
“Osiyo bolalari” VII sport o‘yinlarida qatnashadigan delegatsiyamizni tantanali kuzatish marosimi o‘tkazildi
Joriy yil 27 iyul – 8 avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida 14-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida "Osiyo bolalari" VII sport o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bugun Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida unda ishtirok etadigan delegatsiyamizni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Kamil Bayazitov, vazir o‘rinbosarlari Shahrullo Mahmudov va Murodjon Ismoilov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov, o‘zbek sportining taniqli vakillari, yosh atletlarimizning ota-onalari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Marosimni ochib bergan Adham Ikramov o‘zbek sportining kelajagi hisoblanmish yangi avlod vakillariga omad va zafarlar tilab qoldi. Shundan so‘ng vazir delegatsiyamiz bayroqdori, boks bo‘yicha Osiyo chempioni, umidli sportchimiz Temur Abduvahobovga O‘zbekiston bayrog‘ini tantanali ravishda topshirdi. O‘z navbatida, yosh sportchimiz tengqurlari nomidan bo‘lajak musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga va’da berdi.
Shuningdek, rasmiy kuzatish marosimida taekvondo bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashitov, Rio-2016 Olimpiadasi sovrindori, professional boks bo‘yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliev, sportchilarning ota-onalari ham so‘zga chiqib, yoshlarimizga bo‘lajak musobaqada omad tilashdi.
Ma’lumot uchun, "Osiyo bolalari" xalqaro sport o‘yinlari Osiyo Olimpiya Kengashi tashabbusi bilan har 4 yilda bir marotaba o‘tkazib kelinadi. O‘zbekiston delegatsiyasi unda ilk bor 2008 yilda ishtirok etgan. Bu galgi musobaqada jamoamiz 174 nafar (101 nafar o‘g‘il bola, 73 nafar qiz) atlet bilan sportning 17 ta turida qatnashadi.
MOQ matbuot xizmati
Fikrlar