O‘tgan yilgi muvaffaqiyatsizlikdan qanday xulosa chiqardi? Yoxud "Qo‘qon-1912"da ish boshlagan Davron Fayziev haqida

  • 21 fevral, 2020, 23:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” jamoasida Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiy bo‘lib ishga kirishganidan keyin tarkibni kuchaytirish bilan birga murabbiylar shtabiga ham jiddiy e’tibor berishni unutmadi va yoniga o‘zi bilan malakali mutaxassislarni to‘pladi. Yaqinda esa siz-u, bizga yaxshi tanish bo‘lgan murabbiy Davron Fayziev ham Qo‘qon jamoasida rasman ish boshladi. U bosh murabbiy Ashurmatovga yaqindan yordam bermoqda. O‘tgan yili Samarqandning “Dinamo” klubini boshqargan chog‘ida turli qiyinchiliklarga duch keldi, oxir-oqibat uning o‘zi ham mavsum yakuniga etmasdan iste’foga chiqdi va jamoasi ham Superligani tark etdi. Endilikda esa Fayziev yangi mavsumda qo‘qonliklar jamoasida faoliyat olib boradigan bo‘ldi.

Tecno

Fayzievning “Qo‘qon-1912”da ish boshlashi haqida

Davron Oripovich, hozirda butun diqqat-e’tiborini yangi klubiga qaratgan. Uning bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov bilan qalin munosabatda ekanligini yaxshi bilamiz. Shu boisdan Fayzievning “Qo‘qon-1912”da ish boshlashida bevosita Ashurmatovning roli katta ekanligini uning o‘zi quyidagi fikrlari orqali tasdiqlab o‘tdi.

- Hamma yaxshi bilsa kerak, biz Baxtiyor bilan yoshligimizdan do‘stmiz. U esa Qo‘qon jamoasida birgalikda ishlashni taklif qilganida yo‘q deb javob bera olmadim. Holbuki, menga boshqa klublardan ham xuddi shunday lavozimga chaqiruvlar bor edi. Lekin yaqinda dadam vafot etdi. Shu bois aslida ham boshqa takliflarga unchalik jiddiy qaray olmadim. Qolaversa, bu borada vaqt ham yo‘qotdim. Chunki biror-bir jamoani boshqarish uchun menda deyarli vaqt qolmagandi. Bunday vaziyatda yordamchi murabbiy bo‘lib ishlash variantlari bor edi. “Qo‘qon-1912”da 2 fevraldan ish boshladim. Ungacha selektsiya ishlarida maslahatlashib turgandik. Zimmamga yuklatilgan vazifani bajarib qo‘limdan kelganicha jamoaga yordam berishga harakat qilaman. Ko‘ryapsiz, bu yil jamoa yangi murabbiy qo‘l ostida yangitdan shakllanyapti. Buning uchun men ham o‘z hissamni qo‘shishni istayman. Bilasizmi, Qo‘qon shahri, uning muxlislari va jamoasi ham men uchun begona emas. Doimo ular bilan o‘rtamizda iliq munosabatlar bo‘lgan.

Qo‘qonliklarning yangi mavsumga tayyorgarligi qanday ketmoqda?

Yangi tuzilgan murabbiylar shtabi tomonidan jamoaning yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda uning yakuniy bosqichi davom etmoqda. Aytish kerakki, bu borada Davron Fayziev ham kutilganidek yaqindan ko‘maklashib kelmoqda. U esa o‘z navbatida yangi jamoasining tayyorgarligi haqida gapirib o‘tdi.

