
Olimpiyachilarimiz soni yana bittaga oshdi
Yaponiyaning Tokio shahrida joriy yilning yozida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasida uzoq kutilgan birinchi litsenziya qo‘lga kiritildi, deb xabar beradi O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi Matbuot xizmati.
"Tokio-2020" Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, navoiylik Malika Hakimova Jahon kubogi hamda Osiyo kubogida muntazam ravishda ishtirok etib, jahon chempionati saralash musobaqasi yakuniy natijalariga ko‘ra, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi — FIE qaroriga binoan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziya olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash lozim, Malika Hakimova 2021 yil 21-24 mart kunlari Qozon (Rossiya) shahrida bo‘lib o‘tgan yakuniy saralash chempionatida qilichbozlikning shpaga turida ishtirok etib, o‘z shaxsiy hisobiga qimmatli ochkolar yig‘ishga erishdi. Natijada, Tokiodagi Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziya qo‘lga kiritish uchun FIE tomonidan ruxsat etilgan jahon reytingidagi ballar yig‘indisi unga etarli bo‘ldi.
Quvonarli jihati, ayollar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritilgan qilichbozlarimizning ushbu birinchi litsenziyasi qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston tarixida ilk bor qayd etildi.
Malika Hakimova Navoiy shahridagi «So‘g‘diyona» sport kompleksida 10 yoshidan qilichbozlik bilan shug‘ullana boshlagan. Uning birinchi va hozirgi murabbiyi Kudaev Ruslan. 2012 yilda Malika Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga qabul qilindi.
2013 yilda M.Hakimova kadetlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati shaxsiy bahslarida birinchi oltin medalini, 2015 yilda o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u Qozog‘istondagi xalqaro musobaqalarda ham oltin medal sohibi bo‘lgan.
2019 yilda xalqaro «Satellit» va I-Markaziy Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallagan.
Ayni paytda Malika Hakimova Tokio Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritish uchun dunyo reytingida belgilangan miqdordagi ochkolarni yig‘ishga erishdi.
Biz Malikani, shuningdek, O‘zbekiston qilichbozlik terma jamoasi va barcha qilichbozlik sporti muxlislarini "Tokio-2020" uchun qo‘lga kiritilgan birinchi litsenziya bilan tabriklaymiz.
Fikrlar