
Osiyo kubogi. Amaldagi chempion Qatar ilk o‘yinida qanday taassurot qoldirdi?
18-bor o‘tkazilayotgan Osiyo kubogining ochilish o‘yinida Qatar va Livan terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Uchrashuvni ko‘rmagan odam Markes shogirdlarining katta ustunlik bilan g‘alaba qozonganligini taxmin qilishi mumkin, lekin bu murabbiy bilan jamoa uzoqqa bora olmasligi kechagi bahsda ma’lum bo‘lgandek. Quyida sabablar bilan tanishamiz.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida mezbonlar ko‘p ham oldinga o‘ta olgani yo‘q, chunki Livan ancha yaxshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Avtobus qo‘yishi kutilgan Radulovich bahs boshidan jamoasi havliroqligini ko‘rsata oldi. Ayniqsa, uning shogirdlari pressingda ajoyib ishladi va vaqti - vaqti bilan hujum tashkil qilishga ulgurdi. Shu bilan birga, qatarlik himoyachilarni ham xato qilishga majbur qila oldi va himoyada ham tartibli futbol ko‘rsatayotgandi. Ammo daraja baribir o‘z so‘zini aytdi. Livanliklar hatto bir-biriga to‘p uzatishga qiynaldi. Statistikaga e’tibor bersak, jamoa o‘yinchilari birinchi bo‘limda atigi 57 marta pas berdi va shundan deyarli yarimi noaniq. Qatar esa 9 ta zarba bergan bo‘lsa-da, hali ham hisobni ocholmayotgandi. 45-daqiqaga kelibgina Afif raqiblarining jarima maydonchasidagi palapartishlikdan foydalanib ketdi va turnirdagi ilk golni urdi.
Ikkinchi bo‘limda esa Qatar o‘ziga kelib oldi. Birinchi taym so‘nggida urilgan gol Markes shogirdlarini biroz tinchlantirganga o‘xshadi va bir-biriga pas berishda qiynalayotgan Livan futbolchilariga qarshi ular erkinroq o‘ynashni boshladi. 56-daqiqada mezbonlar ajoyib kombinatsiya uyushtirdi va Almoz Ali boshi bilan darvozani ishg‘ol qildi. Unga qanotdan to‘pni uzatgan Muhammad Vaadni ham alohida ta’kidlash kerak. Dastlab, to‘p nazorati uchun harakat qilayotgan Qatar ikkinchi taymda raqibiga ham nazoratni topshirib turgan paytlar bo‘ldi va livanliklar yana yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ammo bahsda 5 ta seyv qilgan Mishel Barsham o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Afif super reydi bilan livanlik himoyachilardan o‘tib ketib, dublni rasmiylashtirdi.
Garchi Qatar 3 ta gol urgan bo‘lsa-da jamoa uchun bu o‘yin qiyin o‘tdi. Ammo bu birinchi uchrashuv bo‘lgani uchun futbolchilar orasida biroz hayajon bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Bunisini keyingi uchrashuvlarda bilib olamiz. Jamoani 2-turda Tojikistonga qarshi bahs kutib turibdi. Undan keyin Xitoy bilan to‘qnash keladigan mezbonlar guruh bosqichida o‘ziga kelib olmasa, bir-biriga to‘p uzatishda qiynalmaydigan jamoalarga qarshi mag‘lubiyatga uchrashi mumkin.
Uchrashuv statikasi:
Qatar - Livan
Zarbalar: 16-9
Ko‘kka sovurilgan vaziyatlar: 0-1
Paslar: 400(82%) - 219(71%)
Podkatlar: 7(41%) - 15(88%)
Bloklar: 2-7
Sariq kartochkalar: 2-2
Fikrlar