- Klubga keladigan bo‘lsak, ishlarimiz yaxshi, yomon emas. Futbolchilar uchun hamma sharoitlar rahbariyat tomonidan tashkil qilib berilyapti. Bu esa har qanday murabbiy uchun katta plyus. Jamoa o‘z iqtisodiyotidan kelib chiqqan holda transferlarni amalga oshiryapti. Buning uchun rahbariyat bilan hamjihatlikda ish olib borilyapti. Futbolchi taklif qilinayotganida uning nomiga, familiyasiga e’tibor qaratilayotgani yo‘q. Iloji boricha jamoaning o‘tgan yilgi o‘zagi saqlab qolindi. Faqat ularning yoniga 3-4 nafar futbolchi qo‘shilyapti, busiz ham iloji yo‘q edi. Baribir qishki yig‘in davomida keldi-ketdilar ro‘y berishi tabiiy hol. Endi yangi mavsumni ko‘tarinki ruhda boshlab olishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Asta-sekin “Qo‘qon-1912” sport formasiga kirib boryapti. Lekin oldimizda turgan sanoqli kunlar ichida yana ayrim bajaradigan ishlarimiz bor. Umid qilamanki, barcha yigitlarimiz chempionatga yaxshi sport formasida kirib borishadi.

fayziev4

Jamoaning yangi mavsumdagi maqsadi qanday?

O‘ylaymizki, qo‘qonlik muxlislarning sevimli jamoasidan yangi mavsumda umidi katta. Ular o‘tgan yilgi xato va kamchiliklar yana takrorlanishini aslo xohlashmaydi. Qiziq, “Qo‘qon-1912”ning oldiga aniq maqsad qo‘yildimi? Bu masalada Fayziev quyidagicha javob qaytardi.  

- To‘g‘risi, biz hozircha jamoa rahbariyati bilan bafurja o‘tirib, yangi mavsum oldidan maqsad haqida gaplashganimiz yo‘q. Chunki jamoa Toshkentda yig‘in olib borayotgandi. Yangi mavsum arafasida rahbariyat bilan maqsad haqida gaplashiladi. Tan olish kerakki, bugungi kunda “Paxtakor” boshqalarga nisbatan ikki bosh ustun. Buni Osiyo Chempionlar ligasining dastlabki ikkita o‘yini ham ko‘rsatib berdi. Albatta, bu “Paxtakor”ni oldindan chempion yoki raqib jamoani mag‘lub bo‘ldi degani emas. Lekin hozirda “Paxtakor” eng kuchli klub bo‘lib turibdi. O‘ylashimcha, qolgan barcha jamoalar bir xil darajada. Shuningdek, mavsum davomida omadga ham ko‘proq bog‘liq bo‘ladi deb hisoblayman. Albatta, qo‘qonlik muxlislarning sevimli jamoasidan umidi katta. Toshkentdagi nazorat uchrashuvlarida ham ular jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Farg‘onadagi “Hokim Kubogi”da ham ishqibozlar faollik ko‘rsatishdi. Bu borada ulardan minnatdormiz.

“Dinamo”dagi omadsizlik uning faoliyatiga salbiy ta’sir qilyaptimi?

Fayzievning oldingi ishlagan joylariga e’tibor qilsak, u asosan mehnatkash jamoalarni shakllantirib kelgan. Lekin doim hammasi bir tekisda ketavermaydi. Ayniqsa, o‘tgan yili “Dinamo” bilan muvaffaqiyatsizlikka uchragani balki Davron Fayzievning murabbiylik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandir. Yoki bu masalada uning o‘zi boshqacha fikrdami?

