
Otajonov: "Ergashevning maydonda yo‘qligi bilindi"
Superliganing 11-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Navbahor" uchrashuvida namanganliklar yirik 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur bellashuvdan keyin "qaldirg‘ochlar" bosh murabbiyi Murod Otajonov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Futbol ikki taym o‘ynaladi. Birinchi taymda yomon harakat qilib, ikkinchi bo‘limda barchasini o‘nglash qiyin masala. "Navbahor"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Tanaffusdan keyin amalga oshirgan o‘zgarishlarimiz, o‘yinga ta’sir qildi.
Davron Ergashevdek asosiy futbolchining maydonda yo‘qligi darrov bilinadi. Ba’zi nuqtalarda mahoratli futbolchilar etishmasa, murabbiyning rejalari ham ishlamaydi. "Navbahor" hujumkor o‘yin namoyish qildi. Jamoa safida O‘zbekiston milliy terma jamoasida harakat qiladigan futbolchilar bir nechtani tashkil qiladi. Shunga qaramay, bunday startni kutmagandik.
Biz standart vaziyatlar ustida ish olib boramiz, lekin bugun birorta standartdan naf chiqara olmadik. Menimcha, namanganliklar bu borada bizga qaraganda ko‘proq ter to‘kkan", - dedi Otajonov.
Eslatib o‘tamiz, "Bunyodkor"ni 12-turda "Metallurg" mehmoni bo‘ladi.
Fikrlar