksim Aleksandrovich, “Rotor”da o‘zbek futbolchilarini ko‘rishni istagan bo‘larmidingiz? Agar shuni xohlasangiz, rahbariyatga kimlarni tavsiya qilardingiz?
- Bu savolingizga javob qaytarishim amrimahol. Chunki o‘zbek chempionatini sinchkovlik bilan kuzatish imkoniga ega emasman. Birinchilikni qaerda tomosha qilishni ham bilmayman. Faqat gohida milliy terma jamoa ishtirokidagi uchrashuvni tomosha qilish imkoni yuzaga keladi xolos.
- “Paxtakor”dagi o‘yinlari orqali barchada iliq taassurot qoldirayotgan, Osiyo Chempionlar ligasi doirasida kiritgan to‘pi eng chiroyli gollar konkursiga qo‘yilgan Jaloliddin Masharipovni kuzatib boryapsizmi? Sizningcha, u “Rotor”ga asqotgan bo‘larmidi?
- Masharipovning o‘yinlarini kuzatib bormayapman. Biroq, eshitishimcha, u juda ham iqtidorli futbolchidir. Men uning faqat milliy terma jamoa safidagi ayrim o‘yinlarini kuzata oldim xolos. Ammo o‘sha bahslarda Jaloliddin Masharipov o‘z pozitsiyasida ayni damda eng yaxshi ijrochilardan biri ekanligini ko‘rsatib berdi. Chempionatdagi o‘yinlar terma jamoanikidan farq qiladi. Shuning uchun futbolchining qanday qobilyatga ega ekanligini bevosita uni kuzatish orqali bilib olish mumkin. Bu masalada klubning yig‘inida kuzatish maqsadga muvofiq bo‘lardi.
- Ayni damda Moskvaning “Spartak” klubi sharafini himoya qilayotgan Oston O‘runov e’tiboringizni tortadimi? U haqda nima degan bo‘lardingiz?
- Bilasizmi, men xuddi Jasur Yaxshiboev singari Oston O‘runovning ham maydonda qanday to‘p surishini hali ko‘rganim yo‘q. Shu bois bu savolingizga javob qaytara olmasam kerak.
- O‘zbekistonlik yana bir o‘yinchimiz – Javohir Sohibovning Ukrainaning “Rux” klubiga ko‘chib o‘tishi kutilyapti. Bu jamoa siz uchun begona hisoblanmaydi. Chunki faoliyatingiz oxirida aynan shu jamoada o‘ynagansiz. Shundan kelib chiqib, Sohibovga qanday maslahatlarni bergan bo‘lardingiz?
- Yuqorida Shomurodov haqida nima degan bo‘lsam, Sohibov borasida ham aynan shu gaplarni takrorlashimga to‘g‘ri keladi.
- “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasi chorak finalidagi o‘yinini ko‘rdingizmi? Klub bemalol engib o‘tishi mumkin bo‘lgan raqibi “Persepolis”ga yutqazib qo‘ydi.
- Yo‘q, o‘sha o‘yinni tomosha qila olmadim. Ammo “Paxtakor” haqida shuni aytishim kerakki, anchadan beri Osiyo maydonlarida ishtirok etib kelayotgan bu klubning biror-bir unvonni qo‘lga kiritishga munosib ekanligini isbotlaydigan payt etib kelgan.
- Oxirgi paytlarda o‘zbek futbolchilari xorij chempionatlarida o‘ynash uchun jo‘nab ketmoqda. Sizningcha, ularning orasidan “ikkinchi Maksim Shatskix” etishib chiqadigan ijrochi topiladimi?
- Men oldin ham mana shunday gapni bir necha bor ta’kidlaganman: taklif bo‘lyaptimi, o‘yinchini qo‘yib yuborish kerak. Bundan futbolchilarga katta foyda bo‘ladi. O‘z navbatida, o‘yinchilarni chetga yuborish terma jamoa manfaati uchun yaxshi xizmat vazifasini o‘taydi.
- Hozirgi kunda O‘zbekistondagi futbolchilar orasida eng kuchlisi kim?
- Men yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘zbek chempionatini kuzatib bormayapman. Shu boisdan ham bu savolingizga ham javob qaytara olmayman.
Fikrlar