
Olmaliqni «yondirgan» Fortes yoxud Qosimov Sekeyrani «uyg‘otib yubordi»!
SPORTS.uz hozirgina yakuniga etgan AGMK – «Lokomotiv» o‘rtasidagi uchrashuvni tahlil qiladi.
Murabbiylar dueli:
Mirjalol Qosimov bir qadam oldinda bo‘ldi
Uchrashuv avvalida tomonlar deyarli bir xil tarkib va kuchga ega edi. Toshkent klubida mavsum boshida 5 futbolchi bilan shartnoma imzolagan bo‘lsa, AGMKda 6 ta yangi nom qaydnomaga kiritildi. Qosimov o‘z uslubiga sodiq qolgan holda o‘yin sxemasini o‘zgartirgani yo‘q: 4-2-3-1 o‘z kuchida qoldi. 4 ta to‘p bilan kamroq muomalada bo‘lishi shart bo‘lgan himoyachi, 2 ta tayanch yarim himoyachisi, qanotlarda tezkor yarim himoyachilar, hujumchi ortidagi pleymeyker va forvard! Qosimov bir necha yillardan beri shu sxemaga sodiq qolmoqda. Bugungi o‘yinda ham hech narsa o‘zgargani yo‘q, ammo kichik bonusga ko‘zimiz tushdi. Jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushgan Sanjar Tursunov markazda to‘p surdi. Uni qanotda harakat qilishiga o‘rganib qolgan edik. Bugungi o‘yinda Sanjar markazda ham ijobiy taassurot qoldirdi. Shuningdek, Mirjalol Qo‘shoqovich tanlagan legioner – Elvin Fortes effektini ham alohida qayd etish joiz.
Niderlandiyalik futbolchi butun o‘yin davomida qolganlardan ajralib turishni uddaladi. Tezkor, texnikasi kuchli, o‘yinni o‘qiy oladigan ijrochi bu mavsum Superligani «yondirishi» aniq. Bugungi bahsda Toshmatov – Fortes tandem qanotda «konchilar»ga ustunlikni ta’minlab berdi. Shuningdek, Qosimov bor e’tiborini o‘yin tempini boshqarishga qaratdi. Mutaxassis shu yo‘sinda kuchni to‘g‘ri taqsimlab "ekonom" rejimda g‘alaba qozonishni reja qilgan edi.
Sekeyra xato qildi
Toshkent klubi mavsum oldidan xorijlik mutaxassisni ishga taklif qilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, ko‘pchilik «temiryo‘lchilar»ni chempionlik uchun asosiy da’vogar, deb hisoblay boshladi. Boz ustiga, tarkibga yangi va kuchli futbolchilar jalb etildi. «Lokomotiv» o‘tgan mavsumda bronza medaliga ega chiqqani uchun jamoadan mazmunliroq to‘p surishi taxmin qilingan edi. Amalda hammasi o‘zgacha ko‘rinish oldi. Portugaliyalik mutaxassis 4-5-1 sxemasiga murojaat etdi. Asosiy urg‘uni maydon markaziga tashlagan murabbiy imkon boricha to‘pni pastda ushlab turishga ko‘rsatma berdi. Hujumni o‘z jarima maydonchasida boshlashga, to‘p nazoratini qo‘lga olishga katta e’tibor qaratdi.
O‘yin jarayoni
AGMK uchrashuvni agressiv boshladi. Shu bois, ilk daqiqalardayoq hisobda oldinga chiqib olishga muvaffaq bo‘ldi. Elvin yuqoridan uzatib berilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Tezkor goldan so‘ng, Qosimov shogirdlari to‘liq ikkinchi raqam bilan maydonda to‘p surishi kerak edi. «Lokomotiv» birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisobni tenglashtirdi. Sanjar Qodirqulov markazdan tashlab berilgan to‘pga darvozabondan avval etib keldi va tablodagi natijani 1:1 ga aylantirdi. Hisob tenglashgach, Mirjalol Qosimov qiyin ahvolga tushib qoldi. Sanjar Qodirqulov bilan to‘qnashib ketgan Botirali Ergashev jarohat olgani uchun zaxiraga olindi. Bundan avvalroq, Sardor Rahmonov jarohat olgani uchun Vladimir Kozakka o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan edi. Shu bois, Mirjalol Qo‘shoqovich o‘yin borishiga ta’sir ko‘rsatishi uchun atigi birgina o‘zgarishdan foydalanishi mumkin edi. Sekeyrada bunday imkoniyat 3 ta bo‘lishiga qaramay, mutaxassis bundan foydalana olmadi.