- To‘g‘ri aytdingiz, ishlagan klublarimda asosan mehnatkash jamoani shakllantirib kelganmiz. Byudjeti o‘rtacha bo‘lgan klubda shunday tarkibni tuza olganimizdan bir xil paytlarda xursand bo‘laman. Ikkinchi tomondan esa xafa ham bo‘laman. Kam byudjet bilan 5-6 ta o‘yin, nari borsa bir davra o‘ynash mumkin. Ammo yil davomida sizning ixtiyoringizda tajribali futbolchilar bo‘lmaganidan keyin baribir jamoa qiynalib qolar ekan. Murabbiy sifatida esa o‘zimga ta’sir qildi. Jizzaxda va Samarqandda ishlagan bo‘lsam, o‘shanda u erdagi vaziyatni hamma yaxshi bilardi. Men byudjeti yaxshi bo‘lgan paytlarda ishlaganim yo‘q. Masalan, o‘tgan yili ham eng past byudjet bizning jamoamizda bo‘lgandi. Natija esa birgina murabbiygagina bog‘liq bo‘lib qolmaydi-da. Aslida bu natija klubdagi hamma-hammaga bog‘liq. Har qanday murabbiy klubi bilan sovrinli o‘rinlarga chiqishni istaydi. Lekin boya aytganimdek, birgina murabbiyni ayblash ham noto‘g‘ri. Ammo futbolda yozilmagan qonun bor: yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi. Qiyin sharoitda esa hamma ishni faqat murabbiyning o‘ziga tashlab qo‘yish ham noto‘g‘ri. To‘g‘risi, bungacha ishlagan klublarimda ozmi-ko‘pmi boshqa ishlarni ham bajarishimga to‘g‘ri keldi. Lekin endi bu haqida gapirish ham noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi, hammasi ortda qoldi. Lekin bir narsaga amin bo‘ldimki, byudjeti salmoqli bo‘lgan jamoada ishlash murabbiyga osonroq bo‘ladi. Hozirda aynan moliyaviy jihatdan yaxshiroq imkoniyatlarga ega bo‘lgan klublarda faoliyat olib borayotgan murabbiylarga nisbatan engilroq bo‘layotganini endi tushunib etyapman. O‘z ishimni tahlil qilish jarayonida vaqt kamligi, bunday paytda sizdan faqat natija talab qilinayotgan paytda mehnat qilish naqadar qiyinligini tushundim. Baribir kasbingiz taqozosi yuzasidan boshqa jamoalarda ishlayotgan murabbiylarning ishini kuzatib baho berasiz. Masalan, “Andijon”ni boshqarayotgan Aleksandr Xomyakovning o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rgan holda unga qanchalik qiyin bo‘layotganini yaxshi tushunib turibman. Mana shunday paytlarda murabbiyni ham to‘g‘ri tushunishlarini xohlardim. Nolishga hojat yo‘q, Qo‘qonda niyatlar katta. Birinchi o‘rinda esa jamoa tarixini yaxshi bilish kerak. Moskvaga borib “Lokomotiv”da amaliyot o‘tagan chog‘imizda bir narsaga ahamiyat qaratdimki, klubga kim yangi kelishidan qat’iy nazar uni birinchi navbatda jamoa mezeyiga olib kirib tarixi bilan tanishtirishar ekan. Men ham “Qo‘qon-1912”ga kelgunimga qadar klub tarixini eshitganman-u, ammo yaxshi bilmasdim. Mana, endilikda jamoa tarixini yaqindan o‘rganib chiqyapman. Klubda ish boshlaganimda birinchi navbatda shu jihatlarga e’tibor qaratdim. Masalan, jahonda birinchi bo‘lib Angliyada futbol tashkil etilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda ilk bor Qo‘qonda futbol jamoasi tashkil etilgan. U futbolchi bo‘ladimi yoki murabbiymi, qaergadir keldimi, albatta o‘zidan yaxshi nom qoldirishi kerak. Shunday ekan, Qo‘qonda ham o‘zimizdan iliq taassurot qoldirish uchun harakat qilamiz. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi deb hammamiz aytamiz. Biz esa ana o‘sha ishqibozlarimizning mehrini qozonishimiz kerak.

fayziev2

Davron Fayziev o‘zini etakchi klublarda tasavvur qila oladimi?

Bosh murabbiy sifatida “So‘g‘diyona” hamda “Dinamo”da ishlagani sababli ko‘pchilik uni o‘rtamiyona klublarda ishlaydigan mehnatkash murabbiy sifatida tasavvur qiladilar. Lekin murabbiy o‘zini etakchi klublarda ham tasavvur qila oladimi? Bu borada uning imkoniyati qanday? Bu masalada gap ketganda shunday fikr bildirdi.

