O‘zbek futbolchisi Evropa maydonlarini ko‘zlamoqda
“Ufa” jamoasining o‘zbekistonlik legioneri Oston O‘runov mavsumga oid o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Maqsad – Evropa ligasida to‘p surish
Suhbat davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi joriy mavsumdagi maqsadlari katta ekanini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, u jamoasining Evrokuboklarga yo‘llanma olishiga ishonmoqda.
- Men o‘z salohiyatimni ko‘rsatib, ko‘p uchrashuvlarda g‘alaba qozonmoqchiman. Evropa ligasida to‘p surishni istayman. Nasib qilsa, shunday bo‘lishiga umid qilaman. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inimiz og‘ir bo‘ldi. Keyinchalik hammasi joyiga tushib ketadi, - dedi Oston O‘runov.

Jamoadoshlardan xursand
- “Ufa”da hammasi joyida. Meni barchasi qanoatlantiradi. Jamoadoshlarim zo‘r yigitlar ekan. Meni juda yaxshi qabul qilishdi. Vadim Evseevni ham yaxshi murabbiyligini bildim. Uning ish uslubi menga yoqdi, - deydi o‘zbekistonlik futbolchi.

Yurtga qayta olmay qoldi
Oston O‘runov koronavirus pandemiyasi tufayli karantin e’lon qilinganida Ufada qoldi. O‘zi buni quyidagicha izohladi.
- Men chegara ochiqligida yurtimga qaytishga ulgurolmay qoldim. Keyin Ufada qolishga to‘g‘ri keldi, - deydi O‘runov.

19 yoshli o‘zbekistonlik yarim himoyachi “Ufa” tarkibiga 2020 yilning 10 fevralida qo‘shilgan. Transfermarkt ma’lumotlariga qaraganda, uning transferi ufaliklarga 200 ming evroga tushgan. Hamyurtimiz yangi jamoasi tarkibida uchta uchrashuvda o‘yin o‘tkazdi va “Ufa”ning mart oyidagi eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
Oston O‘runov O‘zbekiston chempionatlarida 2017-2019 yillar davomida “Navbahor” jamoasida o‘ynagan va 51 ta uchrashuvda 3 ta gol urgan. Keyin “Lokomotiv” safiga qo‘shilgan futbolchi 13 ta marta maydonga tushib, bitta golga mualliflik qildi.




Fikrlar