
O‘yin qahramoniga aylangan Stanislav Andreev "Metallurg"ning medallar uchun kurashishiga sha’ma qildi...
“Metallurg” jamoasining etakchi futbolchilaridan Stanislav Andreev 5-turda “Andijon”ga qarshi bahsda o‘yin qahramoniga aylandi. Axir uning raqib darvozasiga kiritgan ikkita goli yakunda “Metallurg”ning g‘alabasini ta’minlaganidan keyin u qahramon bo‘lmasdan, yana kim bo‘lsin?!
Andreev jamoasi uchun juda foydali futbolchi, ammo qanot yarim himoyachisi doim ham bir uchrashuvda ikkita gol uravermaydi. Shuni hisobga olgan holda Stanislav Sports.uz muxbiri bilan muloqotda avvalo Andijondagi bellashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Uchrashuv qiyin kechishini murabbiyimiz bir necha marta ta’kidlagandi. Boisi “Andijon”da hali g‘alaba yo‘q, qolaversa yangi murabbiy ish boshlaganligi mezbonlarga yaxshi motivatsiya berardi. Biz esa o‘yinning dastlabki daqiqalaridagi bosimga bardosh berishimiz lozim edi va buni uddaladik. Keyin esa tashabbusni o‘z tomonimizga og‘dirib oldik. Natijani o‘zingiz ko‘rdingiz, ikkita to‘p farqi bilan g‘alaba qozondik. Ikkinchi bo‘limda gollar bo‘lmadi, biz esa qayd etilayotgan natijani saqlab qolishni uddaladik.
Shu o‘rinda “Metallurg” futbolchisi “Andijon” haqida ham shaxsiy fikrlarini bildirar ekan, jamoa hali o‘z so‘zini aytishiga ishonishini ham ta’kidladi.
- Qaysi jamoaga qarshi o‘ynamaylik, tabiiyki raqibni o‘rganamiz. “Andijon”ning ham bu yilgi mavsumdagi uchrashuvlarini sinchkovlik bilan kuzatdik. Murabbiylarimiz shunga yarasha taktika tanlashdi. Xato qilmaganimiz yakuniy natijada aksini topdi.
- “Andijon” o‘ziga xos jamoa. Tirishqoq, oxirigacha kurashadigan, mahoratli futbolchilari bor. Faqat ular o‘zlariga ishonishlari lozim. O‘shanda barchasi yaxshi bo‘ladi. Ularning o‘yini esa turdan-turga yaxshilanib borishiga ishonaman.
Pandemiyadan keyin yana chempionatimiz davom ettirilmoqda. Albatta, o‘tgan uch oysiz futboldan so‘ng barcha jamoalar-u, futbolchilar o‘yin ritmidan chetga chiqib qolishganligi tabiiy edi. Biroq go‘yoki uch oylik tanaffus “Metallurg” klubiga ta’sir ko‘rsatmagandek. Chunki ular avvaliga “Lokomotiv” maydonida, so‘ngra Andijonda muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi.
- Koronavirus pandemiyasi futbolga, uning ritmiga ta’sir etmasdan qolmadi. Nafaqat bizda, jahon futbolini ham kuzatayotgan bo‘lsangiz, bu holatning shohidi bo‘lasiz. Ammo chempionatni tugatib qo‘yishimiz shart. O‘zPFL bu borada kerakli chora-tadbirlarni ishlab chiqqan. Taqvim bor, barcha ehtiyot choralari ko‘rilgan holda uchrashuvlar tashkillashtirilyapti. Nasib bo‘lsa, pandemiya mavsumni muvaffaqiyatli yakunlab olishimizga xalaqit bermaydi, - deya bu borada munosabat bildirdi, Andreev.
Bilasiz, “Metallurg” klubi ketma-ket ikki mavsumdan beri chempionatni faxrli 5-o‘rinda tugatib kelmoqda. Bu albatta, bekobodliklar uchun yaxshi natija hisoblanadi. Bu yilgi maqsad qanday? Klub bundan-da, yuqoriga sakray oladimi? Bu haqida Andreevning javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Jamoamizning bosh maqsadi muxlislarimizni xursand etish, metallurglar shahri va tumani aholisi, qolaversa Toshkent viloyati xalqi kayfiyatini ko‘tarishdan iborat. Bevosita bu yilgi vazifalar haqida aytadigan bo‘lsam, ketma-ket ikki mavsum chempionatni beshinchi o‘rinda yakunladik. Bu yil ham ko‘rsatkichimizni pasaytirish niyatimiz yo‘q. Omadimiz chopsa, natijalarni yaxshilashimiz mumkin. Ehtimol, medallar uchun kurashish imkoniyati ham bo‘lar.
Fikrlar