
O‘zbek futbolchisi Angliya Premer-ligasiga bormoqchi...
Rossiya kubogining chorak finalida TsSKA va “Rubin” jamoalari to‘qnashuvi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining ham e’tiboridan chetda qolgani yo‘q.
Qozonliklar mezbonlik qilgan dastlabki uchrashuvda hisob ochilmagan bo‘lsa, poytaxtdagi javob o‘yinida “armiyachilar” raqib darvozasini uch marotaba ishg‘ol qildi. Biz uchun qiziq tomoni bu jamoalardagi legionerlarimiz – Umarali Rahmonaliev va Abbosbek Fayzullaev har ikki bahsni boshlang‘ich tarkibda boshladi.
Abbosbek javob o‘yinida gol urib, jamoasining yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga munosib hissa qo‘shdi.
Iste’dodli o‘yinchimiz Umarali Rahmonaliev esa, bellashuvdan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Sports.uz portali “Rubin”dagi legionerimizning fikrlarini o‘zbekistonlik futbol muxlislari e’tiboriga havola qiladi.
Bosh murabbiy Rashid Rahimov haqida
Mavsum davomida ayrim muxlislar bosh murabbiy Rashid Rahimovning iste’fosini talab qilyapti. Men buni tushunmayman. Jamoa juda yaxshi o‘ynayapti, har bir uchrashuvda oxirigacha kurashyapti.
Bosh murabbiyning ketishini istayotganlar fikriga qo‘shilmayman, shu bois barcha o‘yinchilar murabbiy uchun ham kurashyapti.
Miralem Pyanich haqida
Miralem Pyanich har doimgidek juda aqlli o‘ynadi, bellashuv davomida to‘g‘ri qarorlar qabul qildi. U to‘pni olishi bilan keyingi vaziyat bo‘yicha bir qarorga kelib oladi, mana shu xususiyatini alohida ta’kidlashni istardim.
Miralem Pyanich boo‘qa o‘yinchilardan ajralib turadi, chunki u o‘z davrida juda yuqori darajada o‘ynagan.
Moskva klublari bilan raqobat haqida
“Rubin”ning poytaxt klublari bilan bir xil darajadami yoki yo‘q, buni muhokama qilolmayman. Lekin Moskva klublari bilan raqobatlashishga harakat qilyapmiz. Men biz ular bilan munosib raqobatlasha olamiz, deb o‘ylayman.
Faoliyatini Angliyada davom ettirmoqchi ekani haqida
Kelajakda Angliya Premer-ligasida o‘ynashni istayman. U erda hujum ham, himoya ham, qaror qabul qilish ham juda tez. Bu menga aynan yoqadigan xususiyat. Bundan tashqari, mazkur ligada mening sevimli jamoam o‘ynaydi.
Rossiya Premer-ligasi ham ularning chempionati bilan tenglasha oladi, buning uchun ko‘proq hujumkor va kreativ o‘yin ko‘rsatish lozim.
Bu erda ham raqobat yaxshi, jamoa ichida ham raqobat har doim bor. Bu bizga o‘sishimiz va mahoratimizni oshirish imkonini beradi.
21 yoshli Umarali Rahmonaliev “Bunyodkor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Toshkent shahri jamoasida jami 38 ta uchrashuvda ishtirok etib, sakkizta gol va bitta assist muallifi bo‘lgan.
Umarali 2023 yilning yanvarida “Rubin”ga ko‘chib o‘tdi. Rossiyaga ko‘chib o‘tganida dastlab qozonliklar bilan yarim mavsum birinchi ligada ishtirok etib, to‘rtta o‘yinda maydonga tushdi. Yil yakunlariga ko‘ra, jamoa Rossiya Premer-ligasiga yo‘llanma oldi. Shundan beri Umarali Rahmonaliev jamoadagi yana bir legionerimiz Rustam Ashurmatov bilan Premer-liga va Rossiya kubogi musobaqalarida “Rubin” sharafini himoya qilib kelmoqda.
Rahmonaliev qozonliklar jamoasida jami 27 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga ikkita assist yozdirib qo‘ygan. Uning amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha davom etadi.
Fikrlar