
O‘zbek futbolchisi Chempionlar ligasi g‘olibidan taklif oldi
Uch mavsum davomida Qozog‘iston Premer-ligasida “Ordabasi” jamoasi sharafini himoya qilib kelgan va ushbu jamoa safida mamlakat chempionligi va kubogiga sazovor bo‘lgan Shahboz Umarov faoliyatini boshqa ligada davom ettirish imkoniga ega bo‘ldi.
25 yoshli futbolchimizning Chimkent klubi bilan shartnomasi 31 dekabr kuni yakunlangan edi. Shahboz “Ordabasi”dan ketib, qishki o‘quv-mashg‘ulotlarni o‘tash uchun Qozog‘istonning boshqa klubi – “Turon” safiga qo‘shildi.
Turkistonliklarning Turkiyada tashkil etilgan yig‘inida ishtirok etayotgan Umarov jiddiy klubdan taklif oldi.
Bir necha manbalarning ma’lum qilishicha, Birlashgan Arab Amirliklarining kuchli klublaridan “An-Ayn” o‘zbekistonlik hujumkor futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.
Ekspertlar agar tomonlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishsa, Birlashgan Arab Amirliklari chempionati Shahboz Umarov faoliyatida yangi bosqich bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Shahboz Umarov aslida “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Lekin poytaxtliklar asosiy tarkibiga kira olmaganidan keyin faoliyatini Olmaliqda davom ettirgan. Ikki yil OTMK jamoasi sharafini himoya qilgan Umarov bu jamoa safida O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘ldi.
2020 yilning yozida iste’dodli futbolchi legionerga aylandi. Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida bir yil to‘p tepganidan keyin uni ushbu mamlakatning etakchi jamoasi – BATE o‘z safiga qo‘shib oldi.
Maydonda bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan Shahbozning Borisov shahri jamoasidagi debyut mavsumida juda samarali o‘yin ko‘rsatdi. Biroq keyingi mavsum oldidan ishi orqaga ketdi. Bosh murabbiy bilan urishib qolgan hamyurtimizni murabbiylar shtabi yarim yil davomida maydonga tushirmadi.
BATE rahbariyatimurakkab vaziyatni yumshatish maqsadida legionerimizni keyinchalik sotib olish huquqi bilan Qozog‘istonning “Ordabasi” jamoasiga yarim yilga ijaraga berdi.
O‘zbek legioneri Belarusni quruq tark etgani yo‘q. BATE safida mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
Umarov qo‘shni davlat chempionatiga ko‘chib o‘tganidan keyin o‘z iqtidorini namoyish qila oldi va chimkentliklarning asosiy o‘yinchisiga aylandi. “Ordabasi” o‘zbek futbolchisining transferini to‘liq sotib oldi.
Hujumkor futbolchimizning professional faoliyatiga nazar solsak, u OTMKda 20 ta uchrashuvda bitta assist qayd etgan. Belarusning ikki klubi – “Energetik-BGU”da 31 ta o‘yinda to‘rtta gol, uchta assist, BATEda 36 ta bellashuvda oltita to‘p kiritib, to‘qqizta golli pas uzatdi.
Umarovning “Ordabasi”dagi harakatlari muxlisu mutaxassislarga manzur bo‘ldi. Jami 77 ta bahsda ishtirok etgan hamyurtimiz ettidan gol va assist muallifi bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, Shahboz Umarovga olishga harakat qilayotgan “Al-Ayn” Birlashgan Arab Amirliklari Pro-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda. Bu jamoa 2024 yili Osiyo Chempionlar ligasi g‘olibi hisoblanadi.
BAA chempionatida o‘zbekistonlik ikki nafar futbolchi to‘p tepmoqda. Aziz G‘aniev “Al-Bataix” jamoasi sharafini himoya qilayotgan bo‘lsa, Hojimat Erkinov “Al-Vahda” jamoasi o‘yinchisi hisoblanadi.
Hujumkor legionerimiz Premer-ligadan yangi jamoa topdi
Fayzullaev Ispaniyada porlaydi!
Shomurodov Germaniyada o‘ynaydi!
Belous: “O‘zbeklar Angliya va Italiyada o‘ynayapti, Qozog‘istonda bunaqasi ko‘rinmaydi!”
Husanovning ustozi katta va’da bervordi!
Fikrlar