
"O‘zbek kuvaldasi" kimligini bilasizmi yoxud o‘zbek sportchilarining muxlislar orasidagi mashhur nomlari (4 -qism)
Sportchilarimizning (jangovar sport turlari) xalq orasida qanday nom bilan mashhur bo‘lganligi haqida ma’lumot berayotgan edik. Bugunga qadar uch qismini taqdim etishga ulgurdik. Bugun 4-qismini e’tiboringizga havola etamiz.
Erkin Quttibaev – muaytay, boks, kikboksingchi
Muaytay bo‘yicha 5 karra jahon chempioni. Boks bo‘yicha Ukraina chempionati sovrindori, mashhur Vladimir Klichkoni o‘z vaqtida havaskor boksda mag‘lub eta olgan vatandoshimiz “O‘zbek kuvaldasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Anvar Boynazarov – muaytay, kikboksingchi
- Ushbu ajoyib jangichmizni muaytay va professional kikboksing olamida butunjahon taniydi deb bemalol ayta olaman. Chunki, u “Glory” tashkil qiladigan janglarda ishtirok etadi. Asosiy vaqti Tailandda o‘tadigan yurtdoshimizni “The Uzbek” deb atashadi.
Rustam Magdiev – qo‘l jangi, MMA jangchisi
Magdiev o‘zbek qo‘l jangining tirik afsonalaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur jangovar sport turining havaskor yo‘nalishidan borki sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Bir necha bor, jahon chempioni bo‘lgan. U sport olamida “Gogi” nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Hurshidbek Normatov – bokschi
Mazkur bokschimiz ayni kunda professional boksda mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. U 9 ta jang o‘tkazib barchasida g‘alaba qozona oldi. 10 jangini 28 yanvar kuni meksikalik Uriel Ernandesga qarshi o‘tkazadi. Bu jangda unga omad tilaymiz. Normatov faoliyatini okean ortida olib bormoqda. U erda esa yurtdoshimizni “Hershey” deb atashadi.
Humoyun Ibragimov – MMA jangchisi
Turkiyaning “Strike fighting championship”, “Legend fighting league” promoushenlarida o‘z janglarini o‘tkazayotgan hamda ushbu promoushenning engil vazndagi chempionligiga da’vogarlik qilayotgan hamyurtimizni Turkiyada “Emir Timur’un torunu” ya’ni Amir Temur avlodi yoki qisqagina “Emir” deb atashadi.
Jamshida Najmiddinov – bokschi
Professional boksda muvaffaqiyatli faoliyatini davom ettirayotgan ushbu hamyurtimizni ukrainalik jurnalistlar juda yaxshi eslab qolishgan. Sababi, barcha boks ixlosmandlariga ma’lum. Shuning uchun batafsil to‘xtalib o‘tishni joiz topmadim. Aynan o‘sha ukrainalik hamkasblarimizni hayron qoldirgan jangdan so‘ng, ular Jamshidga “Tyomnaya loshadka” deb nom qo‘yishgan. Tarjimasi "Ko‘rinmas ot" ekanligini barcha yaxshi biladi.
Amin Ergashev – MMA jangchisi
Aralash jang san’atining og‘ir vazn toifasida o‘z janglarini o‘tkazib kelayotgan atletimiz universal jang, qo‘l jangining havaskor va professional yo‘nalishlarida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. Ergashev “Bo‘ri” tahallusi bilan mashhur.
Fikrlar