
Otabek Shukurovning oyog‘i gips qilindi
O‘FA Matbuot xizmati o‘yindan keyin terma jamoa shifokori Abror Pirrievdan Otabekning holati haqida ma’lumot oldi.
"Otabek Shukurov bugun Xitoyga qarshi o‘yinda jarohat olib, maydonni erta tark etishga majbur bo‘ldi. Biz maydonning o‘zida Otabekka birinchi yordamni ko‘rsatdik. Keyin uni mahalliy shifoxonaga olib bordik. Tekshiruvlar natijasida Otabekning boldir suyagi pastidan singani aniq bo‘ldi. Ammo suyak joydan siljimagan. Bu juda muhim. Qolaversa, sinish ko‘ndalang emas. Bunday hollarda futbolchining jarohatdan tiklanishi osonroq bo‘ladi. Tekshiruvlar natijasidan keyin shunday xulosaga keldik: bunday holatda futbolchi yo operatsiya qilinishi kerak yoki oyoqning singan joyi fiksatsiya, ya’ni gips qilinib, davolanishi zarur. Operatsiya qilingan taqdirda, jarohatning bitishi tezroq bo‘ladi.
Ammo Otabek Shukurov "Sharja" klubi a’zosi bo‘lganligi sababli bu holda klub shifokorlari bilan maslahatlashish talab etilardi. Biz BAA klubi bilan aloqaga chiqdik. Ular Otabekning oyog‘ini gips qilgan holda, Dubayga olib borishni maslahat berishdi. Klub shifokorlari Dubayda futbolchini yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazishadi. Keyin davolanish bo‘yicha eng ma’qul variantni o‘zlari futbolchi bilan kelishgan holda amalga oshirishadi. Shu sababli Shukurovning oyog‘i gips qilindi. Ertaga u BAAga uchib boradi va u erda davolanishni davom ettiradi. Bunday jarohatlar odatda ikki oy ichida tiklanadi. Otabek Shukurovga tezroq sog‘ayib ketishini tilab qolamiz", - dedi Abror Pirriev.
Fikrlar