
O‘runovni Osiyo chempionatiga olib ketmagan Drulovich uning "Spartak"ka o‘tishini o‘zbek futboli uchun muhim voqea sifatida baholamoqda
Oxirgi paytlarda Oston O‘runov barchaning diqqat-markazida bo‘lib turibdi. Faoliyatini “Ufa” klubida boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan hamyurtimiz qisqa fursat ichida o‘yiniga shu darajada sayqal bera oldiki, yakunda u “Ufa”ning muhim futbolchilaridan biriga aylandi-qoldi.
Eng qizig‘i esa, O‘runov darhol boshqalarning qiziqishini uyg‘ota oldi. Bungacha ham biz Ostonning iqtidori haqida bilardik. Mana, endi rossiyaliklar ham hamyurtimizning o‘yiniga yuqori baho berishayotgani quvonarli, albatta. Ayniqsa, uning “Spartak” jamoasiga o‘tishi kutilayotgani ko‘p narsadan darak beradi. To‘p bilan juda yaxshi muomala qila oladigan, maydonda erkinlik asosida qo‘rqmasdan o‘ynashni yoqtiradi va jamoasining o‘yinini belgilab berishda ham muhim ijrochi sanaladi. “Spartak”ning Ostonga jiddiy qiziqayotgani ham bejiz emas. O‘runov va “Spartak” to‘g‘risida saytimiz orqali o‘quvchilarimizga eng so‘nggi xabarlarni berib borayotganimiz uchun voqealar rivoji qanday tus olayotganini endi ko‘pchilik yaxshi biladi. Muhimi, Ostonning tajribasi o‘sib boryapti.
Oston O‘runov misolida biz o‘zbek futbolining bo‘lajak yulduzini ko‘rayotgandekmiz. 2000 yilda tavallud topgan ushbu yigit uchun hali hammasi oldinda va u endigina katta futbolning ostonasida desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ammo bizni xursand qiladigani shuki, O‘runov o‘z yoshiga nisbatan ancha dadil rivojlanib boryapti. Terma jamoamizda esa Odil Ahmedovdan keyin etakchilikni o‘z qo‘liga olsa ham ajab emas.
O‘z vaqtida Ostonni O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasidagi o‘yinlarini ko‘rib, uning imkoniyatlari katta ekanligini payqash qiyin bo‘lmagandi. Ya’ni, uning futbolchi sifatida o‘sishi aslida yangilik emasdi. U qaerda bo‘lsa ham o‘zidagi bor iqtidorini ko‘rsatishga odatlangan.
Lekin Oston O‘runov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida ishtirok etishdan mahrum etilganini hamma biladi. Ayniqsa, o‘shanda terma jamoamiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagach, sobiq bosh murabbiy Lyubinko Drulovich Oston O‘runovni tarkibga jalb qilmagani sababli keskin tanqidga uchragandi. Yodingizda bo‘lsa, Drulovich O‘runovni terma jamoaga jalb qilmaganini uning o‘rnida o‘ynaydigan 4-5 nafar yaxshi darajadagi yarim himoyachilar borligini va 23 talik ro‘yxatdan eng iqtidorli o‘yinchilar joy olganini aytgandi. Bu bilan Drulovich O‘runovga unchalik extiyoj sezmagandek bo‘lgandi.
Shuningdek, odamlar orasida serbiyalik mutaxassisga O‘runovning xarakteri yoqmaganli haqida ham gap-so‘zlar yo‘q emasdi. Xullas, o‘sha voqeadan olti oy vaqt o‘tdi. Xo‘sh, endi kim qaerda? Drulovich uyida, O‘runov esa Rossiya premer-ligasida o‘sishda davom etyapti. To‘g‘ri, har bir murabbiy futbolga o‘z qarashidan kelib chiqqan holda jamoani shakllantiradi.
Oston Rossiyaga ko‘chib o‘tgach, uning o‘yinlarini kuzatayotganlar auditoriyasi yanada kengaydi. O‘sha Osiyo chempionatiga olib ketmagan Drulovich ham O‘runovni kuzatib borayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki uning o‘zi ham baribir Ostonning iqtidorini yaxshi bilardi. Ayni paytda esa O‘runovning yangi klubga o‘tishi kutilayotgani balki serbiyalik murabbiyning e’tiborini ham o‘ziga qaratayotgandir. Lyubinko Drulovich bilan esa doimiy ravishda aloqani saqlab qolganimizdan foydalangan holda undan bugungi kunda Oston O‘runov atrofida yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirishini so‘radik. O‘z o‘rnida terma jamoamizning sobiq ustozi bu boradagi fikrlarini quyidagicha bildirdi:
- U ajoyib, iqtidorli, individual tomondan yaxshi va yosh o‘yinchi. Taktik tarafdan esa o‘sishi kerak. Ammo Rossiyada o‘ynash unga bu borada yordam beradi. Shuni bemalol aytish mumkinki, Oston hozirning o‘zida yaxshi klubda o‘ynayapti, lekin “Spartak”dek katta klubga o‘tish u va o‘zbek futboli uchun muhim voqea bo‘ladi. Agarda bor diqqatini jamlay olsa muvaffaqiyatli “karera” qila olishiga ishonaman. O‘runovga eng yaxshi tilaklarni bildiraman, - deya munosabat bildirdi, Drulovich.
Fikrlar