
Olimpiada sovrindori bo‘lgan besh nafar bokschimiz nega professional yo‘nalishda jang qilmagandi?
Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan barcha bokschilarimizning aksariyati professional boksda ham janglar olib borgan va ayni kunda ham o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. Biroq, bir necha yillar avval O‘tkirbek Haydarov, Rustam Saidov, Sergey Mixaylov, Bahodir Sultonov va Abbos Atoev kabi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida bronza medalini qo‘lga kiritgan yurtdoshlarimiz esa, professional yo‘nalishda birorta jang o‘tkazmagan. Bunga sabab nima bo‘lgan edi? Bu borada ushbu charmqo‘lqop ustalarining o‘zidan eshitamiz:
O‘tkirbek Haydarov:
Hozirda murabbiylik qilayotgan ushbu bokschimiz 2004 yil Afina Olimpiadasida ishtirok etib, 81 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritadi. Asosan, 75 va 81 kg vaznda harakat qilgan Haydarov jahon chempionati oltin (“Xyuston- 1999”), kumush (“Belfast-2001”) va bronza (“Bangkok-2003”) medal sohibi sanaladi.
- Bizda bir vaqtning o‘zida havaskor va professional yo‘nalishda jang olib borish imkoni bo‘lmagan. Bilasiz, bunga ruxsat berganiga ko‘p bo‘lmadi. Ehtimol, shunday bo‘lganida professionalda ham ringga ko‘tarilardim. Asosiy sabab esa, onamning rayiga qarshi bora olmaganman. Balki, bu yo‘nalishda ham faoliyat olib borganimda, yaxshi natijalar qayd eta olgan bo‘larmidim.
Rustam Saidov:
2000 yil Sidney Olimpiadasida eng og‘ir vazn toifasida ishtirok etib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan o‘rin olgan yurtdoshimiz, havaskor boksda salmoqli natijalarni qayd eta olgan. U Olimpiada sovrindori bo‘lish barobarida ikki karra Osiyo o‘yinlari (“Pusan-2002”, “Doxa-2006”) chempioni, ikki marotaba Osiyo chempioni (“Toshkent-1999”, “Ulan Bator-2007”) va bir marta vitse-chempion (“Xoshimin-2005”) bo‘lgan. 2003 yil Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida uchinchi o‘rinni ham qo‘lga kiritgan.
- Sidney Olimpiadasidan so‘ng, qo‘limda tayyor shartnoma bo‘lgan. Nyu-Jersiga yo‘l olishim kerak edi. O‘sha vaqt onam hayot bo‘lgan va Amerika Qo‘shma Shtatlariga borishimga qarshilik qilgan. Chunki, ko‘p vaqtimizni oila davrasidan uzoqda o‘tkazar edik. Shuning uchun, bag‘rida ko‘proq bo‘lishimni xohlagandi. Shu tufayli, professional boksda faoliyat yuritmaganman.
Sergey Mixaylov:
Ushbu yurtdoshimiz 2000 yilgi Sidney Olimpiadasida - 81 kg vazn toifasida ishtirok etib, bronza medal egasiga aylangan. Qolaversa, u 1997 yilgi Osiyo chempionatida kumush, 1999 yilgi Toshkent mezbonligidagi qit’a chempionatida oltin, 1997 yil Almati shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgan. 1998 va 2002 yilgi Osiyo o‘yinlarida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda, shohsupaning eng yuqori pog‘onasini band etadi.
- Birinchi navbatda o‘zimda xohish bo‘lmagan. Uzoq yillik havaskordagi faoliyatdan keyin, biroz boksdan zerikkanman. Qolaversa, o‘sha vaqtlar Ichki ishlar akademiyasida ham o‘qir edim.
Bahodir Sultonov:
2004 yil Afina Olimpiadasiga yo‘l olgan boks terma jamoamiz tarkibidan o‘rin olgan Sultonov, o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan -54 kg vazn toifasida bronza medalni qo‘lga kiritadi. Qolaversa, ikki karra (“Bangkok-2003”, “Milan-2009”) jahon chempionatining bronza medaliga ham ega chiqqan. Shu qatorda, Osiyo o‘yinlari (“Doha-2006”) chempionligini ham qo‘lga kirita olgandi.
- Aslida, o‘zimni professional boksda ham sinab ko‘rishni juda istagan edim. O‘sha vaqt Ichki ishlar tizimidagi faoliyatim tufayli, ikkisidan birini tanlash kerak bo‘lgandi. Men esa, ishni tanlaganman.
Abbos Atoev:
Buxorolik charmqo‘lqop ustasi 2012 yil London Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasidagi yagona sovrindor bo‘lgan bokschi hisoblanadi. U -75 kg vazn toifasida bronza medal sohibiga aylangan. Atoev ham sovrindor bokschilarimiz safida e’tirof etiladi. U Olimpiada sovrindori bo‘lish bilan birga ikki karra jahon chempioni (“Chikago-2007”, “Milan-2009”), Osiyo chempioni (“Ulan Bator-2007”), Osiyo o‘yinlari vitse-chempioni (“Guanchjou -2010”) hisoblanadi.
- Shunchaki o‘zimda xohish bo‘lmagan. Bokschilik faoliyatimni yakunlaganimdan so‘ng, xarbiy sohadagi ishimdan ham ketganman. O‘zimni murabbiylikka bag‘ishlab, ushbu sohada ham yaxshi natijalar qayd etishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ygandim. Shuning uchun, professional boksga qiziqishim bo‘lmagan.
Fikrlar