O‘rozov endi "Dinamo"da o‘ynamaydi yoxud turk klubi futbolchimizni qanchaga sotmoqchi?
10 dekabr kuni yurtimizda qishki transfer oynasi ochiladi. Bunday pallada futbolchilarning “bozor”i avjiga chiqadi. Jumladan, Samarqandning “Dinamo” klubida yarim mavsum to‘p surgan iqtidorli himoyachi Jahongir O‘rozov yangi mavsumda jamoasini o‘zgartiradi.
Ma’lumki, futbolchi huquqiy jihatdan Turkiyaning “Eyupspor” klubiga tegishli. Shu yilning yozida O‘rozov ijara evaziga “Dinamo” jamoasiga o‘tdi. U erda bosh murabbiy Vadim Abramov kutilganidek futbolchiga to‘liq ishonch bildirdi. Natijada Jahongir ikkinchi davrada samarqandliklar safida barcha 13 ta uchrashuvni deyarli to‘liq o‘zgarishlarsiz o‘tkazdi va 3 marta sariq kartochka bilan siylandi. Ko‘rinib turibdiki, himoyachi o‘ziga bildirilgan ishonchli oqladi.
Jahongirning “Dinamo” bilan tuzgan ijara shartnomasi yakuniga etdi. Rejaga ko‘ra, futbolchimiz yana Turkiyaga qaytib, “Eyupspor”ning mashg‘ulotlariga qo‘shiladi. Ma’lumot uchun, legionerimizning turk klubi bilan amalda yana 3,5 yillik shartnomasi bor. Tez orada o‘z jamoasi ixtyoriga qaytadi.
Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, iste’dodli himoyachini o‘z safida ko‘rishni istayotgan Superligamizning boshqa jamoalari ham bor. Lekin futbolchini transfer qilmoqchi bo‘lgan klub kamida 150 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi yoki klubi “Eyupspor” bilan ijara shartnomasini kelishishi lozim.
Bundan tashqari, Rossiya chempionatidan ikkita klub ham O‘rozovning xizmatiga qiziqish bilan qarayotgani ma’lum. Biri premer-liga vakili bo‘lsa, yana biri premer-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaqin turgan klub. Qolaversa, Turkiyaning “Ankaragyujyu” jamoasi ham hamyurtimizni o‘z safida ko‘rish istagida.
Jahongir O‘rozov bilan hamkorlik qilib kelayotgan va uning menejeri hisoblangan Shaxriyor Eshboev futbolchining keyingi taqdiri yuzasidan shunday dedi:
“Shu oyda Turkiyaga borib, “Eyupspor” vitse-prezidenti va bosh murabbiyi Arda Turan bilan futbolchining kelajagi borasida gaplashamiz. Chunki hali klubda uning qolish-qolmasligi aniq emas. Sababi, jamoaga kuchli chempionatlardan 10 dan ortiq futbolchilar keldi. Angliya, Ispaniya, Gretsiyadan nomlari mashhur bo‘lgan o‘yinchilar olib kelindi. Masalan, “Liverpul”dan, “Olimpiakos”dan kulchi futbolchilarni jalb qilishdi. Shelvi ham o‘sha erga bordi. Menimcha, hozirgi holatda raqobatga bardosh beradimi-yo‘qmi, bilmadim. Shu bois klubni mas’ul shaxslari bilan Jahongir masalasida gaplashib kelamiz”.
O‘rozov bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatamiz.



Fikrlar