
Oston O‘runov: "Navbahor" endi joyini topdi"
“Navbahor” futbolchisi Oston O‘runov o‘z o‘yinlari bilan Superligani “yondiryapti”. Raqiblar uni to‘xtatib qolishning deyarli imkonini topa olmayaptilar. U o‘yinni o‘z qo‘liga olyapti va jamoasining yuragiga aylandi.
Deyarli barcha O‘runovning qanday mavqe va saviyadagi futbolchi ekanini bilgan holda uni Superligadagi eng kuchligi deya e’tirof etmoqdalar.
Yaqinda “Navbahor” Toshkentda “Bunyodkor”ni 5:1 hisobida tor-mor keltirganini bilasiz. O‘runov o‘z hisobiga ikkita gol yozib qo‘ydi. Shundan so‘ng Sports.uz jurnalisti O‘runovga ayrim savollarni yo‘lladi.
- Oston, ayting-chi, “Bunyodkor”ni 5:1 hisobida yutishinglarni o‘ylaganmidingiz?
- O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. To‘g‘risini aytsam, 1-taymni o‘zida 5 ta gol uramiz, deb o‘ylamagandim. Lekin bu uchrashuvda yutishimizga hammada ishonch bor edi. Chunki bizda tarkib barqaror va barcha futbolchilar ajoyib sport formasida.
- “Navbahor”ni peshqadam sifatida ko‘rish jamoaning muxlislari uchun hamma vaqt yoqimli. Lekin buni oxirigacha ushlab turishni o‘zi bo‘lmaydi. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- “Navbahor” endi joyini topdi. Bunday tarkib, bunday muxlislar va atmosfera bilan birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Peshqadamlikni ushlab turishiga keladigan bo‘lsak, hammasi o‘zimizni qo‘limizda. Bo‘shashmasdan oxirigacha shunday kuchli ishtiyoq bilan o‘tkazsak bemalol chempion bo‘lamiz.
- Ayni paytda O‘zbekiston chempionatida Oston O‘runovdan ko‘ra kuchli futbolchi bor deb o‘ylaysizmi?
- (Kuladi) Ha, O‘zbekiston chempionatida yaxshi o‘yinchilar bor. Lekin mening niyatim O‘zbekiston chempionatida eng kuchligi bo‘lish emas, niyatlarim balandroq.
- Rossiya chempionatidan qaytgach, O‘zbekiston Superligasi darajasi qanday ko‘rinyapti, sizga?
- Rossiya boshqa daraja. Ammo O‘zbekiston chempionati oldingiga qaraganda ancha o‘sgan. Ayniqsa, bizga qarshi jamoalar bor kuchini berib o‘ynashyapti.
- Raqiblar sizga doim jiddiy qarshilik ko‘rsatishga urinishyapti. Shu paytgacha sizga eng jiddiy qarshilik qaysi o‘yinda yoki qaysi futbolchi tomonidan bo‘ldi?
- Yana qaytaraman: “Navbahor”ga qarshi hamma jamoa bor kuchini berib o‘ynayapti. Lekin hali jiddiy qarshilik sezmadim. Unutmaylik, men yana 6-7 oy futbol o‘ynamadim.
- "Navbahor"ni chempion qilib keyin ketasizmi yoki birinchi davradan keyin ham xorijga ketishingiz mumkinmi?
- Barcha e’tiborim “Navbahor”ga qaratilgan. Hozirdan nimadir deyishni xohlamayman, vaqt ko‘rsatadi.
- Osiyo Kubogi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi va unga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoamiz Avstraliya, Suriya va Hindistonga qarshi guruh uchrashuvlarini o‘tkazadi. Oston, guruhimiz xususida nima degan bo‘lardingiz?
- Hozirgi milliy terma jamoa juda o‘zgargan. Hamma futbolchilarni ishtiyoqi baland, barchasi o‘ziga ishonadi. Shuncha o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdik, birortasida ikkilanib yutamizmi yoki durang degan narsani o‘ylashmagan. Barcha faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi. Raqiblarga kelsak, bizga farqi yo‘q. Qanaqa jamoa bo‘lishidan qat’iy nazar g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar