
O‘rinboev: Birinchi o‘yin har doim qiyin bo‘lgan, keyingi uchrashuvdan umuman boshqa jamoani ko‘rasizlar!
Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 20 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining birinchi turida O‘zbekiston Yamanni kichik 1:0 hisobida mag‘lub qilib, 3 ochkoga ega chiqdi. Ushbu uchrashuvdan keyin turnirdagi birinchi golimizni urgan va jamoa sardori hisoblanmish Muhammadali O‘rinboev bilan "Sports.uz" kichik intervyu tashkil qildi.
Birinchi savol Yamanga qarshi uchrashuv haqida: o‘yin qanchalik sizlar kutgandek o‘tdi, o‘z rejalaringizni necha foizga o‘xshadi, deb ayta olasiz?
Assalomu Alaykum avvalambor barchaga, Yamanga qarshi o‘yin kutganimizdan ko‘ra juda og‘ir o‘tdi, deb hisoblayman. Jamoa bizga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Uchrashuv biz uchun juda yaxshi boshlandi, hisobni ochdik, murabbiyimiz bergan barcha vazifani bajarishga harakat qildik. Eng asosiysi, g‘alabaga erishdik, qolgani muhim emas. Birinchi o‘yin har doim qiyin o‘tadi. Keyingi bahsda umuman boshqa jamoa va boshqa o‘yinni ko‘rasizlar!
Sizga nisbatan juda ko‘p qo‘pollik ishlatilganini ko‘rdik, ayrim epizodlarda og‘riq bilan ham harakat qilayotgandek ko‘rindingiz. Jarohat olganingiz yo‘qmi?
Ha, bu o‘yin men uchun xam juda og‘ir o‘tdi. Biz uchun g‘alaba muhim edi. Shu sababli, borimizni berib o‘ynadik. Jarohatga kelsak, risk qilishni istamadim. Keyingi bahsga 100 foiz tayyor bo‘lishga harakat qilyapman.
Gol urdingiz va golni noodatiy tarzda nishonladingiz, buni oldindan rejalashtirganmidingiz yoki gol urilganidan keyin xayolga keldimi?
Gol nishonlashim o‘yindan oldin rejalashtirilgandi va bu uslubni "Salt Bae" (Nusret)ga nisbatan o‘ylagandim. O‘zi ko‘zoynak ishorasi bilan nishonlamoqchi edim, lekin uchrashuv oldidan hakamdan bu haqida so‘raganimda, ogohlantirishini aytgandi.
Guruhdagi asosiy raqibimiz bu Eron. 3-turda bo‘ladigan "final" haqida gapirsangiz.
O‘ylashimcha Eron bilan o‘yin juda qiziqarli, gollarga boy bo‘ladi. Hozir Indoneziyaga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Menimcha, ikkinchi turda g‘alaba qozonsak, pley-offga chiqish imkoniyatimiz ko‘payadi.
Fikrlar