"O‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmayapti, hakamlarni kuchli yoki kuchsiz deya olmayman" - Vitaliy Levchenko
Farg‘onaning “Neftchi” klubi bu yil medallar uchun astoydil kurashyapti. Birgina ushbu jamoa hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Oldinda ularni Farg‘onada “Surxon”ga qarshi muhim o‘yin kutyapti.
Mazkur bellashuvdan avval “Neftchi” “Andijon”ga qarshi nazorat o‘yinini o‘tkazdi. Mezbonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenkoni suhbatga tortdik.
- Vitaliy Grigorevich, o‘yindan qanday taassurotlar oldingiz?
- Ikki tomon uchun juda foydali o‘yin bo‘ldi, deb o‘ylayman. Uchrashuv davomida ko‘plab hujumlar va tezkor harakatlar bo‘ldi. Chempionatimizda biroz tanaffus bo‘lgandi va bundan foydalanib o‘rtoqlik o‘yinini tashkil qildik. Bu uchrashuvda futbolchilarni yana nimalarga qodirligini, ularning holatini nazorat qilishga imkoniyat tug‘ildi. O‘ylaymanki, uchrashuvdan o‘zimiz uchun yaxshigina xulosa chiqardik.
- Demak, o‘yindan har tomonlama qoniqdingiz-a?
- Albatta, o‘yindan qoniqdim. O‘yinchilarimizning holatini yanada yaxshiroq tekshirib oldim.

- “Neftchi” chempionatda mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettiryapti. Shundan kelib chiqib, jamoangizning ishtiroki haqida nimalarni ayta olasiz?
- Albatta, imkoniyat darajasida harakat qilib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatyapmiz. Xudoga shukrki, kerakli natijalarga erishyapmiz. O‘yindan-o‘yinga “ochilib”, keyingi uchrashuvlarda yana nimalar qilishimiz kerakligi haqida o‘ylayapmiz. Tinmasdan harakatdamiz. O‘yinimizni borgan sari yaxshilab, takomillashtirib boryapmiz.
- “Buxoro”ga qarshi o‘yin haqida ham so‘ramoqchiman. O‘shanda durang bo‘ldi va hakamning jamoangiz tomon belgilangan penaltisi noto‘g‘ri ekanligi ekspertlar tomonidan aytildi...
- Doimgidek hakamlar haqida gapirishni yomon ko‘raman. Buni avval ham aytganman. Shuning uchun ularning faoliyatiga to‘xtalmayman. Futbolda birinchi yil ishlamayapman. Hakamlar ishini tekshiradigan maxsus komissiya bor. Ular hakamlarni faoliyatiga baho bergaini ma’qulroq.
- Umuman, hakamlarning saviyasi borasida aniq gap ayta olasizmi?
- Hakamlarni kuchli yoki kuchsiz deya olmayman. Ularni o‘yinlarga tayyorlaydigan qo‘mitalar bor. Hakamlarni faoliyatida shunday vaziyatlar yuz beradiki, o‘shalarni to‘liq ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi.

- Nihoyat, jamoa etakchisi Lutfulla To‘raev jarohatidan forig‘ bo‘lyapti va “Andijon”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Uning holati qanday? Endi “Neftchi”ga yordam bera oladimi?
- Asta-sekin maydonga qaytishga harakat qilyapti. O‘yinga qaytishi va maydonni his qilish uchun imkon qadar imkoniyat yaratib berishga harakat qilyapmiz. O‘ylaymanki, u keyingi uchrashuvlarda maydonga tushadi va jamoamizga yordam bera oladi.
- Chempionatimizdagi oldingi kuchli trio – “Navbahor”, “Neftchi” va “Paxtakor” yana birgalikda medallar uchun kurashishga kirishishdi. Ushbu klublar kuchli uchlikda borishmoqda. Shunday holat oxirigacha saqlanib qolinarmikin?
- Umumiy ma’noda aytishim mumkinki, chempionat saviyasi yomon emas, yuqori darajada deyishim mumkin. Hamma harakat qilyapti, hamma o‘ynayapti va yuqori natijalarga erishishga intilyapti. Oddiy, o‘tkinchi uchrashuvlar bo‘lmayapti. Barcha yuqori o‘rinlarga kurashyapti. Jamoalar bor mahoratini ko‘rsatyapti. Hech kim yutqazishni xohlamayapti. Kuchli o‘yinlar bo‘lyapti, deyishim mumkin. Ha, qiyin kechyapti, ammo shu bilan birgalikda qiziqarli chempionat deb ayta olaman. Shunchaki, oddiy o‘yinlar bo‘lmayapti. Bu esa muxlislarning yanada qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday klublar borki, ular sovrinlar uchun kurashishyapti. Yana shunday jamoalar borki, ular pastga tushib ketmaslik maqsadida bor imkoniyatini ishga solishmoqda.
- “Neftchi” keyingi turni “Surxon”ga qarshi o‘tkazadi. Bo‘lajak raqib to‘g‘risida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- “Surxon” yomon jamoa emas. Tarkibida yosh, baquvvat va o‘yinga chanqoq futbolchilari bor. Kuchli o‘yin bo‘ladi. Raqibni oddiy jamoa deb o‘ylamayman. “Surxon”ni “Bunyodkor” bilan o‘yinini ham ko‘rdik. Yaxshi jamoa ekanligi ko‘rinib turibdi. Uchrashuvdan avval taxmin qilish to‘g‘ri emas. Chunki oddiy klublar yo‘q. Chempionatda ochko olish qiyin kechyapti. Buning uchun yaxshigina tayyorgarlik ko‘rish kerak. Shunda kerakli natijaga erishish mumkin bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.



Fikrlar