
O‘runov jamoasiz qolganining haqiqati ochildi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasining navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etayotgan futbolchilar orasida faqat Oston O‘runovning jamoasi yo‘q.
Universal o‘yinchining klublar miqyosidagi faoliyatida muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan bo‘lsa-da, mamlakatimiz bosh jamoasi murabbiy Srechko Katanets 21 yoshli futboliga ishonch bildirishda davom etmoqda.
- Klubsiz yurgan futbolchisini terma jamoaga jalb qilish juda kam uchraydigan holat. Lekin O‘runov juda katta salohiyatga va menga kerak bo‘lgan qobiliyat hamda sifatlarga ega. Oston maydon markazidan va qanotlardan hujum tashkil qila oladi. Uning universalligi katta yutuq, shuning uchun optimal darajada tayyor bo‘lmasa ham O‘runovni o‘rtoqlik uchrashuvlariga jalb qildim, - dedi Srechko Katanets.
Oston O‘runov “Spartak”dagi muammolar tufayli poytaxtliklar bilan 2025 yilgacha imzolangan shartnomani bekor qilganidan keyin “Ural” safiga ko‘chib o‘tgandi.
Lekin oradan ikki oy o‘tmasdan, legionerimiz Ekaterinburg klubi bilan ham kelishuvni bekor qildi. Bunga jamoa bosh murabbiyi Viktor Goncharenko bilan kelishmovchilik kelib chiqqani sabab bo‘lgani aytildi. Ziddiyat O‘runov o‘ziga kam o‘yin amaliyoti berilayotganidan norozilik bildirganidan keyin sodir bo‘ldi.
Rossiya milliy terma jamoasi futbolchilarimiz bilan Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishini inobatga olgan rus jurnalistlari “Ural” prezidenti Grigoriy Ivanovdan Oston O‘runov haqida ham so‘radi.
Suhbat quyidagicha bo‘ldi:
- O‘runov nega “Ural”da uzoq vaqt qolmadi? Goncharenko bilan ziddiyat bo‘lganini yozishgandi...
- Hech qanday mojaro bo‘lmagan. Futbolchi “o‘zining jamoasi emas ekan”, degan tushuncha bor. Oston o‘zi istagandek jamoaga bormagan ekan. “Ural”da o‘zligini topolmadi. Xayrlashishga kelishdik.
- Mashg‘ulotlarda ter to‘kmadimi?
- Hozir hamma narsani ochib tashlamayman. O‘zaro shunaqa kelishuv qilganmiz. Yaxshi munosabatlar bilan xayrlashdik.
Oston O‘runov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yurtimizda “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalari sharafini himoya qilgan.
2020 yilning boshida Rossiya premer-ligasiga ko‘chib o‘tib, Boshqirdistonning “Ufa” jamoasi safiga qo‘shildi. Yarim mavsum yuqori saviyada o‘ynagan yarim himoyachi bir necha klublardan taklif olgan bo‘lsa-da, ayrim sabablarga ko‘ra, “Spartak” bilan shartnoma imzolashiga to‘g‘ri keldi.
Keyinchalik O‘runov ikki marotaba ijara asosida “Ufa”da to‘p tepdi. Biroq, bu jamoa quyi ligaga tushib ketganidan keyin futbolchimiz “Spartak”ga qaytdi va oradan ozgina vaqt o‘tib, moskvaliklar bilan xayrlashdi.
Shundan so‘ng, "Ural" jamoasi a’zosiga aylangan O‘runov atigi uchta o‘yinda ko‘rinish berdi xolos.
Hozir O‘runov jamoasiz. O‘zbekiston terma jamoasida sakkizta uchrashuvda qatnashib, Maldiv orollari va Kamerun darvozasiga bittadan to‘p kiritgan.
Fikrlar