
O‘rgan, Mbappe! Vinisius megashartnomaga ega bo‘ldi
“Real” rahbariyati braziliyalik legioner Vinisius Juniorni yangi shartnomaga ko‘ndirib, uni olishga urinayotgan Saudiya Arabistoni klublari yo‘lini yopib qo‘ydi.
Fichajes sayti tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, Vinisius joriy mavsum yakunlanishi bilan, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati oldidan yangi bitimni rasman imzolaydi. 2030 yilning yarmigacha mo‘ljallangan ushbu kelishuvga ko‘ra, hujumchining qo‘liga tegadigan yillik maosh 20 million evroni tashkil qiladi.
Bu summa jamoaning eng ko‘p topayotgan vakili Kilian Mbappening bazaviy maoshidan ko‘p. Qolaversa, Vinisius Juniorning natijalaridan kelib chiqib, bonuslar evaziga yillik daromadi 30 million evrogacha ko‘tarilishi belgilangan.
24 yoshli o‘yinchining agenti Frederiko Peno 2027 yilning yarmigacha tuzilgan avvalgi shartnomani uch yilga uzaytirishga qaror qildi. Bu orqali ushbu mutaxassis o‘z mijozini klubga juda uzoq muddat bog‘lanib qolishini oldini olgani aytilmoqda.
Avvalroq, Saudiya Arabistoni klublari Vinisius Junior uchun “Real”ga 300 million evro atrofida badal puli to‘lab, o‘yinchining o‘ziga besh yillik hamkorlik evaziga bir milliard evro maosh va’da qilgandi.
Fikrlar