
O‘zbek klubiga yutqazgan futbolchi katta va’da berib qo‘ydi
Samarqandning “Dinamo” jamoasi Superliga o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Turkiyada o‘tamoqda.
Samarqandliklar texnik, taktik, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan tashqari o‘yin amaliyotini kuchaytirish maqsadida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazishga ham e’tibor qaratmoqda.
“Dinamo” futbolchilari Qozog‘iston Premer-ligasi vakili, o‘tgan mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlagan “Aktobe” bilan bo‘lgan uchrashuvda Vohidjon Oqbo‘taev, Franchesko va Anvarjon Xolmirzaev tomonidan kiritilgan gollar evaziga 3:1 hisobida zafar quchgandi.
Ushbu bahsdan keyin “Aktobe” futbolchisi Alibek Qosim samarqandliklar bilan kechgan bahs haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Bu uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradik, lekin shunga qaramay, jamoa o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oldi. Hozir yig‘in davomida yuklamamiz juda katta bo‘lyapti, muammolar ko‘p.
“Dinamo” bilan g‘alaba uchun o‘ynagan edik, biroq o‘xshamay qoldi. G‘alabalar yangi mavsum davomida bo‘ladi. Bunga so‘z beraman.
- Tez orada “Tobol” bilan o‘yin bor. Mana shu uchrashuv haqidagi o‘y-fikrlar “Dinamo”ga qarshi bahsga xalaqit qilmadimi?
- Yo‘q, biz har bir uchrashuvga faqat g‘alabani ko‘zlab tayrgarlik ko‘ramiz. “Tobol” bilan bo‘lajak uchrashuvga ham puxta tayyorlanamiz. Mavsum oldidan o‘zimizni tekshirib olishimiz uchun hali yaxshi o‘yinlar bo‘ladi.
- Sen “Dinamo” bilan o‘yinni zaxiradan boshlading. Maydonga tushishing oldidan murabbiy qanday ko‘rsatma berdi?
- Murabbiy intizom haqida bir juft so‘z aytdi, buni hammamiz bilamiz. G‘alaba uchun o‘ynagan edik, lekin buning imkoni bo‘lmadi.
Eslatib o‘tamiz, “Dinamo” jamoasi o‘tgan mavsumni Pro-ligada o‘tkazgan edi. Samarqandlik futbolchilar musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunlab, yana yuqori divizionda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
“Dinamo” jamoasi yangi mavsumda Superligadagi ilk uchrashuvini 1 mart kuni o‘tkazadi.
Samarqandliklar shu kuni Namanganda “Navbahor” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Namanganliklar o‘tgan mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazib, uchinchi o‘rinda yakunlagan edi.
Fikrlar