- O‘zimda ham etakchi klublarda ishlash niyatim bor. Ayniqsa, yuqori vazifalarni bajarish yo‘lida ishlash juda qiziqarli bo‘ladi. Buning uchun o‘qib izlanishda davom etaman. Katta maqsadlarni bajarish yo‘lida ishlashdan qo‘rqmayman. Qachondir ushbu istagimga erishishga harakat qilaman. To‘g‘ri, siz aytib o‘tganingizdek, asosan qutqaruvchi vazifasida ishladim va bunga ko‘pchilik o‘rganib ham qolgan. Lekin bu ham murabbiy uchun bir sinov. Jamoa tuzish yoki uni shakllantirishda qo‘rqayotganim yo‘q. Agar yaxshi byudjetga ega bo‘lgan jamoadan taklif bo‘lsa ikkilanmasdan bu chorlovni qabul qilishim mumkin.

Fayziev nimadan uyalmasligini aytdi

Vaziyat taqozosi bilan bunga qadar ishlagan klublarida bosh murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Davron Fayziev endilikda yordamchi murabbiy vazifasida ishga kirishdi. Bu esa keyinchalik uni biror jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlash imkoniyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Mutaxassisning javobi esa quyidagicha bo‘ldi:

- Har doim bosh murabbiy bo‘lishni orzu qilmaganman. Hayotim futbol bilan bog‘liq. Yordamchimi yo katta murabbiymi, farqi yo‘q, mehnat qilishdan qo‘rqmayman va qanday lavozimda ishlashimdan qat’iy nazar uyalmayman. Balki boshqalar faqat bosh murabbiy bo‘lishni istashar, ammo menda bunday xohish yo‘q. Yordamimga kimdir extiyoj sezsa, ikkala tomonning fikri bir joydan chiqsa unda ishlash mumkin. Yordamchi murabbiy bo‘lib ishlasam nima qilibdi?! Bunday lavozimda ham siz bosh murabbiy kabi o‘sha jamoaga o‘z yordamingizni berishingiz mumkin. Agar menga boshqa klubdan taklif bo‘lsa, buni “Qo‘qon-1912” rahbariyati bilan ko‘rib chiqamiz va kelishsak boshqa taklifni qabul qilishim mumkin. Lekin o‘z ixtiyorim bilan boshqa taklifni qabul qilishga mening haqqim yo‘q. Chunki mening “Qo‘qon-1912” bilan shartnomam bor.

Yangi mavsum oldidan

Yana sanoqli kunlardan keyin yangi mavsum start oladi. Xo‘sh, joriy yilgi chempionat o‘tgan yilgidan nimasi bilan farq qilishi mumkin? Yoki yana o‘tgan yilgidek o‘tadimi? “Paxtakor”ga kimlar raqobat ko‘rsatishi mumkin? Davron Fayziev esa boshlanayotgan mavsum xususda shunday dedi:

- O‘ylashimcha, yangi mavsum o‘tgan yilgidan ko‘ra qiziqroq o‘tadi. Bizda futbol mavsumi boshlandi desak ham bo‘laveradi. “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi ishtirokiga futbol bayramini boshlab berdi. Kutilganidek, bu klub yana sovrinlar uchun asosiy da’vogar bo‘lsa, ammo o‘tgan yilgidek katta farq bilan chempion bo‘lishi qiyin bo‘ladi deb o‘ylayman. “Navbahor”, “Surxon”, “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” jamoalari ham yuqori vazifalar haqida ochiq-oydin aytishyapti. Ularning qatoriga nima uchun “Qo‘qon-1912”ni qo‘shmasligimiz mumkin? Yuqorida aytganimdek, “Paxtakor”dan tashqari qolgan barcha jamoalar bir xil holatda. Har bir klubning yangi mavsum boshidan o‘z oldiga qo‘yadigan vazifalari bo‘ladi. Menimcha, bu chempionat jumboq jamoalar ko‘p bo‘ladi. Ammo kim qanday tayyorgarlik ko‘rganini mavsum ko‘rsatib beradi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдусамат Жураев
22/02/2020 07:25
ОЗГИНА ОМАДСИЗ МУРАБИЙ АТАК ИШИНИ ЯХШИ БАЖАРАДИ
&
Asqar Xan
21/02/2020 23:22
Qo'qon-1912 jamoasi mavsumni yaxshi boshlab olsin omad