
Otabek G‘ulomxo‘jaev: "Navbahor"dagi ishim faqat selektsiya bilan bog‘liq
O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaevning salohiyatiga yuqori baho berilayotgani sir emas. Uning murabbiylikdagi malakasi terma jamoadagi ish faoliyati orqali ham ortib bormoqda. Balki klublarning unga qiziqish bildirayotgani ham bejiz emasdir. Yaqinda uning «Navbahor»da selektsioner murabbiy sifatida ishlashi borasida taklif bo‘lganligi xususida gap bo‘lgandi. Shuni aytish joizki, oxirgi paytlarda unga bo‘lgan qiziqish kuchaymoqda. Shu bois bo‘lsa kerak, yosh murabbiy bilan hamkorlik qilishni istayotganlar tobora ko‘payib bormoqda. Yaqinda esa G‘ulomxo‘jaevning namanganliklar jamoasida chindan ham selektsioner murabbiy lavozimida ish boshlagani aniq bo‘ldi. Buni terma jamoa murabbiyi tasdiqladi.
- Ha, men «Navbahor» klubida selektsioner murabbiy bo‘lib ishlayapman, - deb gap boshladi, Otabek G‘ulomxo‘jaev. - Xabaringiz bor, jamoada rahbariyat almashdi. Yangi tayinlangan rahbariyat esa meni klubga taklif qildi. Bundan tashqari, viloyat hokimining o‘zi ham «Navbahor»da ishlashimga hayrixohligini bildirdi. Namanganda futbolga e’tibor va qiziqish kuchli bo‘lgani uchun ham klubni har tomonlama rivojlantirish ishlari olib borilyapti. Bu erda faqatgina klubning o‘zigina emas, balki futbol maktablari, akademiya, umuman bolalar futboliga jiddiy qarashmoqda. Ayniqsa, «Nasaf», «Bunyodkor»ning mavqeiga olib chiqish uchun poydevor boshlanyapti. Lekin ertaga vaziyat o‘zgarib meni biror joyga murabbiylikka taklif qilishsa ham Ravshan Ermatovsiz hech qanday qaror qabul qilmayman. Bilasiz, terma jamoa asosiy ishimiz hisoblanadi va bizga ishonch bildirib taklif qilishgan. Har qanday holatda ham menga taklif bo‘lsa, buni avvalambor Ravshan aka bilan maslahatlashaman va qanday fikr bildirsa ham rozi bo‘laman. Aslida esa menga birgina «Navbahor»dan emas, boshqa klublardan ham takliflar bor. Lekin mavsum o‘rtasida biror-bir jamoaning boshqaruvini qo‘lga olish unchalik yaxshi holat emas. Hozirgi paytda esa rasman bo‘lmasa-da, og‘zaki ravishda ayrim jamoalardan kelasi mavsum uchun hamkorlik qilish bo‘yicha taklif bilan chiqayotganlar ham bor. Lekin asosiysi men O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyiman. To‘g‘risi, menga yana ikkita klubdan taklif bor. Ya’ni, bosh murabbiylikka chaqirishmoqda. Aytishim mumkinki, hozirdan Superliganing bitta klubi meni shu lavozimga taklif qilyapti. Lekin kimligini ayta olmayman. Agar aytsam, terma jamoa va «Navbahor» klubiga hurmatsizlik qilgan bo‘laman.
Shuningdek, terma jamoa bosh murabbiyi «Navbahor»da zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifa nimadan iborat ekanligi haqida ham gapirdi.
- Selektsioner nima ish qiladi? Iqtidorli futbolchilarni qidirib topamiz. Bu nafaqat asosiy jamoa uchun, balki yoshlar va bolalar futboli uchun ham taalluqlidir. Misol uchun o‘rinbosarlar jamoasi uchun chekka-chekka tumanlardan iqtidorlarni topishim mumkin. Agar biz ko‘rgan yoshlar terma jamoa darajasida bo‘lsa, u holda albatta termaga ham «tortamiz». Hozircha mening ishim faqat selektsiya bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, G‘ulomxo‘jaevdan «Navbahor» bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bilan ham ishi yuzasidan gaplashdimi-yo‘qmi, umuman, u haqidagi fikrlari bilan ham qiziqib ko‘rdik.