Ikkinchi bo‘limda AGMK o‘z o‘yin uslubini o‘zgartirdi. Mirjalol Qosimov mavsumdagi ilk rasmiy o‘yin bo‘lgani uchun shogirdlarining jismoniy imkoniyatlari a’lo darajada emasligini yaxshi bilar edi. Shunga qaramay, ikkinchi bo‘limda AGMK tavakkal qildi. Murabbiy asosan raqibni o‘z jarima maydonchasi atrofida kutib olish va qarshi hujumlarga qanot orqali chiqib ketishga moslashgan sxemani agressiv pressingga almashtirdi. Maydon markazidagi futbolchilar to‘p uchun kurashga ancha avval qo‘shilishni boshladi. AGMK ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirdi va tempni oshirdi. Oqibatda, Kasyan 75-daqiqada ikkinchi golni kiritdi. Golga qadar «Lokomotiv» ustozi maydon markazini kuchaytirish maqsadida ikki yarim himoyachini almashtirdi, ammo bundan hech qanday foyda bo‘lgani yo‘q. Sekeyra hujumlarga kreativlik olib kirayotgan Javohir Sidiqovni nima uchun zaxiraga olgani tushunarsiz. Portugaliyalik mutaxassis AGMK uyushtirgan bosimni engib o‘tish uchun yangi kuchlarni maydonga tashladi, ammo “konchilar”ning bosimi kuchliroq chiqdi.
O‘yin tugashiga 15 daqiqa qolgach, AGMK avtomatik ravishda o‘yin tempini pasaytirdi. Hujum ikkinchi qavatdan uzoq masofaga uzatmalar bilan tashkil etilishni boshladi. Hujumkor yarim himoyachi – Sanjar Tursunov tayanch zonasida ter to‘kdi. Olmaliqliklar to‘liqligicha o‘yinni o‘ldirishni boshlab yubordi. Bugungi bahsda nomlar, imkoniyatlar teng bo‘lishiga qaramay, tajribaliroq Qosimov Sekeyrani dog‘da qoldirdi.
O‘yin qahramoni
Barcha g‘alaba to‘pini kiritgan Kasyanga e’tibor qaratgan bo‘lsa ajab emas. Hujumchi ikkinchi qavatdagi kurashlarning deyarli 80 foizida g‘alaba qozondi, pressingda faol ishtirok etdi. U bu nomga haqli, ammo Elvin Fortes bugun yorqinroq ko‘rindi. Faoliyati davomida Niderlandiya, Finlyandiya, Qozog‘iston, Gruziya va boshqa mamlakat klublarida to‘p surgan futbolchi O‘zbekiston Superligasidagi debyutini a’lo darajada o‘tkazdi. O‘zi uchun noqulay bo‘lsada, ikkinchi qavatdan uzatilgan to‘pni darvozaga joyladi. Aynan u bugungi bahsning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lishga haqli. Shu o‘rinda yana bir quvonchli voqeaga e’tibor qaratish lozim. Og‘ir jarohatdan forig‘ bo‘lgan Javohir Sidiqov yana o‘z darajasini ko‘rsatishni boshladi. Murabbiy tomonidan erta zaxiraga olingan yarim himoyachi bir nechta reydlar uyushtirdi va avvalgi sport formasiga kirib borayotganini ko‘rsatdi. Agar shu tempda davom etsa, hademay yana terma jamoadan chaqiruv olishi hech gap emas.
Uchrashuv antiqahramoni
«Lokomotiv» markaziy himoyachilarining ikkisi ham juda yomon o‘yin o‘tkazdi. Shuningdek, tayanch zonasidagi Kaxi Maxaradze ham «e’tirof»ga loyiq, ammo o‘z debyutida omadsizlikka uchragan Sekeyrani tanlab oldik. Aynan u bugungi mag‘lubiyat uchun asosiy sababchi. Maydonda ikki teng kuchli jamoalar to‘qnash kelgan paytda, murabbiy faktori katta sahnaga chiqishi lozim. To‘g‘ri, birgina o‘yin bilan uni foydasiz murabbiyga chiqarib qo‘yish noo‘rin. Unga biroz vaqt kerak. Ichki chempionat va yangi jamoa bilan chiqishib ketish oson emas. Hozircha, u bizning nishonimizda. Umid qilamizki, tez orada u o‘ziga keladi va «Lokomotiv»ni yangi yangi darajaga olib chiqishni boshlaydi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘o‘jaev
Fikrlar