
O‘runov “Spartak”ga qaytmoqda. Endi nima bo‘ladi?
Rossiya premer-ligasidagi yagona vakilimiz – Oston O‘runov uchun joriy mavsum muvaffaqiyatli o‘tdi, deya olmaymiz. Aslida Oston mavsum boshlanishidan oldin o‘zi orzu qilgan shartnomaga ega bo‘lgan edi.
O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini “Ufa”da yuqori saviyada o‘tkazgan o‘zbekistonlik yarim himoyachi o‘ziga xaridor bo‘lgan Rossiya grandlari orasidan “Spartak”ni tanladi. Albatta, hamyurtimizning bu qaroriga uni Rossiya futboliga olib kirgan Shamil Gazizovning ta’siri katta bo‘lgan.
Qizig‘i shundaki, oxiriga borib, O‘runovning xizmatlari Gazizovga ham kerak bo‘lmay qolgan ko‘rinadi.
Hammasiga bir boshdan oydinlik kiritamiz.
O‘runov mavsumning birinchi yarmida “Spartak”da o‘z o‘rni uchun kurashdi, lekin buni uddalay olmadi. Rossiya kubogida bitta o‘yinda bitta gol urdi, premer-ligada sakkiz marta maydonga tushib, o‘zini ko‘rsata olmadi. Balki bunga aksariyat uchrashuvlarda bir necha daqiqa o‘ynagani sababdir.
Bosh direktor lavozimida ishlagan Shamil Gazizovning xizmatlaridan voz kechgan “Spartak” rahbariyati uning ortidan Moskvaga kelgan Oston O‘runovni ham jamoadan ketkazdi. Qishki transferlar vaqtida o‘zbek futbolchisini so‘ragan “Rubin”dan olti million evro talab qilib, bu transferni yo‘qqa chiqargan “Spartak” xo‘jayinlari qishda Ostonni “Ufa”ga ijaraga berdi va mavsum oxirida 3 million evroga sotib olish huquqini taqdim qildi.
Ko‘pchilik muxlisu mutaxassislar Oston O‘runov “Ufa”da yana porlashini kutgandi. Shunga yarasha hamyurtimiz ham dastlabki bahslarda ancha faol harakat qildi. Lekin qisqa fursat ichida bir necha marotaba shikastlanib, o‘z darajasiga ko‘tarila olmadi. Hatto, chempionatning oxirgi o‘yinida ham 22-daqiqada jarohat tufayli maydonni erta tark etishga majbur bo‘ldi.
Umuman olganda, O‘runov ufaliklar safida premer-ligada sakkizta, mamlakat kubogida ikkita o‘yin o‘tkazib, aytarli natija qayd etgani yo‘q.
O‘runovning transferini mavsum yakunlangach hal qilishini aytgan Shamil Gazizov futbolchi ijara shartnomasi tugagani uchun “Spartak”ga qaytarilishini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga qaraganda, tomonlar transfer bo‘yicha kelisha olmayapti. Moskvaliklar so‘rayotgan 3 million evro “Ufa”ga qimmatlik qilmoqda. Ufaliklar Oston uchun shu summaning uchdan birini to‘lashga tayyor.
- O‘runov masalasida yangilik yo‘q, muzokaralar ko‘ngildagidek ketmayapti, - dedi Shamil Gazizov jurnalistlar bilan suhbatda.
- Oston endi nima qiladi?
- “Spartak”ga qaytadi.
- Siz muzokaralarni davom ettiryapsizku...
- Buyog‘iga nima bo‘lishini kutamiz.
Ko‘rinib turibdiki, Oston O‘runovning kelajagi hamon mavhumligicha qolmoqda. U “Spartak”ga qaytadi. Endi ko‘p narsa “Spartak”ni qabul qilib oladigan yangi bosh murabbiyga bog‘liq bo‘ladi. O‘runovga etarlicha imkon va vaqt berishini ta’kidlab kelgan va amalda so‘zini ustidan chiqmagan Domeniko Tedeskoning “Spartak”dagi faoliyati yakunlandi. U o‘zi va’da qilganidek moskvaliklarni chempionga aylantira olmadi va jamoa ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Endi “Spartak”ga keladigan yangi bosh murabbiy va u tashkil qiladigan murabbiylar shtabi jamoadagi barcha o‘yinchilarning imkoniyatlarini o‘rganib chiqadi. Balki, yangi mutaxassis Oston O‘runovning ham hech kim ilg‘amagan ustunliklarini ko‘ra olar...
Bu yog‘iga nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Oston esa, yaqinda boshlanadigan 2022 yilgi jahon chempionati va 2023 yilgi Osiyo kubogining qo‘shma saralash turnirida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini munosib himoya qilishi kerak.
Fikrlar