
Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori Toshkentning Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik darajasini yuqori baholadi
Yirik sport tadbirlarining barchasi ham stadionlarda o‘tkazilmaydi. Shu haftada mamlakatimiz tarixida ilk bor Xalqaro forumlar saroyida Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining 77-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Eng yuqori sport amaldorlari orasida odatda ko‘plab nufuzli arboblar, siyosatchilar va biznesmenlar borligini kam odam biladi. OOK bundan mustasno emas. Shunday qilib, OOK prezidenti v.b. Raja Ranghir Singx — nafaqat Hindistonni oltita Olimpiadada himoya qilgan mohir mergan, balki Patialadagi maxarajalarning qadimgi oilasining avlodi hamdir. 2001-2014 yillarda XOQ a’zosi bo‘lib, sportdagi yutuqlarni baholay olishda unga tengi yo‘q, shu bois 2025 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan IV Yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik loyihasiga uning bergan yuksak bahosi juda qadrlidir.
Osiyo Olimpiya Kengashi bosh direktori Husayn Al-Musallam Toshkentning 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik darajasi va sur’atini yuqori baholadi. Doktor Al-Musallam nafaqat Quvayt Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi, balki Xalqaro suzish federatsiyasi prezidenti sifatida ham eng tajribali va nufuzli xalqaro sport mutasaddilaridan biridir.
Uning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan suv sportini ommalashtirish, shuningdek, maxsus kurslar va murabbiylar almashinuvini tashkil etishda texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Juma kuni poytaxtimizda birdagina ikkita tarixiy sport voqealari bo‘lib o‘tdi. Birinchidan, Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi, ikkinchidan, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining 30 yilligini nishonlash. Sport arboblarining shahzodalar tomonidan taqdirlanishlari tez uchrab turadigan hodisa emas, ammo bu safar aynan shunday bo‘ldi. Rishod Sobirovga mukofotni Saudiya shahzodasi Abdulaziz bin Turki al Faysal topshirgan bo‘lsa, Qatarlik Abdulrahmon Tani Al Kuvari Armen Bag‘dasarovning xizmatlarini alohida belgiladi. Hammasi oddiy: ularning ikkalasi ham OOK vitse-prezidentlaridir. Darvoqe, Saudiya Arabistonining yana bir shahzodasi Fahad bin Jalaviy bin Abdulaziz Al Saud OOKda Ta’lim qo‘mitasi rahbari lavozimida faoliyat yuritadi va shu haftada u ham Toshkentga tashrif buyurdi. OOKning boshqa a’zolari qatori ular uchun ham ish safarlarining asosiy taassurotlardan biri Toshkentning 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli loyihasi bo‘ldi.
Agar siz qidiruv tizimiga Gordon Tang ismini kiritsangiz, Google birinchi navbatda u Singapurlik milliarder va SingHaiyi aktsiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi yirik biznesmen ekanligi haqida ma’lumot beradi. Ushbu kompaniyaning rahbari AQShning sobiq prezidentining ukasi Nil Bush ekanligi uning ko‘lamidan dalolat beradi. Biroq, Gordon Tang biznesdan tashqari vindsyorfingga qiziqadi va hatto bu bilan 1980 yillarda professional tarzda shug‘ullangan. Nima uchun biz Forbes ro‘yxatining bu a’zosi haqida so‘zlab bermoqdamiz? Chunki, u Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti sifatida kecha O‘zbekistonga OOK Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida qatnashish uchun tashrif buyurdi. Shu bilan birga, ko‘pchilik qatori unda ham Toshkentda 2025 yilda o‘tkaziladigan yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarchilik loyihasining taqdimoti katta taassurot qoldirdi. Chunki Tangning o‘zi ham 2029 yilda Kambodjada shunga o‘xshash O‘yinlarni o‘tkazish uchun shaxsan javobgar.
Fikrlar