
O‘runovni muhim o‘yinda kutishmoqda!
Rossiya premer-ligasida qolish uchun kurashayotgan “Ufa” 27-tur uchrashuvini o‘z maydonida “Sochi”ga qarshi o‘tkazadi.
Yaqinda yangi bosh murabbiy Aleksey Stukalov qo‘l ostida Moskvada “Spartak” jamoasini qaqshatqich zarba bilan mag‘lubiyatga uchratgan ufliklar premer-ligada qolish uchun katta qadam tashladi. Moskvada 3:0 hisobida zafar quchgan bu jamoa xavfli hududdan chiqib, 14-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Jon saqlab qolish masalasida ufaliklar bilan raqobatlashayotgan autsayderlar 27-turda mag‘lubiyat qayd etgani ham Oston O‘runov jamoasiga qo‘l kelishi aniq. Xususan, “Ufa”dan bir pog‘ona pastda turgan “Rotor” bu turda “Zenit”dan javobsiz oltita gol o‘tkazdi.
Jasur Jaloliddinovga egalik qilgan ikki jamoa – “Tambov” va “Lokomotiv”ning o‘zaro bahsida tambovliklar 2:5 hisobida mag‘lubiyatini tan oldi va musobaqa jadvalida oxirgi pog‘onada qolib ketdi.
“Ufa”ga raqiblik qiladigan “Sochi” joriy mavsumda Evrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Hozircha, 43 ochko bilan ettinchi pog‘onada qayd etilgan sochiliklar agarda Ufadan g‘alaba bilan qaytadigan bo‘lsa, o‘zidan yuqorida turgan birdaniga uch jamoa – “Rubin”, TsSKA va “Dinamo” bilan ochkolarini tenglashtirib oladi.
Agar bu bahsda mezbonlarning qo‘li baland kelsa, ochkolar 23 taga etib, premer-ligada qolish masalasida muhim qadam tashlangan bo‘ladi.
Umuman olganda, “Ufa” va “Sochi” futbolchilari o‘zaro besh marta to‘qnash kelgan. Premer-liga doirasidagi uchta uchrashuvda kuchlar teng kelgan. Milliy futbol ligasida tomonlar bittadan g‘alabani nishonlagan.
Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masala yaqinda jarohat olib, safdan chiqqan Oston O‘runovning ushbu bahsda qatnashish imkoniyati qanday ekanidir. Legionerimiz avvalgi turda o‘zi kutgan “Spartak”ga qarshi bellashuvda ham maydonga tusha olmadi.
Xo‘sh, Oston “Sochi”ga qarshi o‘ynaydimi?
Bu masalaga ufaliklar bosh direktori Shamil Gazizov oydinlik kiritdi.
- O‘runov o‘zini qanday his qilyapti? Juda yaxshi, hammasi joyida. Umumiy guruhda mashg‘ulot o‘tamoqda. Bo‘lajak bellashuvda qatnashishini murabbiylar shtabi hal qiladi. “Sochi”ga qarshi maydonga tushish imkoniyati katta, - dedi Shamil Gazizov.
Oston O‘runov aslida “Spartak” futbolchisi hisoblanadi. Moskvaliklar uni mavsum oxirigacha ijaraga bergan. Biroq, “Ufa” klubida o‘zbekistonlik futbolchini chempionat yakunlangach, to‘liq transfer qilish huquqi bor. Buning uchun ular poytaxt klubiga 3 million evro to‘lashi kerak bo‘ladi. Shamil Gazizov Oston O‘runovni klubda olib qolish masalasini mavsum oxirida hal qilishini bildirgan.
O‘runov joriy mavsumda “Spartak” va “Ufa” tarkibida barcha turnirlarda jami 16 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasiga bitta gol urdi va bitta golli pas berdi.
“Ufa” va “Sochi” uchrashuvi 25 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 16:00 da boshlanadi.
Fikrlar