Ostonning ostonasidagi supero‘yin

  • 30 oktabr, 2023, 06:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

30 oktyabr oqshomida futbol shinavandalarining nigohi Namanganga qaratiladi. “Navbahor” markaziy stadionida “olovli” o‘yinga ortiqcha ta’rif shart emas.

Tecno

Darvoqe, bu 22-turning qoldirilgan uchrashuvi doirasida o‘tkaziladi. Bir-biriga munosib va mos raqiblar. Ikkisining maqsadi aniq. “Nabvahor” 43 ochko bilan 2-o‘rinda, “Nasaf” esa 42 ochko bilan 3-pog‘onada. Rosti, durang hech kimni qoniqtirmaydi. Lekin peshqadam bo‘lib turgan “Paxtakor”ga foydali. Hozirda “Navbahor” bilan o‘rtada 6 ochkolik farq bor. Balki “Paxtakor” bu o‘yin natijasiga unchalik ham ahamiyat qaratmas. Chunki hammasi ularning o‘z qo‘lida. “Navbahor” bilan “Nasaf” o‘rtasidagi olishuv esa balki 2-o‘rin egasini aniqlashda katta turtki bo‘lishi mumkin. Lekin g‘olib jamoada chempionlik uchun oxirigacha kurashish imkoniyati saqlanib qoladi.

Osiyo Chempionlar ligasida yomon ishtirok etmayotgan “Navbahor” va “Nasaf” ayni paytda juda tig‘iz grafik asosida o‘z o‘yinlarini o‘tkazmoqdalar. Masalan, ikkala jamoa uch kun oldin chempionatda maydonga tushishgan. Murabbiylarga bunday paytda futbolchilarining tiklanish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirishi oson emas.   

babayan19

Bir narsa aniq: bu oddiy o‘yin emas. Sarguzashtlarga hamda turli voqealarga boy uchrashuv bo‘lishini hozirdanoq tasavvur qilsa bo‘ladi. Bilasizmi, “Navbahor” hozirgacha Superligada eng ko‘p – 39 ta gol urgan va OKMK bilan peshqadam bo‘lib turibdi. “Nasaf” esa o‘z darvozasidan shu kungacha eng oz – 14 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. Ammo “Navbahor” ham darvozasi daxlsizligini yaxshi himoya qila oladi. Ular “Nasaf”dan so‘ng eng oz gol o‘tkazish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda – 15 ta gol.

Demak, kuchli hujum va kuchli himoyaga ega bo‘lgan klublar bu safar maydonda saf tortadilar. Tabiiyki, kim kuchli ekanligini kuzatish bunday paytda yanada qiziqarlidir. Birinchi davrada Qarshidagi bahsda hisob ochilmagan. Jamoalar chempionatda 53 bor to‘qnash kelishgan. Ustunlik “Nasaf”da. Boisi, “Navbahor”da 14, “Nasaf”da esa 22 g‘alaba bor. Yana 17 ta uchrashuvda durang kuzatilgan. To‘plar nisbati 67\79 qarshiliklar foydasiga.

Boya birinchi davradagi bahsda 0:0 hisobi qayd etilgani haqida yozdik. Ammo oxirgi yillarda ushbu jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlarda darvozalar daxlsiz qolganini ta’kidlash darkor.

Shuningdek, bugungi o‘yin oldidan ikkala jamoada yo‘qotishlar bor. “Navbahor”da Davron Hoshimov, Toma Tabatadze, Yovan Jokich kabi etakchilar jarohat tufayli maydonga tusha olmasliklari aytilmoqda. “Nasaf” esa gruziyalik pleymeykeri Jiagurining xizmatidan foydalana olmasligi katta ehtimol. Bundan tashqari, Ro‘ziqul Berdiev jamoasi qisqa muddatlar ichida muhim o‘yinlarini o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. “Navbahor” bilan bahsdan so‘ng 3 noyabr kuni chempionat doirasida Toshkentda “Paxtakor” bilan, oradan 3 kun o‘tib, o‘z maydonida endi OChL 4-turida BAAning “Sharja”siin qabul qiladi. Hali oldinda O‘zbekiston Kubogi finali ham kutib turibdi.

berdiev23

Babayan bu o‘yinda ochko yo‘qotsa, u yana namanganlik muxlislar tomonidan tanqidlar ostida qolishi aniq. Lekin uning jamoasida chempionatimiz darajasidan yuqori saviyadagi Oston O‘runov bor. Kerak bo‘lsa bu futbolchining bir o‘zi individual harakatlari bilan o‘yin taqdirini hal qilishi hech gap emas, xuddi OChL doirasidagi “Nassaji”ga qarshi uchrashuvdagi kabi. Shuning uchun Berdiev jamoasiga O‘runovni zararsizlantirish ham oson kechmaydi.

Yana bir masala bu hakamlar bilan bog‘liq. Ko‘ryapsizlar, oxirgi paytlarda yana hakamlar hamda VAR mavzusi avj olyapti. Tabiiyki, “Navbahor” – “Nasaf” o‘yinida hakamlar jamoasiga oson emas. Umid qilardikki, ular yana asosiy mavzuga aylanib qolishmasin.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
30/10/2023 18:38
Остоннинг остонаси қаерда? Бу мақолага нима алоқаси бор? Кўчма маэнода ҳам тўғри келмайдику. Кўчма маънодаги сўзлар, қўштирноқ ичида ёзиларди, шекилли?
Узимдааа Мендааа
30/10/2023 09:10
3та клубнинг уйинни курамиз адашмасам Навбахор Насаф 3 очка учун курашади ? Хакамлар эса 4 очка учун курашади ?