
O‘runov 1, G‘iyosov 3, Cheran 6-o‘rinda yoxud Superliga 7-turidagi TOP-10 gollar (Video)
21 – 24 aprel kunlari Superligada 7-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
“Surxon” “Nasaf”ning alamini oldi. “Bunyodkor” 7-turga kelib mag‘lubiyatga uchradi. “Neftchi” oxirgi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi. “So‘g‘diyona” ko‘plab hujumlarning faqatgina bittasidan foydalandi. OKMK birinchi golni urdi. Biroq “Paxtakor” kambek qildi. “Navbahor” vodiy derbisida ishonchli hisobda zafar quchdi. Shu bilan birga “lochinlar” bu mavsum safardagi ilk g‘alabasiga erishdi. “Andijon” kutilmaganda “Metallurg” darvozasini 5 bor ishg‘ol etdi. “Nasaf” Qarshida “Olimpik”ga imkoniyat qoldirmadi.
Endi esa ushbu turda kiritilgan eng chiroyli gollarni taqdim etamiz.
10-o‘rin.
Futbolda omad juda muhim. Ayniqsa hujumchi uchun. Izzatilla Abdullaev maydonga tushdiyu oradan 14 soniya o‘tib, darvozani ishg‘ol qilmoqda. Bu murabbiyning futbolchi almashtirishdagi topqirligi. Ammo yakunda “Neftchi” g‘alabani ushlab qola olmadi.
9-o‘rin.
9-o‘rinda ham “Neftchi” vakili. Farg‘onaliklar ushbu bahsdagi birinchi golni ham chiroyli tarzda urishdi. “Buxoro” posboni to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Natijada Ulug‘bek Hoshimov darvozabonsiz qolgan darvozaga bosh bilan gol urdi. Himoyachilar har qancha harakat qilmasin, zarbani bartaraf eta olmadi.
8-o‘rin.
Andijonlik muxlislar Rubin Hebayga katta umid bog‘lagan. Legioner hujumchi ham ularning ishonchini oqlashga urinmoqda. Hebay “Metallurg”ga qarshi o‘yinda xet-trik qildi. Futbolchining birinchi goli esa 8-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, Xebay to‘pga oxirigacha intildi, yiqilganda ham hakamdan penalti so‘ramadi, o‘rnidan turdiyu to‘pni to‘rga yo‘lladi.
7-o‘rin.
Husniddin Aliqulov “Nasaf”ning haloskori. Qarshiliklarning bu mavsumdagi g‘alaba keltiradigan gollariga mualliflik qilyapti. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, dublga erishdi. Odatda himoyachilar havolatib berilgan uzatmalardan samarali foydalanadi. Aliqulov ham shunday futbolchi. Lima bilan Husniddinning pozitsiyasini almashtirib qo‘yilsa, Aliqulov to‘purarlar bahsida Cherandan o‘tib ketishi mumkin. Hozir Husniddin aynan Dragandan ortda qolmoqda xolos.
6-o‘rin.
Cheranni gollar o‘nligiga qo‘shmasa bo‘lmaydi. U golni noziklik bilan uradiki, oddiy tarzda darvozani ishg‘ol qilmaydi. Dragan boshi bilan to‘pni posbonning bo‘yidan parashut qilib tashlab qo‘ydi. Cheranda ham Ronalduda bo‘lgani kabi golni his qilish qobiliyati bor. Gol urayotgan vaziyatini ko‘ring, balki Krishtianuning harakatlari yodingizga tushar. (qarang aaa prikol qo‘yiladi)
5-o‘rin.
“Surxon” chempionatning quvnoq jamoasiga aylanib bormoqda. Termizliklar mag‘lubiyatsiz odimlayotgan “Bunyodkor”ni to‘xtatdi. Birgina gol uchrashuv taqdirini hal etdi. “Qaldirg‘ochlar” posboni ikki bor to‘pni qaytardi. Suhrob Sultonov yana nima qilsin? Asilbek Jumaev qaytgan to‘pni kuchli zarba bilan darvozaga kiritdi.
4-o‘rin.
Yana o‘sha Hebay. Hujumchi jamoasining chiroyli kombinatsiyasini muvaffaqiyatli yakunladi. To‘g‘riroq qilib aytganda, Ilhom Abdug‘aniev va Abdurahmon Komilov kirita olmagan to‘pni darvozaga qiyinchiliksiz joylab qo‘ydi. Kombinatsiyaga shunchaki 5 baho qo‘ysa arziydi.
3-o‘rin.
Hurshid G‘iyosov kam gol uradi. Lekin uning harakatlarida joziba bor. Aslidaku bu vaziyatda Hurshidnikidan ko‘ra sherigi Shohruh Gadoev to‘pgan to‘p darvozaga kirganda, kamida 2-o‘rinni band etgan bo‘lishi mumkin edi. Ammo G‘iyosov ham chiroyli tarzda gol urdi. Faqatgina hisobni birinchi bo‘lib ochgan OKMKga hech bo‘lmasa, durangni ushlab qolish nasib etmadi.
2-o‘rin.
“Andijon” bilan bahsda “Metallurg” futbolchilarini tushunib bo‘lmadi. Bekobodliklar bir-birini tushuna olmadi. Bu esa “burgutlar”ga qo‘l keldi. Suhrob Berdiev markaziy himoyachining tushunarsiz harakatidan foydalandi. “Metallurg” “Tottenxem” ro‘lida.
1-o‘rin.
Mavsum boshida Oston O‘runovni “Navbahor”da ko‘rib, biroz hayron qolgandik. Aslidaku, hali ham hayronmiz. Uning harakatlari, tezligi, driblingidan. Ancha vaqt jamoasiz qolgan futbolchi hali ham yaxshi formada ekan. Rossiya klublarida o‘rnini topa olmagan futbolchi chempionatimizga kelib, eng kuchli jamoalardan birida doimiy o‘yin amaliyoti o‘tab yurgandek taasuroot qoldirdi. Ostonning urgan goliga bahoni o‘zingiz bering. O‘runov klubsiz qolgan paytlari Srechko Katanets bejizga uni terma jamoaga jalb etmagan ekan.
Fikrlar