
Osiyo kubogi finalida O‘zbekiston bilan o‘ynasak yaxshi bo‘lardi!
Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogidagi eng yorqin voqealardan biri ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etayotgan Tojikiston milliy terma jamoasining guruh bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, birinchi urinishdayoq pley-off bosqichiga yo‘llanma olgani bo‘ldi.
Tojikistonlik futbolchilar nimchorak finaldan o‘tish uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan kuch sinashadi.
Qo‘shnilarimizning etakchi o‘yinchilaridan Alisher Jalilov Rossiyaning metaratings.ru saytiga bergan intervyusida O‘zbekiston terma jamoasi haqida ham fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, Rossiya futbolida tarbiyalangan, “Rubin”, “Nefteximik”, “Baltika” kabi jamoalarda to‘p tepgan hujumkor futbolchi o‘zbek futboli bilan juda yaxshi tanish. Alisher ham Tojikiston terma jamoasining bir necha o‘yinlari singari O‘zbekistonda ham faoliyat olib borgan. U 2022-2023 yillarda Olmaliqda o‘ynagan. Ayni paytda esa, o‘z yurtida “Istiqlol” jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
Sports.uz portali Alisher Jalilovning intervyu davomida O‘zbekiston terma jamoasi haqidagi fikrlarini muxlsilar e’tiboriga havola qiladi.
- Osiyoda kuchli terma jamoalar bor. Bular Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Avstraliya, Qatar va men O‘zbekiston milliy terma jamoasini ham alohida ta’kidlagan bo‘lardim.
O‘zbekiston termasi bilan o‘rtamizda sirtqi raqobat bormi? Yo‘q, albatta.
Aksincha, biz do‘stmiz, bir birimizga muxlislik qilamiz, jon kuydiramiz. Ular ham biz ham Osiyo kubogida uzoqroq borishimizni tilayman.
O‘zimga qolsa, Osiyo kubogining finali Tojikiston va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida bo‘lishini istardim.
Agar o‘zbekistonliklar bizdan uzoqroqqa borsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz, ular ham bizga xuddi shunday munosabat qiladi, – dedi Alisher Jalilov.
Ta’kidlash joizki, Tojikiston terma jamoasi qit’a chempionatining guruh bosqichida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. “A” kvartetidan o‘rin olgan qo‘shnilarimiz ilk uchrashuvda Xitoy bilan durang o‘ynadi, keyin musobaqa mezboni – qatarliklarga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi. So‘nggi turda Livan terma jamoasini 2:1 hisobida dog‘da qoldirgan tojiklar guruhda ikkinchi o‘rinni olib, pley-offda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. Jamoa gollariga Parvizjon Umarboev hamda Nuriddin Hamroqulov mualliflik qildi.
Shuningdek, tojikistonliklar safida Ehsoni Pandshanbening harakatlari yuqori baholandi. Bu futbolchi 2020-2022 yillar davomida Namanganning “Navbahor” jamoasi sharafini himoya qilgan. U Osiyo kubogida “A” kvarteti vakillari orasida eng ko‘p – etti marotaba golli vaziyat yaratgan o‘yinchi bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, “V” guruhida ikkinchi o‘rinni egalladi. Srechko Katanets shogirdlari ilk uchrashuvda kutilmaganda suriyaliklar darvozasini ishg‘ol qila olmadi va ochko bo‘lishga majbur bo‘ldi. Keyingi turda Hindiston 3:0 hisobida tor-mor etildi. Gollarga Abbosbek Fayzullaev, Igor Sergeev va Sherzod Nasrullaev mualliflik qildi.
Terma jamoamiz futbolchilari so‘nggi turda Avstraliyadan ochko tortib oldi. Azizbek Turg‘unboev urgan gol bizga bir ochko keltirdi.
Nimchorak finalda Tojikiston va Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi o‘rtasidagi nimchorak final 28 yanvar kuni bo‘ladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi tailandliklar bilan 30 yanvar kuni kuch sinashadi.
O‘zbekiston “qora an’ana”ga chek qo‘ydi yoxud Qatardagi rekordlar, sensatsiyalar va faktlar
Fikrlar