- Bosh murabbiy to‘g‘risida hech nima ayta olmayman. Chunki murabbiy murabbiyga baho bera olmaydi. Negaki, men uning ishiga, mashg‘ulotlariga, murabbiylik siyosatiga aralasha olmayman. Sen selektsioner murabbiysan, o‘z ishingni qil deyishga uning haqqi bor. Agar men murabbiy bo‘lib, biror selektsioner kelib, ishimga aralashadigan bo‘lsa, u bilan xayrlashgan bo‘lardik. Shuning uchun hamma o‘z ishi bilan shug‘ullangani ma’qul. Albatta, Kanchelskis menga qanaqa o‘yinchilar kerakligini aytdi va taxminan kimlarga o‘xshashligini ta’kidlagan holda shunga qarab ishni olib boryapmiz. Agar ko‘z ostimizga olib qo‘ygan yoshlar bo‘lsa, ularning nomzodlarini ko‘rsatamiz. Shundan keyin rasmiy ravishda taklif qilinadi.
Ma’lumki, U-19 Osiyo chempionati kelasi yili Toshkentda o‘tkaziladi va unda O‘zbekiston terma jamoasi mezbon sifatida ishtirok etishi aniq bo‘ldi. Bu esa bosh murabbiyning rejalariga o‘zgartirish kiritgan bo‘lishi ham tabiiy.
- Bu endi bizga ikki hissa ko‘proq ma’suliyatni yuklaydi. Ha, O‘zbekistonning musobaqani o‘zida o‘tkazishi uchun ariza berganini bilardim. Lekin mezbonlikni bizga berishlarini kutmagandim. Bu esa biz murabbiylar va futbolchilarni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimizga turtki beradi. O‘zimizda birinchi marta bunday darajadagi Osiyo chempionatini qabul qilamiz. Tarixga kirish va jahon chempionatiga chiqishimiz kerak.
Xabaringiz bor, terma jamoamiz Saudiya Arabistonida Osiyo chempionati saralash bahslariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Endi esa mezbonlik O‘zbekistonga berilgach, ushbu saralashning bizga u qadar katta ahamiyati qolmadimi? Bu borada Otabek G‘ulomxo‘jaevning munosabati quyidagicha bo‘ldi:
- Bu bizni bo‘shashtiradi degan narsa emas. Saudiyaga borganimizdan keyin barcha raqiblarimiz orasida birinchi o‘rinni olishimiz kerak. Bu bilan o‘yinimizni yanada shakllantirishimiz lozim. Chunki tarkibimizda sog‘lom raqobat yuzaga kelgan. Biz hozirdan Osiyo chempionati uchun jiddiy tayyorgarlikni boshlayapmiz. Axir ko‘z ochib yumguncha keyingi yilning oktyabr oyi ham keladi. Shu bois mezbonligimiz uchun o‘z-o‘zidan Osiyo chempionatiga chiqdik, vazifa bajarildi deb aslo xotirjamlikka berilmaymiz.
Qiziq, ushbu yosh mutaxassisga bir vaqtning o‘zida ham terma jamoada, ham «Navbahor»da ishlash ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmasmikin-a?
- Yo‘q. Agar ta’sir qilishini bilganimda ikkita joyda ishlamagan bo‘lardim. Terma jamoada ishlayotgan taqdirimda ham selektsiya ishlari davom etaveradi. Selektsioner murabbiy degani har doim Namanganda «Navbahor» bilan birga bo‘ladi degani emas. Biz asosan boshqa joylardan iqtidorlarni ko‘zdan kechiramiz. Terma jamoa bilan safarlarga va o‘yinlarga boramiz. «Navbahor» rahbarlari esa hammasini inobatga olgan holda meni taklif qilishgan. Bilasizmi, futbolda selektsiya kecha-yu, kunduz davom etishi kerak, - deydi murabbiy.
Fikrlar