
Osiyo kubogida 2-tur uchrashuvlari o‘z nihoyasiga etdi (barcha guruhlardagi vaziyat)
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogining 2-turidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z nihoyasiga etdi. Kutilmagan natijalarga boy o‘tgan turdan so‘ng barcha guruhlardagi vaziyat bilan tanishishingiz mumkin.
"A" guruhi
Qatar minimal hisobda Tojikistoni taslim qilib, 6 ochko bilan pley-off masalasini hal qildi. Bir kishi kam bo‘lib qolgan qo‘shnilarimizga qarshi yagona golni Akrom Afif kiritdi. Livan - Xitoy bahsida bo‘lsa nursiz durang qayd etildi.
"B" guruhi
Avstraliya Suriya to‘sig‘idan o‘ta oldi. O‘yinning 59-daqiqasida Jekson Irvin hisobni ochdi va bu gol yagonaligini saqlab qoldi. 6 ochkosi bor Grem Arnold shogirdlari ham guruhdan chiqdi. O‘zbekiston esa Hindistonni qiyinchiliksiz taslim qildi. Uchrashuvda dastlab Abbos Fayzullaev, keyin esa Igor Sergeev va Sherzod Nasrullaevlar o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi.
"C" guruhi
Falastin - BAA bahsida tomonlar durangga imzo chekdi. 23-daqiqada Sulton Adil hisobni ochgan bo‘lsa, Al Hammadi qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Ikkinchi taym boshida Bader Abaelaziz o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Gongkong - Eron o‘yinida eronliklar minimal 0:1 hisobida zafar quchdi. Mazkur bahsdan so‘ng Amir Galeoniga nisbatan tanqidlar ko‘paydi. Ammo uning shogirdlari pley-offga muddatidan oldin yo‘l oldi.
"D" guruhi
Turnirning eng kutilmagan natijasi Iroq - Yaponiya bahsida qayd etildi. 5-daqiqadayoq hisobni ochgan Ayman Husseyn birinchi taym so‘nggida yana bir bor o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. 90+3 daqiqada Vataru Endo javob qaytardi. Indoneziya esa Vetnamni 0:1 hisobida taslim qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu guruhdan Iroq birinchi o‘rin bilan pley-offga chiqdi.
"E" guruhi
Yana bir kutilmagan hisob Iordaniya - Janubiy Koreya bahsida kuzatildi. 9-daqiqada Son penaltini aniq amalga oshirgan bo‘lsa, iordaniyaliklar ikki marta javob qaytarib, oldinga chiqib oldi. So‘nggi daqiqalarda Yazan Alarab avtogol urib qo‘ydi va hisob tenglashdi. Bahrayn esa Malayziya ustidan g‘alaba qozonib, ilk 3 ochkosini qo‘lga kiritdi.
"F" guruhi
O‘mon - Tailand bahsida tomonlar durangga imzo chekdi. Saudiya Arabistoni esa Qirg‘iz Respublikasini 2:0 hisobida taslim qildi. Ikki kishi kam bo‘lib qolgan qo‘shnilarimizga qarshi Muhammad Kanno birinchi golni urgan bo‘lsa, Al G‘amdi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi.
Fikrlar