
O‘yinni burib yuborgan Fayzullaev qanday baholandi?
Rossiya Premer-ligasining oltinchi turiga kelib, TsSKA futbolchilari endigina boshlangan mag‘lubiyatlar seriyasiga barham berishga muvaffaq bo‘ldi.
Bungacha chempionatda asosiy raqobatchilaridan “Krasnodar” va “Lokomotiv” bilan bo‘lgan bellashuvlarda ketma-ket ikki marotaba imkoniyatni boy bergan “armiyachilar” o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida yirik hisobdagi g‘alabani tantana qildi.
Serbiyalik bosh murabbiy Marko Nikolich shogirdlari bu gal liga debyutanti “Akron” jamoasini qabul qilgan bo‘lsa-da, raqib ancha jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. TsSKA o‘yinda burilish yasashi uchun bitta gol urib olishi talab etilardi.
Hamma kutgan ana shu vaziyatni Abbosbek Fayzullaev yaratib berdi. Legionerimizning o‘ta qulay pasini Tamerlan Musaev raqib darvozasiga joyladi. O‘yin oxirigacha muxlislar yana uchta gol guvohi bo‘ldi – 4:0.
Maydonda 80 daqiqa harakat qilgan 20 yoshli hujumkor futbolchimiz o‘yin davomida bitta assist muallifi bo‘lgandan tashqari ancha faol o‘ynadi. Abbosbekning jamoashdoshlariga bergan paslarining 83 foizi aniq chiqdi, uzof masofaga uch marotaba to‘p uzatdi va ularning bari manzilgan to‘g‘ri etib bor.
Bundan tashqari hamyurtimiz umumiy hisobda to‘rtta xavfli vaziyat yaratib berdi. O‘zi darvoza tomon bir juft aniq zarba yo‘lladi.
TsSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich uchrashuvdan keyin o‘yin borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashib, Abbosbek Fayzullaev haqidagi savolga ham javob qaytardi.
- Birinchi bo‘limda ko‘plab vaziyatlar yaratilganiga qaramay, gol bo‘lmadi. Bu gal vaziyatlar ancha o‘tkir bo‘ldi. Birinchi golni urishimiz bilan o‘yin umuman boshqacha ko‘rinish oldi. O‘yin chiroyli chiqsa, muxlislar mamnun bo‘ladi.
Birinchi to‘pni kiritish juda muhim edi. O‘tgan safar “Lokomotiv” bilan o‘yinda aynan mana shu narsa etishmagandi, bu gal o‘xshadi. Bahsning birinchi yarmidagi vaziyatlardan foydalana olmaganimiz achinarli holat. Buning ustida ishlayapmiz. Ba’zan o‘xshayapti, ayrim holatlarda bo‘lmayapti.
- O‘tgan mavsumda Abbosbek Fayzullaev eng yorqin o‘yinchilardan bo‘lgandi. Hozircha Abbosga nima etishmayapti?
- Abbosbek Fayzullaevning o‘yiniga kelsak, u etarli darajada hordiq chiqargani yo‘q. Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirok tufayli mavsumoldi yig‘inini ham o‘tkazib yubordi. Qishda Osiyo kubogida ham shundan holat yuz bergandi.
Abbos hali yosh yigit, juda iqtidorli, harakatlari, to‘p bilan ishlashi zo‘r. O‘sishda davom etaversin. Lekin undan haddan tashqari ko‘p narsa talab qilish uning rivojlanishiga halaqit berishi mumkin.
Erkin o‘ynasin. Men uni katta kelajak kutib turibdi, deb o‘ylayman, - dedi Marko Nikolich.
Abbosbek Fayzullaev roppa-rosa bir yil muqaddam “Paxtakor”dan TsSKA safiga ko‘chib o‘tgandi. 20 yoshli futbolchimiz qisqa fursatdi Evropadagi futbol ekspertlari, skautlar, selektsionarlar va murabbiylar nazariga tushdi.
Bugungi kunda legionerimizning transfer summasi 6 million evroga ko‘tarilgan va Abbos Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi hisoblanadi.
Fikrlar