
O‘runov masalasi cho‘zilib ketdi. U nega boshqa jamoaga o‘tmayapti? Transfer xronologiyasi
Transfer mavsumi boshlanishi bilan Oston O‘runov atrofida xabarlar ko‘paya boshladi. Uni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan klublar soni talaygina. Shu bois hamyurtimizning transfer xronologiyasini havola qilamiz.
Hamyurtimiz o‘tgan mavsumni ijara asosida “Ufa”da o‘tkazdi. Boshqirdistonliklar premer-ligadan tushib ketdi. Bu orada O‘runov moskvaliklar safiga qaytdi.
Yozgi transferlar bozori ochilishi bilan O‘runov oldida premer-liga jamoalaridan variantlar bor edi.
Rossiya premer-ligasida o‘z o‘rnini saqlab qolgan “Ximki” klubi kelasi mavsum oldidan tarkibini kuchaytirish uchun O‘runovga og‘iz soldi. Bu klub hamyurtimizni “Spartak”dan ijaraga olishga ham, agar moskvaliklar shartnomani bekor qilsa, to‘liq transfer qilishga ham tayyor.
“Ximki” O‘runov transferi masalasida bergan bayonoti borasida qisqacha: - O‘runovga qiziqayotganimizning fakti sifatida kengaytirilgan ro‘yxatda uning nomi borligi ko‘rsatilmoqda. Lekin futbolchining nomi 100 nafar o‘yinchi kiritilgan qog‘ozda aks etgani hali hech narsadan darak bermaydi.
Oston O‘runov transferida tub burilish. Hamyurtimizga yangi xaridor chiqdi
Rossiya chempionatining quyi ligasi – Milliy futbol ligasida g‘olib chiqib, elitaga qo‘shilgan Moskvaning “Torpedo” klubi o‘zbek futbolchisini poytaxtda olib qolmoqchi.
“Torpedo” kelasi mavsum premer-ligada qolish uchun kurashadi. Shu bois, tarkibini sezilarli darajada kuchaytirishi talab etiladi. Bu klub birinchilardan bo‘lib, O‘runovning “Spartak”dan ijarasini gaplashib ko‘rdi. Ayrim manbalarda da’vogarlar orasida "Torpedo" favorit ekanligi aytilgandi. Ammo xaridor Ostonning “Spartak”dagi shartnoma bo‘yicha olayotgan maoshini bera olmaydi.
Bu orada Ostonga Koreyaning "Jonbuk Motors" klubi qiziqish bildirgandi…
Metaratings.ru nashri “Spartak” futbolchisi Oston O‘runov tez orada O‘zbekiston chempionatiga qaytishi mumkinligini yozdi.
O‘runovga ayni damda O‘zbekiston chempionati peshqadami bo‘lib turgan “Navbahor” qiziqish bildirmoqda. Muzokaralar O‘runovning maoshini kamaytirishga tayyor emasligi bilan murakkablashdi. Shu bilan birga, "Spartak" Ostonni sotmoqchi.
Qizig‘i, O‘runovga “Navbahor” avvalroq ham “og‘iz solgan”. “Lochinlar”ning Ostonga qiziqishi ilk bor bir necha oy oldin, u hali “Ufa” safida pley-off bosqichida o‘ynab yurgan paytda ma’lum bo‘lgandi.
Metaratings.ru shuni qo‘shimcha qildiki, O‘runovga "Navbahor" uning maoshini 6 barobarga kamaytirgan holda berishga tayyorligini yozdi. Ya’ni, hamyurtimiz "Spartak" klubida yiliga 600 ming evro maosh olgan. Namanganliklar esa unga yiliga 100 ming evro maosh berishga tayyorligini bildirgan. Ammo Oston ijaraga ketgan taqdirda ham maoshi qisqartirilishini istamayapti.
Oston O‘runovni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan klublar uchun muhim ma’lumot
Qiziq tomoni, Ostonga “Navbahor”ning qiziqayotgani borasidagi xabarlarga namanganliklar matbuot xizmati munosabat bildirib, u “lochinlar” rejasiga kirmasligini bildirdi.
- Rossiyada o‘ynayotgan Oston O‘runovning “Navbahor”ga kelishi borasidagi gap-so‘zlar mish-mishdan o‘zga narsa emas. Klub rahbariyati va murabbiylar shtabi O‘runov bilan hech qanday muzokara olib bormagan va uni “Navbahor”ga taklif etish rejada ham yo‘q.
Shuningdek, Oston O‘runov SPORTS.uz saytidagi "Gapiraman" loyihasida "Navbahor"ga qaytish – ortga tashlangan qadam” deya fikr bildirgandi.
– Samvel Babayan jamoaga kelganidan keyin, mening Namanganga qaytishim haqida gap-so‘zlar chiqib ketdi. Hech kimni hafa qilmoqchi emasman, lekin niyatim faoliyatimni oxirigacha xorijda yuqori saviyada o‘ynash. "Navbahor"ga keladigan bo‘lsak, qaytish ortga tashlangan qadam bo‘ladi. Maqsadim, mamlakatimizni dunyoga tanitib, terma jamoaga qo‘ldan kelgancha yordam berishni istayman.
Metaratings.ru nashrining oxirgi xabariga ko‘ra, Ostonga yangi xaridor chiqqan. Vakilimizga Eronning "Istiqlol" klubi qiziqib qolgan. Eronliklar O‘runovni transfer qilishni istaydi. Ammo bu klub ham unga "Spartak"da oladigan maoshni to‘lay olmaydi.
Hamyurtimizni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan klublar etarli. Ammo vakilimizning maoshi ularning oyog‘idan chalib qolmoqda.
“Spartak” O‘runovga shartnoma bo‘yicha yiliga 600 ming evro to‘laydi. Bu summa Rossiya miqyosida ham katta maosh hisoblanadi. O‘runovni olmoqchi bo‘layotgan jamoalar uning maoshini bir qismini “Spartak” to‘lashidan umidvor. Biroq moskvaliklar Ostonni ijiraga berib, maoshini qolgan qismini to‘lashni xohlamaydi. Shuning uchun “Spartak” O‘runovni tezroq sotmoqchi.
Voqealar rivojini SPORTS.uz saytida kuzatib boring!
Bekzod ISAEV tayyorladi
Fikrlar
Янгиликмас роман бу́пти, у́зиям. Сал кискарок ёзиш керак, 2-3 та абзац